“Tashabbus” o’z faoliyatini bundan ikki yil muqaddam boshlagan edi. Guruhimiz o’z oldiga qo’ygan maqsadlariga erishish yo’lida sekin, lekin muntazam ishlab kelmoqda. 2012-yil biz uchun qanday kechdi? Nima ishlar qildig-u, nimalarga erisha olmadik? Ushbu maqolamizni shu savollarning sarhisobiga bag’ishladik.
Yil davomida saytimizda jami 94 ta maqola chop etildi. Ularning 52 tasi o’quvchilarimizdan kelgan huquqiy savollarga berilgan javoblar. Qolgan 40 tasi tahliliy maqolalar, yangiliklar va ta’limga oid grant xabarlaridan iborat.
2012-yil davomida o’quvchilarimizdan bizga jami 159 ta savol keldi. O’tgan yilgi ko’rsatkichdan farqli o’laroq, bu yil eng ko’p savol pasport, propiska, viza va fuqarolikka oid masalalar bo’yicha tushgan – 30 ta. 2011-yilda savollarning aksariyati fuqarolik va oila huquqiga oid edi. Bu yil oila huquqining ajralish, aliment kabi mavzulari bo’yicha kelgan savollar 29 tani tashkil etdi. Shuningdek, ijtimoiy ta’minot haqida 12 ta, harbiy sohaga oid 10 ta savol tushdi.
Saytimiz o’quvchilari ham o’tgan yilga qaraganda ancha oshdi. Jamoamizga yangi ko’ngillilar qo’shildi.
Faoliyatimizga doir muhim bir yangilik – yil oxiriga kelib saytimiz manzili va nomi o’zgardi. “Adolat.Net”dan “Tashabbus” nomiga va Tashabbus.uz manziliga ko’chdik. Buning sababini “Adolat.Net yangi qiyofada” nomli maqolada qisqacha izohlab o’tdik.
Endi 2012-yilda eng ko’p o’qilgan maqolalar ro’yxatiga to’xtalsak. Quyidagi o’nlik yilning eng mashhur va sara maqolalarini jamlagan:
- Bolalarning masjidga borishi noqonuniymi?
- Militsiya ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?
- Ayol kishini haqorat qilganlik uchun qanday jazo bor?
- Paxta terimiga majburan olib chiqish qonuniymi?
- Pornografiyani taqiqlash borasida ba’zi mulohazalar
- Aliment to’lamayotgan otaga qanday jazo bor?
- Robotlar armiyasi yoxud kelajak urushlari qanday bo’ladi? (Birinchi maqola)
- Davlat tili to’g’risidagi qonun tahrirga muhtojmi?
- Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?
- Axborot xuruji: Isroilning ko’rinmas urushi
Saytimiz ishga tushgandan beri o’qilgan eng ko’p maqolalar o’ntaligi:
- Hijob ibodat libosimi?
- Maktab ichki nizomlarida hijobga taqiq qo’yish qonuniymi?
- Hijobli qizning abiturient bo’lishga haqqi yo’qmi?
- Toshkentlikka uylansam, doimiy propiskaga o’tamanmi?
- Tashkilot nizomlari qonunlarga zid kelsa nima qilish kerak?
- “Bola puli” kimlarga va qay tartibda beriladi?
- Jamoat joylarida namoz o’qish mumkinmi?
- Militsiya ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?
- Pornografiyani taqiqlash borasida ba’zi mulohazalar
- Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?
O’quvchilarimiz orasida biz bilan hamkorlik qilishni istovchi huquqshoslar yoki huquqshunoslik talabalari bo’lsa, ushbu fursatdan foydalanib, ularni birga ishlashga va ushbu xayrli loyihaga o’z hissalarini qo’shishga chaqirib qolamiz.
Hurmat bilan,
Tashabbus sayti ma’muriyati
One Comment