Savol: Nikohni bekor qilish uchun sudga ariza berilganda qancha haq tulanadi? Bu sud xarajatini tomonlardan qaysi biri to’lashi kerak?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Protsessual kodeksiga ko’ra, sud xarajatlari davlat boji va ishni ko‘rish bilan bog‘liq chiqimlardan iboratdir.
Sudlarga da’vo arizalari, organlar va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyatlar, alohida tartibda yuritiladigan ishlar bo‘yicha arizalar, sudlarning hal qiluv qarorlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyatlar va nazorat tartibida protest keltirish to‘g‘risida arizalar, hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini bekor qilish to‘g‘risida arizalar, hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risida arizalar berganlik uchun, shuningdek sudlar tomonidan hujjatlarning nusxalari berilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji undiriladi.
Vazirlar Mahkamasining “Davlat boji Stavkalari haqida”gi qarorining 1-moddasiga ko’ra,
v) nikohni bekor qilish haqidagi da’vo arizalaridan eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida;
takroriy nikohni bekor qilish haqidagi da’vo arizalaridan eng kam ish haqining 120 foizi miqdorida;
nikoh bekor qilinayotganda mol-mulk bo‘lingan holda boj 1-bandning “a”[1] kichik bandiga muvofiq da’vo bahosi bo‘yicha belgilanadi;
Ishni ko‘rish bilan bog‘liq bo‘lgan chiqimlarga quyidagilar kiradi:
1) guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlarga to‘lanishi lozim bo‘lgan summalar;
2) joyga borib ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar;
3) ushbu Kodeksning 140-moddasida nazarda tutilgan hollarda, javobgarni qidirish uchun qilingan xarajatlar;
4) sudning hal qiluv qarorini ijro etish bilan bog‘liq xarajatlar.
Ayrim holatlarda, da’vogarni davlat bojini to’lashdan ozod etishi ham mumkin. Davlat bojini to‘lashdan ozod qilish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Soliq kodeksining 329-moddasi 8-bandiga ko’ra, nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi mol-mulkni bo‘lish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlar bo‘yicha apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlari bilan murojaat qilgan shaxslar davlat bojini to’lashdan ozod etiladi.
Sud fuqaroning mulkiy ahvoliga qarab, uni davlat daromadiga undiriladigan sud xarajatlarini to‘lashdan ozod qilishga haqli.
Bundan tashqari, sud taraflarning mulkiy ahvoliga qarab, ulardan birining yoki ikkalasining davlat daromadiga undiriladigan sud xarajatlarini to‘lashni kechiktirishga yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga yo‘l qo‘yishi, shuningdek bu xarajatlarning miqdorini kamaytirishi mumkin.
Yuqoridagilarden kelib chiqqan holda, davlat bojini sudga nikohdan ajratish to’g’risida ariza berayotgan shaxs to’lashi lozim.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 3-noyabrdagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirish to’g’risida”gi Farmoniga ko’ra, 2011-yilning 1-dekabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam ish haqi — oyiga 62 920 so‘m deb belgilangan.
Demak, nikohdan ajratish to’g’risidagi ishlar uchun 2012-yil 27-may holati bilan eng kam oylik ish haqining 50 foizi 31460 so’m davlat boji to’lanadi.
[1] a) da’vo arizalaridan mazkur bandning «a1» kichik bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno— da’vo bahosi eng kam ish haqining:
20 baravarigacha bo‘lganda da’vo bahosining 5 foizi miqdorida;
20 dan 40 baravarigacha bo‘lganda da’vo bahosining 10 foizi miqdorida;
40 dan 80 baravarigacha bo‘lganda da’vo bahosining 15 foizi miqdorida;
80 baravaridan ko‘p bo‘lganda da’vo bahosining 20 foizi miqdorida;
One Comment