Maqolalar, Xabarlar

Tashabbus – 2013: Yil sarhisobi

“Tashabbus” o’z faoliyatini bundan uch yil muqaddam boshlagan edi. Guruhimiz o’z oldiga qo’ygan maqsadlariga erishish yo’lida olib borayotgan faoliyatini bu yil ham muvaffaqiyatli davom ettirdi. 2013-yil biz uchun qanday kechdi? Qanday ishlarni amalga oshirdik? Ushbu maqolamizni shu savollarning sarhisobiga bag’ishlaymiz.

Yil davomida saytimizda jami 135 ta maqola chop etildi. Ularning 70 tasi o’quvchilarimizdan kelgan huquqiy savollarga berilgan javoblar bo’lib, qolgan 65 tasi tahliliy maqolalar va yangiliklardan iborat.

Yuridik klinika

Saytimiz fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida hamda huquqiy yordamga mujtoj fuqarolarga bepul yuridik xizmat ko’rsatish doirasida bu yil ham o’quvchilarimizdan kelgan huquqiy savollarga javob berishni davom ettirdi.

2013-yil davomida o’quvchilarimizdan bizga jami 616 ta savol kelib tushdi. Savollarning mavzu yo’nalishi rang-barang bo’lib, bir mavzuni eng ko’p savollar kelgan deb alohida ko’rsatib bo’lmaydi. Har doimgidek, fuqarolarimiz pasport, propiska, viza va fuqarolikka oid masalalar haqida; ajrashish, aliment, bola puli kabi oilaviy masalalarga oid; shuningdek, nogironlik, nafaqa, moddiy yordam kabi ijtimoiy ta’minot bo’yicha ko’plab savollar yuborgan.

Eslatib o’tamiz, o’tgan yili savollarning aksariyati pasport, propiska va xorijga chiqish va kirish masalalariga oid edi. 2011-yilda  esa savollarning ko’pi fuqarolik va oila huquqi mavzusi bo’yicha tushgan.

“Paxta – 2013” kampaniyasi

“Tashabbus” bu yil amalga oshirgan katta loyihalardan biri bu O’zbekiston paxta dalalarida majburiy mehnatga jalb etilayotgan bolalar va kattalarning toptalgan haq-huquqlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy harakatni boshlagani bo’ldi.

“Paxta – 2013” nomi ostida saytimizda qator huqiqiy-tahliliy maqolalarni o’zbek va rus tillarida chop etdik. Ularda O’zbekiston qonunchligi tahlil qilinib, voyaga yetmagan shaxslarning paxta terish ishlariga jalb etilishi noqonuniy ekani ko’rsatib berildi. Shuningdek, majburiy mehnatga jalb etilgan shaxslar bunday noqonuniy xatti-harakatlarga qarshi qanday huquqiy chora ko’rishlari lozimligi bo’yicha ham amaliy yo’l-yo’riq taqdim etildi. O’zbekistonda majburiy mehnatning oldini olish, bu borada fuqarolar orasida ogohlikni kuchaytirish hamda unga qarshi kurashda fuqarolarni zarur huquqiy choralar bilan qurollantirishga qaratilgan harakatlarimiz besamar ketmadi. Saytimiz ma’lumotlaridan foydalangan holda o’z haq-huquqi uchun kurashgan ayrim fuqarolarimiz paxta dalalarida majburiy mehnatda ishtirok etishdan bosh tortib, o’z huquqlarini muvaffaqiyatli himoya qila oldi. Boshqa fuqarolarimizni ham ana shunday faol bo’lib, o’z huquqlari uchun kurashishga chorlab qolamiz.

Yilning boshqa o’zgarishlari

2013-yil “Tashabbus” sayti yangi qiyofaga ega bo’ldi. Shu bilan barobar, saytga bir necha yangi xizmatlar joylandi.

Huquqiy savollarga berilgan javoblar uchun alohida “Savol-javoblar to’plami” yaratildi. Bu to’plamga kirgan o’quvchi mavzular bo’yicha o’zini qiziqtirgan savolni bazadan osonlikcha topish imkoniyatiga ega.

Bundan tashqari, saytda “Tashabbus kutubxonasi” tashkil etildi. Unda turli yuridik adabiyotlarni, elektron kitoblarni jamlab boramiz. O’quvchilarimiz kutubxonadan o’rin olgan kitoblarni saqlab olib, kompyuter yoki boshqa elektron vositalar orqali o’qishlari mumkin.

Saytda namunaviy hujjatlar uchun ham alohida bo’lim ochilgan. Bu yerda ariza yoki shikoyat kabi oddiy fuqarolarga doim kerak bo’ladigan yuridik hujjatlarning namunalarini qo’yib boramiz. O’quvchlarimizda shunday ariza yoki shikoyat yozishga ehtiyoj bo’lsa, shu namunalardan foydalanishlari mumkin.

Xulosa

Saytimizga tashrif buyuruvchilar soni yildan yilga o’sishda davom etyapti. Buni bizga yuborilayotgan savollar va munosabatlar sonidan ham bilsa bo’ladi. Bu esa, tabiiyki, biz uchun ish miqdorini va mas’uliyat hissini yanada oshiradi.

Har doimgidek, oldimizga qo’ygan maqsadlarimizga erishish yo’lida fuqarolarimizga xizmat qilishda davom etamiz. Quyida esa shu paytgacha eng ko’p o’qilgan maqolalar kuchli o’ntaligini e’tboringizga havola etamiz.

Yilning eng ko’p o’qilgan 10 ta maqolasi:

  1.  Milliy xavfsizlik xizmati ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?
  2.  Chet elda OVIR muddati o’tib ketgan fuqaro javobgarlikka tortiladimi?
  3.  Hijob ibodat libosimi?
  4.  Kanadaga immigratsiya qilishning yangi imkonlari (Ikkinchi maqola)?
  5. Besoqolbozlik jinoyatmi?
  6.  Doimiy muddatga OVIR olish mumkinmi?
  7. O’qishga hujjat topshirish uchun biometrik pasport kerakmi?
  8.  Kanadada yashash huquqini qanday qo’lga kiritish mumkin? (Birinchi maqola)
  9.  Tashabbus ishga qabul qiladi
  10.  DAN xodimi haydovchilik guvohnomasini olib qo’yishi mumkinmi?

Saytimiz ishga tushgandan beri eng ko’p o’qilgan 10 ta maqola:

  1.  Milliy xavfsizlik xizmati ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?
  2. Hijob ibodat libosimi?
  3. Maktab ichki nizomlarida hijobga taqiq qo’yish qonuniymi?
  4. Besoqolbozlik jinoyatmi?
  5. Doimiy muddatga OVIR olish mumkinmi?
  6. “Propiska”si yo’qlar Toshkentdan uy olishi mumkinmi?
  7. DAN xodimi haydovchilik guvohnomasini olib qo’yishi mumkinmi?
  8. Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskadan o’tish tartibi to’g’risidagi yangi qonunga tushuntirish
  9. Harbiy xizmatga kimlar yaroqli
  10.  Militsiya ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?

O’quvchilarimiz orasida biz bilan hamkorlik qilishni istovchi huquqshunoslar yoki talabalar bo’lsa, ushbu fursatdan foydalanib, ularni birga ishlashga taklif etamiz. Ish taklifiga oid to’liq ma’lumotni quyidagi maqoladan topishingiz mumkin: “Tashabbus” ishga qabul qiladi

Hurmat bilan,

Tashabbus sayti ma’muriyati

Comments are closed.