2011-yilda O’zbekiston Republikasi Adliya vazirligi hamda Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) birgalikda “Tadbirkorlar uchun ma’muriy tartib-qoidalar to’g’risida Broshyura” nomli kitob chop etgan. Ushbu kitob “Xususiy sektor faoliyatini rivojlantirish uchun ma’muriy tartib-qoidalarni takomillashtirish” loyihasi doirasida tayyorlangan.
Yaqinda saytimiz kutubxonasiga joylangan ushbu qo’llanma haqida o’quvchilarimizga biroz ma’lumot berishni niyat qildik.
Kitob nima haqida?
Yuqorida nomi tilga olingan kitob tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, bu borada ularning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida chop etilgan. Unda ilk bosqich bo’lmish tadbirkorlikni ro’yxatdan o’tkazishdan boshlab, ushbu faoliyat turini amalga oshirish davomida duch kelinadigan turli holatlarda rioya etilishi lozim bo’lgan yuridik tartiblar, biznes egalarining davlat idoralari oldidagi burchlari va huquqlari, shuningdek, huquqlari buzilgan holatda qayerga va qanday shikoyat qilishlari lozimligi haqida to’liq ma’lumotlar berilgan.
Qo’llanma tadbirkorlar uchun O’zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to’g’risidagi” Qonuni asosida tayyorlangan. Chunki O’zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyati negizida shu qonun turadi. Demak, qo’llanmani “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to’g’risidagi” Qonunning sharhi deb ham tushunish mumkin. Chunki unda qonunda belgilangan tartiblarning amalda qanday ishlashi sodda tilda bayon etilgan.
Qonunning alohida e’tibor qaratilgan moddalari ushbu kitobning mazmun-mundarijasini tashkil etadi (1-rasmga qarang).

Kitob kim uchun?
Qo’llanma tadbirkorlar uchun mo’ljallab chiqarilgan. Ayniqsa, yangi biznes boshlamoqchi bo’lgan fuqarolar ushbu qo’llanmaga katta ehtiyoj sezadi. Chunki unda tadbirkorlikni ro’yxatdan o’tkazish, litsenziya olish va boshqa faoliyat davomida duch kelinadigan turli holatlarda qilish lozim bo’lgan ishlar haqida yo’l-yo’riq ko’rsatilgan. Shuningdek, tadbirkor faoliyatiga asossiz aralashuv hollari yuz berganda, tegishli idoralarga shikoyat qilish tartibi ham alohida bo’lim sifatida bayon etilgan.
Nega bunday kitoblarga ehtiyoj bor?
Ma’lumki, kichik biznes qatlamini tashkil etuvchi tadbirkorlar o’z faoliyatlari davomida turli to’siqlarga, muammolarga duch keladi. Fuqarolar orasida qonun asosida ish yuritish qiyin, davlat ishlashga yo’l qo’ymaydi, degan tushuncha ham mavjud.
Bunday tasavvurning yuzaga kelishiga, qisman, korrupsiyalashgan davlat mutasaddilari sababchi bo’lsa, qisman, o’z haq-huquqlarini tanimagan fuqarolarning o’zlari aybdordir.
O’z haq-huquqlarini yaxshi bilgan tadbirkor, faoliyatiga noqonuniy tarzda aralashishlar sodir bo’lgan taqdirda (Qarang: Tadbirkor faoliyatiga kimlar aralashishga haqli?), qayerga shikoyat qilishni, qanday yo’l tutishni ham yaxshi biladi. Yuqoridagi kitob ayni shu maqsadda ishlab chiqilgan.
Shuning uchun tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi yoki shug’ullanmoqchi bo’lgan fuqarolarimizga ushbu kitobni o’qib chiqishni tavsiya etamiz. Bu Sizning haq-huquqlaringizni o’rgarish yo’lidagi ilk qadamingiz bo’lsa ajab emas.
7 Comments