Savol: O’g’rilik qilib ishi tergovda bo’lgan odam pedagogika institutiga hujjat topshirishi va o’qishga qabul qilinsa, shu yerda o’qishi mumkinmi? Aybdor deb topilsa-yu, lekin ozodlikdan mahrum qilish bo’lmagan jazo berilsa, o’qishga topshirishi yoki o’qishi mumkinmi?
Javob: O’qishga qabul qilinganligi haqida buyruq bo’lsa, u o’qishga haqli. Ushbu savolga javob berishda quyidagilarga e’tibor qaratish lozim:
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson va fuqarolarning asosiy huquqlari belgilab qo’yilgan. Xususan, Konstitutsiyaning 19-moddasiga binoan, fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo’yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo’yishga hech kim haqli emas. 26-moddasiga ko’ra, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko’rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. 37-moddasi bo’yicha esa, har bir shaxs erkin kasb tanlash huquqiga egadir.
Mazkur konstitutsiyaviy normalardan kelib chiqib aytish mumkinki, o’g’irlik qilib ishi tergovda bo’lgan odamning pedagogika institutiga hujjat topshirishini va o’qishga qabul qilinsa, o’qishga haqliligini taqiqlashga yoki cheklashga hech kim haqli emas. Chunki yuqorida keltirganimizdek, uning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko’rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Jinoyat protsessual kodeksining 23-moddasida ham aybsizlik prezumpsiyasi prinsipi belgilangan va unda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi. Demak, jinoiy hodisa yuz bermagan bo’lsa, sudlanuvchi sodir etgan qilmishda jinoyat tarkibi bo’lmasa, jinoyat sodir etilishiga sudlanuvchi daxldor bo’lmasa, unga nisbatan oqlov hukmi chiqarilishi ham mumkin.
Shu o’rinda o’g’irlik qilib ishi tergovda bo’lgan odamga nisbatan qanday ehtiyot chorasi qo’llanilganligi ham ahamiyatli. Agar unga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlash qo’llanilgan bo’lsa, u hujjat topshira olmasligi va kirish imtihonini topshirishga bora olmasligi mumkin. Ozodlikda yurishini ta’minlaydigan shakldagi ehtiyot chorasi (masalan, Jinoyat protsessual kodeksining 237-moddasiga ko’ra, munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat; shaxsiy kafillik, jamoat birlashmasi yoki jamoaning kafilligi; garov; voyaga etmaganlarni kuzatuv ostiga olish uchun topshirish; harbiy xizmatchining xulq-atvori ustidan qo‘mondonlik kuzatuvi kabi) qo’llanilgan bo’lsa, u o’qishga borish uchun hujjat topshirishi va o’qishga qabul qilinganligi haqida buyruq bo’lsa, o’qishni davom ettirishi mumkin. Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida Nizomning 12-bandiga ko’ra, abiturient oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ta’lim yo‘nalishi, o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada oliy ta’lim muassasasini tugatganligi yoki oliy ma’lumoti yo‘qligi, qaysi chet tilidan test topshirishi, harbiy tavsiyanomaga ega bo‘lganlar uning raqamini ko‘rsatishlari hamda test sinovlarini o‘tkazish qoidalari va javoblar varaqalarini to‘g‘ri to‘ldirish bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);
o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
086-U — shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;
pasport (pasport yoshiga etmaganlar uchun tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma)ning nusxasi;
3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma (maxsus sirtqi bo‘lim abiturientlari uchun).
Demak, o’qishga hujjat topshirishda sudlanganlik yoki tergovga jalb qilinganlik hujjat topshirish huquqidan mahrum qilmaydi.
Agar sud ayblanuvchini aybdor deb topsa, lekin unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog’liq bo’lmagan jazo tayinlasa, ya’ni u ozodlikda qolsa, bunday holatda ham u o’qishga hujjat topshirishi yoki o’qishga kirgan bo’lsa, o’qishini davom ettirishi mumkin.
Pedagogika sohasini tugatgan odam jinoyat sodir qilsa, pedogogik faoliyat bilan shug’ullanishi mumkin. Faqat sud tomonidan muayyan huquqdan yoki muayyan faoliyat turi bilan shug’ullanishdan mahrum qilingan holatlar bundan mustasno. Masalan, pedagog o’z pedagoglik faolyati bilan shug’ullanishi jarayonida jinoyat sodir qilgan taqdirda, u pedagoglik faolyati bilan shug’ullanish huquqidan mahrum qilinishi mumkin. Jinoyat kodeksi 45-moddaga ko’ra, shaxsni muayyan huquqdan mahrum qilish sud tayinlagan muddat davomida aybdorning korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlarda u yoki bu mansabni egallashini yoxud u yoki bu faoliyat bilan shug‘ullanishini taqiqlashdan iboratdir. Ana shunday mansab yoki faoliyatning turi sud tomonidan ayblov hukmida ko‘rsatiladi.
Muayyan huquqdan mahrum qilish aybdorning mansabi yoki ish faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan jinoyatni sodir etganligi uchun asosiy jazo tariqasida tayinlanishi, shuningdek, qo‘shimcha jazo tariqasida tayinlanishi mumkin. Agar muayyan huquqdan mahrum qilish aybdorga asosiy jazo tariqasida tayinlanmagan bo‘lsa, bunday jazo sud tomonidan ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan har qanday turdagi jazoga qo‘shimcha jazo tariqasida tayinlanishi mumkin.
2 Comments