Savol: 2007–2009-yillarda men magistratura bosqichida kontraktda o’qir edim, ishlamaganman. Bolamga ikki yoshgacha bo’lgan bola pulini olish uchun mahallaga murojaat qilganimda menga: siz stipendiya olar ekansiz, sizga pul berilmaydi deyishdi. Kontraktda o’qiyman, mana hujjat desam inobatga olishmadi. Buning ustiga diplom himoya qiladigan oyda hujjat yig’dim, ya’ni o’sha oydan boshlab stipendiya olmas edim. Eringiz va sizning stipendiyangiz oshib ketibdi, sakkiz ming so’m oshiq chiqayapti deb o’tkazishmadi. Hozir ikkinchi bolam besh oylik bo’ldi. Aspiranturada o’qiyman. Nima qilsam bo’ladi, qanday hujjatlar yig’ay, xo’jayinimning necha oylik ish haqlarini ko’rsatishim lozim, aspiranturaning stipendiyasi ham daromadga kiradimi? Mening o’g’lim ikki tomonlama maymoq tashxisi bilan tug’ilgan. Nogironlik nafaqasini olmoqchi edim, agar nogironlik nafaqasini olsam bir vaqtning o’zida 2 yoshgacha bo’lgan bola pulini ham olsam bo’ladimi yoki bittasi beriladimi?
Javob: Ishlamayotgan va ikki yoshga yetmagan bola tarbiyasi bilan band bo‘lgan onalarga bola parvarishi davrida nafaqa tayinlash va to‘lash masalalari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 14-martda ro‘yxatga olingan “Ishlamayotgan onalarga ikki yoshga yetmagan bolalarini parvarishlash davrida nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda tartibga solingan. Nizomga ko‘ra, ikki yoshga yetmagan bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgan, ishlamayotgan (mehnat shartnomasi (kontrakti) asosida yollanib ishlamayotgan) shaxs sifatida nafaqa olish huquqiga quyidagilar ega bo‘ladilar:
a) ishlamayotgan onalar yoki ular o‘rnini bosayotgan shaxslar (odatda bolaning otasi, farzandlikka olgan shaxs, vasiy va boshqalar);
b) to‘lov-kontrakt asosida oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limida ta’lim olayotgan ishlamayotgan onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchilar (bola parvarishi bilan bevosita shug‘ullanayotgan shaxslar);
v) yuridik shaxs tashkil etmasdan yakka tartibda tadbirkorlik qilayotgan, yuridik shaxs bo‘lmagan dehqon xo‘jaligida a’zo sifatida ishlayotgan onalar (ularning o‘rnini bosayotgan shaxslar). Nafaqa tayinlashni so‘rab fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga ariza bilan murojaat qilishi lozimligi ko‘zda tutilgan. Qishloq, shaharcha, ovul, mahalla fuqarolar yig‘inining yoki u vakolat bergan komissiyaning nafaqa tayinlash to‘g‘risidagi qarori nafaqa tayinlanishi uchun asos bo‘ladi.
Nafaqa onaning mehnat staji bor-yo‘qligi, bolalarining sonidan qat’i nazar, 2003-yil 18-yanvardan boshlab 200 foiz miqdorida tayinlanadi. Nafaqa 12 oy muddatga, ammo bola 2 yoshga yetishi muddatidan ko‘p bo‘lmagan davrga tayinlanadi. Nafaqaga muhtojlik saqlanib qolgan taqdirda avval tayinlangan nafaqa to‘lash muddati tamom bo‘lishiga 1 oy qolganda mahalla qo‘mitasiga takroran ariza beriladi va ariza ko‘rib chiqilib, uni tayinlash haqida yangidan qaror qabul qilinadi. Arizachi nafaqa tayinlash haqidagi o‘z arizasiga quyidagilarni ilova qilishi lozim:
a) bola tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi;
b) mehnat daftarchasining nusxasi (avval ishlagan bo‘lsa);
v) ariza berishdan oldingi 2 oy davomida oilaning daromadlari haqida ma’lumotnoma;
g) bolaning nogironligi (agar nogiron bola bo‘lsa) haqida tibbiy maslahat komissiyasi (VKK)ning xulosasidan nusxa;
d) nikoh bekor bo‘lgani (bekor bo‘lgan bo‘lsa) haqida sud qarori;
e) bolaning onasi bo‘lmaganda bola parvarishini amalga oshirayotgan shaxs bolaning onasi yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani ham taqdim etadi.
2 yoshga yetmagan bola parvarishi davrida bolaning onasiga (uning o‘rnini bosuvchi boshqa shaxsga) nafaqa oilaning daromadlari e’tiborga olingani holda tayinlanishi mumkin. Ya’ni moddiy jihatdan normal ta’minlangan onalarga bu nafaqani tayinlashlik rad etilishi ham mumkin. Ammo quyidagi hollarda, oilaning daromadi darajasidan qat’i nazar, nafaqa tayinlanishi shart:
1) to‘liq bo‘lmagan (yoki otasi yoxud onasi yo‘q oilada) oilada bolani tarbiyalayotgan ota yoki onaga;
2) nogiron bolani tarbiyalayotgan onalarga (qaysi bola nogiron ekanligining ahamiyati yo‘q).
Oilaning umumiy daromadi taqsimlanganida uning har bir a’zosiga eng kam oylik ish haqining 150 foizidan kam daromad to‘g‘ri keladigan hollarda oila kam ta’minlangan deb hisoblanadi. Oila daromadlarini aniqlash tartibi va usullari, nafaqa tayinlash haqidagi arizani ko‘rib chiqish muddatlari hamda tartibi, ariza yuzasidan qaror qabul qilish tartibi eslatib o‘tilgan Nizomda belgilab qo‘yilgan. Ariza arizachi ishtirokida ko‘rib chiqilishi, uning arizani ko‘rish paytida uzrsiz qatnashmasligi uni ko‘rishning keying qoldirilishiga sabab bo‘lishi qayd etilgan.
Ko‘zda tutib qo‘yilgan hollarda nafaqa to‘lash to‘xtatilishi mumkin. Bola uchun nafaqa olayotgan shaxs vafot etganda, u onalik (otalik) huquqidan mahrum etilganida, vasiylik bekor qilinganida nafaqa bolani amalda parvarishlayotgan tegishli shaxsga beriladi. Tayinlanganidan keyin o‘z vaqtida talab qilib olinmagan nafaqa tegishli muddat o‘tgach, fuqarolarni o‘zini-o‘zi boshqarish organlari hisobiga o‘tkaziladi. Nafaqalar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
To’lov-kontrakt asosida oliy o’quv yurtida ta’lim olayotganingiz bois, ushbu nafaqani olish huquqiga egasiz. Mazkur nafaqani tayinlashda oilaning moliyaviy ta’minlanganligi ham hisobga olinishi mumkin. Agar oilangizning daromadi oyiga bir oila a’zosiga eng kam oylik ish haqining 150 barobaridan kam miqdorda to’g’ri kelsa, oila kam ta’minlanga oila deb e’tirof etiladi va bunday oilaga yuqoridagi nafaqa tayinlanishi shart. Masalan, oilaning umumiy daromadi oyiga 250 ming so’m deb olsak, uni oilaning har bir a’zosi soniga bo’lamiz. 250000/4=62 500 so’m. Eng kam oylik ish haqining 150 barobarini hisoblab chiqamiz: O’zbekiston Prezidentining 2010-yil 15-noyabrdagi Farmoniga ko’ra 2010-yil 1-dekabrdan boshlab O’zbekiston hududida eng kam oylik ish haqi 49 735 so’m qilib belgilangan. 49 735 so’mning 150 foizi 74 602 so’m. Ushbu misolda oilaning jon boshiga tushadigan daromadi eng kam oylik ish haqidan kam bo’lgani uchun oila kam ta’minlangan oila deb hisoblanadi. Nafaqa olishga ariza berilganda oila daromadlarini hisoblab chiqish uchun oilaning ariza berishdan oldingi ikki oylik daromadlari hujjatda ko’rsatilishi kerak. Masalan, turmush o’rtog’ingizning oxirgi ikki oylik ish haqining miqdori haqida ma’lumot, sizning oliy ta’lim muassasasidan olayotgan stipendiyangizning oxirgi ikki oylik miqdori haqida ma’lumot. Ushbu hujjatlar qatoriga oliy o’quv yurtida to’lov-kontrakt asosida ta’lim olayotganingiz va to’lov-kontraktning to’lanishi lozim bo’lgan summasi haqida ma’lumotnomani ham ilova qiling.
Agar farzandingizdan biri nogiron bo’lsa, oilaning daromadlarini hisoblab o’tirishga hojat yo’q. Chunki nogiron farzand tarbiyalayotgan onalarga, qaysi farzand nogironligidan qat’i nazar yoki oilaning daromadi qancha bo’lishidan qat’i nazar, yuqoridagi nafaqa tayinlanishi shart. Mazkur nafaqaga ariza berayotganingizda farzandingizning nogironligini tasdiqlovchi Tibbiy Maslahati Komissiyasi (TMK) tomonidan berilgan tibbiy xulosani ilova qilishingiz lozim.
2007–2009-yillar davomida mahalliy fuqarolar yig’ini ishlamayotgan ikki yoshgacha bo’lgan bola tarbiyasi bilan mashg’ul bo’lgan onalarga to’lanadigan nafaqa olish to’g’risidagi arizangizni rad etganligi ustidan buzilgan huquqlariningizning tiklashini so’rab mahalliy fuqarolar yig’ini joylashgan tumandagi fuqarolik ishlari bo’yicha sudga shikoyat qilishingiz lozim. Shikoyatga mahallaiy fuqarolar yig’iniga nafaqa olish haqida bergan arizangiz nusxasini (iloji bo’lsa), ariza bergan vaqtdagi oilaning umumiy daromadlari haqida ma’lumot, oliy o’quv yurtida o’sha vaqtda to’lov-kontrakt asosida o’qiganligingiz haqida ma’lumot va birinchi farzandingiz nogiron bo’lsa, TMK tomonidan berilgan nogironlik haqidagi xulosani ilova qiling. Agar yetarli asos va dalillar mavjud bo’lsa, sud buzilgan huquqlaringizni tiklab beradi va natijada 2007–2009-yillar uchun to’lanmay qolingan nafaqa miqdorini ham undirib beradi. Shuni ta’kidlash kerakki, sud shikoyatchi tomonidan nafaqa olishga ariza berilgan va mahalliy fuqarolar yig’ini tomonidan asossiz rad etilgan vaqtdan boshlab to’lanmay kelingan nafaqa miqdorinigina undirib beradi. Farzandingiz besh oylik bo’lgan-u, ammo mahalliy fuqarolar yig’iniga nafaqa olish haqida hali ariza bermagan bo’lsangiz mazkur besh oy uchun nafaqa miqdorini sud undirib bermaydi. Chunki nafaqa olish uchun dastlab arizachi mahalliy fuqarolar yig’iniga ariza bilan murojaat qilishi talab qilinadi.
Ayni paytda, ikkinchi farzandingiz uchun nafaqa olish rad etilayotgan bo’lsa, hozirgi holat bo’yicha ham sud tartibida shikoyat qilishingiz mumkin.
Aspiranturada ta’lim olayotgan talabalarning stipendiyalari ham oila daromadi tarkibiga kiradi. Oilaning daromadi haqida ma’lumot so’ralgan tegishli joyga aspiranturada ta’lim olish davomida to’lanayotgan stipendiyaning miqdori ko’rsatilgan ma’lumotnomani taqdim qilish lozim bo’ladi.
“16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogiron deb topish haqida tibbiy xulosa berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko’ra, bolalarni nogiron deb topish ularning qonuniy vakillari — ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiy-maslahat komissiyasi (bundan keyingi o‘rinlarda TMK deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
TMK tomonidan beriladigan bolalarni nogiron deb topish to‘g‘risida tibbiy xulosa bolalarga ijtimoiy nafaqa tayinlashga asos bo‘ladi. Tibbiy xulosa bolalarni belgilangan tartibda shifoxona sharoitida tibbiy tekshiruvidan o‘tkazilib, davolash hamda reabilitatsiya tadbirlari natijalariga ko‘ra beriladi. Bunda, tibbiy xulosa bolalarning shifoxonalarda (shu jumladan ixtisoslashtirilgan shifoxonalarda) hamda ambulatoriya-poliklinika sharoitida davolangandan keyin ham 6 oydan ortiq davom etayotgan patologik o‘zgarishlarni inobatga olgan holda TMK tomonidan beriladi.
Tug‘ma anomaliyalar hamda hayot davomida orttirilgan anatomik nuqsonlar va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan kasalliklar (tuberkulyoz, onkologik kasalliklar (xavfli o‘smalar), moxov, ruhiy kasalliklar, OITS va jinsiy a’zolar orqali yuqadigan boshqa kasalliklar) aniqlanganda barcha davolash tadbirlari o‘tkazilgandan so‘ng 6 oy kuzatuvidan ilgariroq tibbiy hujjatlar to‘liq taqdim etilganda, tibbiy xulosa umumiy asoslarda berilishi mumkin. Kasalliklar va ularning patologik holatlariga muvofiq tibbiy xulosalar 1 yil muddatga, 2 yil muddatga yoki bir yo‘la 16 yoshgacha bo‘lgan muddatga beriladi va bola 16 yoshga to‘lgan oyning oxirigacha nafaqa to‘lanadi.
Bolalar TMK ko‘rigidan yuqoridagi Nizomda belgilangan tartibda taqdim etilgan tibbiy hujjatlar qabul qilib olingan kundan boshlab 10 kun muddatda o‘tkaziladi. Tibbiy xulosa bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tgan kuni ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga topshiriladi.
Bolalarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tibbiy xulosalar berilgan kundan boshlab 3 kun muddat ichida tibbiy xulosani o‘zlarining pasport bo‘yicha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) ijtimoiy ta’minot bo‘limlariga topshirishlari lozim.
Nogiron farzand uchun nogironlik nafaqasini olish ishlamayotgan onalarga ikki yoshgacha bo’lgan farzand tarbiyasi bilan mashg’ul bo’lganlik uchun to’lanadigan nafaqani olishga monelik qilmaydi. Nogironlik nafaqasi nogiron bola uchun ijtimoiy yordam sifatida to’lanadi. Nogironlik nafaqasini tibbiy asoslar bekor bo’lmagan taqdirda to’xtatish mumkin emas. Ishlamayotgan onalarga ikki yoshgacha bo’lgan bola tarbiyasi bilan shug’ullanayotganligi uchun to’lanadigan nafaqa esa onalarga ijtimoiy yordam tariqasida beriladigan nafaqa hisoblanadi.
One Comment