Maqolalar

Sudlashish – aybmi?

Qadim-qadimdan ota-bobolarimiz biror masala ustida nizolashib qolishsa, “yur, qoziga boramiz” deyishgan. Ikkalasi ham masalaning bunday yechimiga ongli ravishda rozi bo‘lgan. Chunki inson zoti shunaqa, o‘z manfaati turgan joyda, ba’zan xatolarini ko‘rmay qolishi mumkin. Mana shunaqa vaziyatda o‘rtadagi xolis inson haqiqatni ko‘rsatib bergan. Bunga hech kim e’tiroz bildirmagan. Yoki xalq orasida “falonchilar qozilashishibdi” deya pichir-pichir qilishmagan.

Rivojlangan davlatlarda hozir ham holat deyarli shunday. Ikki shaxs bir-biridan norozi bo‘lsa, haqiqatni sud orqali yuzaga chiqarishadi. O‘z sha’ni va qadr-qimmatini sud orqali himoya qilish, bu eng madaniy usullardan biri. Bu ayb yoki g‘irromlik emas.

Lekin negadir bizda sudlashish desa, miyamizga darrov yomon xayollar keladi. “Voy, falonchi sudga beribdi-a”, “voy, anavi ikkalasi sudlashibdi-a” va boshqa pichir-pichirlar boshlanadi. Nimaga?

Chunki uzoq yillar davomida matbuot maksimal darajada qo‘rquv ostida ushlab turilgan. Tanqidiy maqolalar uchun rahbarlar jurnalistni o‘zlari sud qilib, hukmni ham o‘zlari o‘qib qo‘ya qolishgan. Hech qanday demokratik va adolatli usullardan foydalanishmagan, og‘zaki buyruqlar, telefon qo‘ng‘iroqlari, do‘q-po‘pisa va bosimlar orqali yoki jurnalistni “oborib-obkelishgan, yoki uni ishdan haydashgan, yoki shu maqolani chiqargani uchun muharrirlar qo‘shib jazolangan, yoki ayrim vaziyatlarda butunlay OAVlar litsenziyasidan ham mahrum bo‘lgan.

Mana shunaqa orqadan pichoq urishlariga shu darajada ko‘nikib qolgan ekanmizki, aslida normal jamiyatda bo‘lishi kerak bo‘lgan ish – sud orqali haqiqatni yuzaga chiqarish yo‘li tanlanganda, ko‘pchilik hayratdan yoqa ushlayapti. Tovba…

Sudga berish – so‘z erkiligiga qarshi chiqishmi?

Qayerdan bu gap chiqdi hayronman, lekin ko‘pchilik yozayotgan bir faktga ko‘zim tushyapti. Emishki Amerikada hech kim jurnalistni sudga bermasmish… Bu mif! Bu afsona! Amerikadek taraqqiy etgan jamiyatda insonlar o‘z sha’nini aynan sudlar orqali himoya qilishadi. O‘z-o‘zidan ayonki, chiqarilgan maqola va xabarlar uchun OAV hamda jurnalistlar ham sudga beriladi. Butun dunyoda shunaqa.

Mana, eng oxirgi yangiliklarni olaylik. Ukraina Prezidenti Petr Poroshenko kimsan BBC nashrini London Oliy sudiga berdi. Va sudda yutib chiqdi ham. BBC yolg‘on ma’lumoti uchun rasman uzr so‘radi hamda barcha kompensatsiyalarni to‘lashga tayyor ekanligini ma’lum qildi (https://www.bbc.com/russian/news-47731409).

Lekin biror joyda BBC nashrining jurnalistlari «Poroshenko bizni sudga berdi, u so‘z erkinligiga qarshi, u unday, u bunday» degan ayyuhannosini ko‘rmadim. Nimaga? Chunki professionallar bunday demaydi. BBC`da esa professionallar ishlaydi.

Shu sababli mazkur hodisa atrofida ayrim jurnalistlarning “Shermatov sudga bergani, uning so‘z erkinligiga qarshiligini bildiradi” degan dod-voylari saviyasizlikdan boshqa narsa emas.

U o‘z sha’ni qonuniy uslubda himoya qilmoqda. Va yana asosiy jihati sudga berilgan da’vo Xalq ta’limi vaziri sifatida emas, aksincha fuqaro Sherzod Shermatov sifatida taqdim qilingan. U rahbarmi, amaldormi farqi yo‘q, eng avvalo u ham Sizu biz kabi fuqaro. Va uning sha’ni ham barchamizniki kabi o‘zi uchun qadrli.

Da’voning mazmuni haqida

OAV va jurnalistlarga qarshi ochilgan 10 ga yaqin sud majlisida jurnalistlarni himoya qilib ishtirok etganman. Buni ko‘pchilik bilmasligi mumkin, lekin o‘sha jurnalistlarning o‘zi yaxshi bilishadi.
Shu sababli tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, Sh.Shermatovning ushbu da’vosi meni ajablantirdi.

Yuridik nuqtai nazardan da’vo arizasidagi eng muhim joyi, bu – da’vo qismi. Ya’ni da’vogar suddan aynan nima so‘rayotgani muhim. Bir tonna aybni ag‘darib, oxirida bitta uzr so‘rab qo‘ysin, deyishi mumkin. Yoki bittagina xatoni ushlab olib, evaziga menga oyni olib bersin, deyishlari ham mumkin.

Men qatnashgan sudlardan kelib chiqib aytishim mumkinki, odatda OAVdan jamoatchilik oldida rasman uzr so‘rash, 50-100-200 mln so‘mgacha ma’naviy zarar undirish, maqolani o‘chirib tashlash, advokatlariga ketkazgan xarajatlarini ham qoplash va hattoki OAVning litsenziyasidan mahrum qilishgacha so‘rashgan holatlari bo‘lgan.

Fuqaro Sh.Shermatovning da’vo arizasini qo‘limga olishim bilan (noto‘g‘ri tushunmasligingiz uchun aytaman: ariza nusxasini javobgarning tarafdorlaridan oldim, da’vogarlardan emas), birinchi qaragan joyim aynan “SO‘RAYMAN” qismi bo‘ldi.

Juda ham kuchsiz da’vo yozilibdi. Ya’ni bittagina narsa so‘ralgan: “ma’anaviy zararni qoplab berish”. Bor-yo‘g‘i shu. Lekin na qanchadir summa, na boshqa talablar bor. Yuridik psixologiyadan kelib chiqib aytish mumkinki, da’vogar deyarli hech narsa so‘rayotgani yo‘q, shunchaki “Sudya aka, o‘ziz bular noto‘g‘ri qilganini tushuntirib qo‘ying, boshqa hech narsa kerak emas” deganga o‘xshab tuyuldi.

Da’vodan maqsad, shunchaki bunaqa shaxsga qarshi maqolalar yozish noto‘g‘ri ekanligini sud orqali isbotlashga o‘xshab ko‘rindi menga. Yana ham kim bilsin.

Maqola haqida

Maqola haqida hech qanday fikr bildirmoqchi emasman. Bu sudga nisbatan bosim bo‘lishi mumkin. Har holda bittagina narsani ta’kidlashim mumkin, ushbu maqola har qanday ziyoli insonlarga o‘rnak qilib ko‘rsatishga arziydigan ustoz Mahmud Sa’diy darajasida emas. Domla bunday maqolalardan ancha balandda turadilar.

Xohishim nima?

Men ikki tomonning yarashishlarini xohlayman. Garchi ikki shaxsning o‘zaro sudlashishlariga qarshi bo‘lmasa ham, lekin ayni ushbu sud jarayoni ikkala tomon ham murosaga kelishini chin dildan istayman. Chunki ikkala shaxs ham, egallab turgan lavozimi yoki mavqeidan qat’i nazar, inson sifatida cheksiz hurmatga loyiq hamyurtlarimizdir.

Bor gap shu.

Xushnudbek  Xudoyberdiyev
Manba: muallifning Facebook sahifasidan olindi.

Comments are closed.