Maqolalar, Sharh, Tadbirkorlik

Tadbirkor-hokim fenomeni: manfaatlar toʻqnashuvini hal etishning tashkiliy-huquqiy asoslari qachon ishlab chiqiladi?

Davlat xizmatchilari – mansabdor shaxslar davlat boshqaruvida hal qiluvchi rol oʻynaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Toshkent shahriga mashhur tadbirkor Jahongir Ortiqxoʻjayevni hokim etib tayinladi va bu bilan tashabbuskorlik va ishbilarmonlik mansabdor shaxslar uchunmuhim hislat ekanini ham anglatdi. Biroq oxirgi paytlarda tadbirkor-hokim imidjiga putur yetmoqda. Eng qizigʻi bunga qonuchilikni oddiy qoidalarini bilmaslik va mensimaslik sabab boʻlmoqda.

Toshkent hokimivasenator Jahongir Ortiqxoʻjayev Akfa kompaniyasi aksiyalariga egalik qilishi, biroq uni boshqarishni boshqa insonlarga topshirgani haqida maʼlum qilgani koʻpchilikda turli xil fikrlarni uygʻotdi. Kimdir buni normal holat sifatida qabul qilgan boʻlsa, kimlardir manfaatlar toʻqnashuvi va korrupsiyaga olib keluvchi gʻayriqonuniyholat sifatida baholadi.Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bunga nima deydi? Hokim ayni vaqtda aksiyador boʻlishi qonungamuvofiqmi? Unda manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish qanday boʻladi?Quyida mazkur savollarga oydinlik kiritamiz.

Manfaatlar toʻqnashuvi nima?

Oʻzbekiston bozor munosabatlarida manfaatlar toʻqnashuvi bugungacha u qadar jiddiy muhokama qilingan mavzulardan biri emas. Natijada qonunchilikdamanfaatlar toʻqnashuviga oid normalar ham toʻliq ishlab chiqilmagan, bu sohada huquqni qoʻllash (sud) amaliyoti ham shakllanmagan deyish mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Qonun) koʻra manfaatlar toʻqnashuvi bu shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʻrsatayotgan yoxud taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyatdir. Qonunning 21-moddasiga muvofiq davlat organlarining xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan shaxsiy manfaatdorlikka yoʻl qoʻymasligi kerak. Demak, Qonun Toshkent shahar hokimi faoliyatida manfaatlar toʻqnashuvini taqiqlaydi.

Bu qonundan tashqari, hokimning faoliyatidagi manfaatlar toʻqnashuviga oid munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qarori bilan ham tartibga solinadi. Qarorning quyidagi qoidalari alohida ahamiyatga molik:

  • egallab turgan lavozimidan qatʼi nazar, Odob-axloq qoidalari davlat organlari xodimlarining (keyingi oʻrinlarda davlat xizmatchilari deb ataladi) kasbiy odob-axloqining umumiy prinsiplari va xizmatdagi xulq-atvorining asosiy qoidalarini ifodalaydi.
  • davlat organlari Odob-ahloq qoidalaridan kelib chiqib oʻz odob-ahloq qoidalarini tasdiqlab, ushbu organlar odob-ahloq qoidalari mazkur namunaviy odob-axloq qoidalari talablariga zid boʻlishi yoki ulardan past darajadagi talablarni nazarda tutishi mumkin emasligi belgilangan;
  • Odob-axloq qoidalarimajburiy boʻlib, uning qoidalari buzilishi qonun hujjatlariga muvofiq intizomiy yoki boshqacha javobgarlikka tortish uchun asos boʻlib hisoblanishi mumkin.

Yuqoridagi qonun va qoidalar mazmunidan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, mazkur odob-axloq qoidalari Toshkent shahar hokimi uchun ham majburiy hisoblanadi. Manfaatlar toʻqnashuvi esa davlat xizmatchisining shaxsiy manfaatlari ularning oʻz xizmat vazifalarini xolisona va begʻaraz bajarishiga taʼsir koʻrsatadigan yoki taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan holatlarda paydo boʻladi. Demak, Toshkent shahar hokimi (hozirda Prezident qarori bilan eksperiment tariqasida Toshkent shahar hokimiga katta vakolatlar berilgani hisobga olinsa) vakolatiga kiruvchi bir necha holatlarda (yer uchastkasi ajratish), tenderlar, investorlarga bino-inshootlar berish va hokazo) hokimlik vakolati va oʻzi aksiya va ulushlariga egalik qiladigan kompaniyalari timsolidagi shaxsiy manfaatlari yuzasidan manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelishi mumkinligi koʻrinib turibdi.

Tashkent City misolida manfaatlar toʻqnashuvi bormi?

Tashkent City xalqaro biznes markazi (XBM) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 iyuldagi “Toshkent shahrining markaziy qismini obodonlashtirish va arxitekturaviy qiyofasini yanada yaxshilash hamda aholi va poytaxt mexmonlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tashkil etilgan. Uning direksiyasi davlat unitar korxonasi (DUK) shaklida tuzilgan boʻlib, J. Ortiqxoʻjayev Toshkent shahriga hokim boʻlishidan oldin ushbu direksiya rahbari boʻlgan.

DUK direksiyasi Vazirlar Mahkamasi huzurida ekanligini nazarda tutsak, J.Ortiqxoʻjayevning mazkur davlat korxonasi rahbari sifatidagi faoliyatidayoq manfaatlar toʻqnashuvi mavjud boʻlgan deyish mumkin. Toshkent shahar hokimi sifatidagi faoliyatida esa unga tegishli kompaniyalar aksiya va ulushlarga ega boʻlib turishini inobatga olgan holda, korxonalarni kim boshqarishidan qatʼiy nazar, manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqaradi.

Davlat xizmatchisi – hokimning shaxsiy manfaatlari uning shaxsan oʻzi yoki yaqin qarindoshlari, shuningdek yaqin yoki ishbilarmonlik munosabatlarida boʻladigan boshqa shaxslar uchun har qanday naf koʻrish yoki afzalliklarga ega boʻlishni oʻz ichiga oladi. Demak, J.Ortiqxoʻjayevning Toshkent shahar hokimi sifatida faoliyatida bir necha holatlarda hokimlik vakolati va oʻzi aksiya va ulushlariga egalik qiladigan kompaniyalari timsolidagi shaxsiy manfaatlari yuzasidan manfaatlar toʻqnashuvi mavjud.

Manfaatlar toʻqnashuvi xavfi boʻlganda qanday choralar koʻrilishi kerak?

Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxoʻjayev oʻz vazifasidan ketishi yoki aksiya va ulashlaridan voz kechishi shart, degani emas. Zerotadbirkorlar koʻplab mamlakatlarda yuqori davlat lavozimlarida faoliyat yuritadilar. Bunda gʻayriqonuniyholat yoʻq. Biroq manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik uchun aniq mexanizm boʻlishi va u ishlashi kerak. Hokim intervyusida shunday mexanizm haqida tushuntirishi, masalan, oʻz kompaniyalariga aloqador masalalarda hokim sifatidagi qarorlarini qanday hal qilayotganini, bu mexanizm (agar boʻlsa) unga manfaatlar toʻqnashuvini bartaraf etayotganini aytishi kerak edi. Hech boʻlmasa shu boʻyicha ish olib borilayotganini aytib, oʻzini oqlash imkoni bor edi.

Lekin, unday boʻlmadi. Vaziyat chigallashib yangicha qarashga ega tadbirkor-hokim imidji barbod bulayozdi. Negadir intervyuda hokim “oʻz kompaniyalarimni shuncha rivojlantirib, endi nega undan voz kechishim kerak?” qabilida javob berdi. Vaholanki, davlat xizmatchisi aksiya va ulushlardan voz kechishi shart emas, balki manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaydigan yechim ishlab chiqish kerak edi xolos (Davlat xizmatchilariga tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish taqiqlanadi, lekin aksiya va ulushlarga egalik qilish tadbirkorlik faoliyati emas).

Bundan tashqari, Qonunga muvofiq, manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, davlat organi xodimi oʻzining bevosita rahbarini darhol xabardor qilishi kerak. Shuningdek, Odob-axloq qoidalarida ham bunday holatda oʻz rahbarini darhol xabardor qilishi kerakligi aytilgan. Shu sababli ham J. Ortiqxoʻjayev oʻz intervyusida uning bir nechta kompaniyalar aksiya va ulushlari egasi ekanligidan davlat rahbarining xabari borligini taʼkidlagan. Biroq Qonun va qoidalar aslida har bir manfaatlar toʻqnashuvi holati yuzasidan rahbarni xabardor qilishni nazarda tutadi. Qonunga koʻra manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olgan rahbar bu toʻqnashuvning oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan oʻz vaqtida choralar koʻrishi kerak. Biroq, bu holatda J. Ortiqxoʻjayevning hokimlik faoliyati va biznesi bilan bogʻliq manfaatlar toʻqnashuvida aynan qaysi manfaatlar toʻqnashuvi boʻyicha rahbarga maʼlumot berilganligi, rahbar tomonidan esa manfaatlar toʻqnashuvini bartaraf etish boʻyicha chora koʻrilganligi nomaʼlum. Koʻrilgan boʻlsa u eʼlon qilinishi kerak edi.

Afsuski, normativ-huquqiy hujjatlarda manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish yoki bartaraf etish boʻyicha aniq choralar ishlab chiqilmagan. Shunga qaramay, Toshkent shahar hokimligi manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash, u vujudga kelganda J. Ortiqxoʻjayevning hokim sifatidagi qaroriga ushbu toʻqnashuv taʼsirini istisno qiluvchi huquqiy mexanizmni ishlab chiqishi lozim edi. Hokimiyat ishlab chiqmagan taqdirda esa bu jarayonni Adliya vazirligi yoki Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo Komissiyasi bunday holatni monitoring qilib, tegishli choralar koʻrishlari kerak edi.

Manfaatlar toʻqnashuviga tegishli qoidalarni ishlab chiqish uchun kim masʼul?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi oʻzbekiston respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2752-sonli qarori bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi tuzilgan va Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan. Davlat organlarida manfaatlar toʻqnashuvnini monitoring qilish, aniqlash, oldini olish va bartaraf etish Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasining (komissiya) asosiy vazifalaridan, deb aytish mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2752-sonli qarori bilan 2017-2018 yillarga moʻljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Davlat dasturi tasdiqlangan boʻlib, dasturning 27-bandida davlat organlari xodimlarining manfaatlar toʻqnashuvini hal etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash belgilangan. Ushbu takliflar tayyorlanish muddati 2018 yil 1 aprel deb koʻrsatilgan va chora-tadbirlarga masʼul etib Idoralararo komissiya (I. Abdullayev), Bosh prokuratura (U. Sunnatov),Adliya vazirligi (N. Joʻrayev),Mehnat vazirligi (B. Nizomov) koʻrsatilgan. Biroq, davlat organlari xodimlarining manfaatlar toʻqnashuvini hal etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish boʻyicha qanday takliflar tayyorlangani va nima choralar koʻrilgani maʼlum emas.

Xulosa oʻrnida

Tadbirkorlarning davlat xizmatida ishlashi, yuqorida taʼkidlaganimizdek, salbiy holat emas, aksincha jihati bor. Faqatgina munosib huquqiy asos yaratilib, manfaatlar toʻqnashuvi va korrupsiya holatlarini istisno qiluvchi huquqiy mexanizm yaratilishi talab etiladi. Yuqorida keltirilgan ehtimolliklarning oʻzi qonunchilikka muvofiq manfaatlar toʻqnashuvi deb baholanib unda hokimning oʻz kompaniyalari manfaatida harakat qilmasligi choralari koʻrilishi kerak. Bunday chorani koʻrish mexanizmi Toshkent shahar hokimligi tomonidan ishlab chiqilib, keyin ommaga eʼlon qilinishi toʻgʻri boʻladi.

Vakolatli davlat organlari ushbu holatni inobatga olib tegishli normativ hujjatlarni takomillashtirishi, Toshkent shahar hokimi esa manfaatlar toʻqnashuvi vaziyatlarida J. Ortiqxoʻjayev taʼsirini istisno qilishni nazarda tutuvchi tegishli choralarni koʻrishi kerak.

Ubaydulla Xoʻjayev, advokat

 

Comments are closed.