Oʻtgan oy jurnalist Bobomurod Abdullayev va uning jinoiy sheriklari deya gumon qilingan uch kishi sud zalidan ozod qilindi. Gumondorlarning barchasi Jinoyat Kodeksining159-modda 4-qismi (Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish, hukumatni qurolli yoʻl bilan agʻdarishga urinish) bilan ayblangan edilar. Abdullayev hibsda qariyb 221 kun saqlandi, ammo unga qarshi surilgan asosiy ayblovlarning birortasi oʻz tasdigʻini topmadi.
Bir qarashda qonun ustuvorligining tantanasi—aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga rioya qilindi. Ammo ushbu jinoyat ishi boshqa jihati bilan ham ahamiyatli—sudlanuvchilar, xususan, Bobomurod Abdullayev, unga nisbatan qoʻllanilgan qiynoqlarni barcha tafsilotlari bilan sudga aytib berdi. Jinoiy ishlarda hozir ham sudlanuvchilar qiynoqqa solinganliklarini daʼvo qilishayotganini koʻrish mumkin.
Qiynoqlar amaldagi qonunchilik bilan qatʼiy taʼqiqlangan boʻlsa, Prezident oʻz vakolatlarini bajarish uchun kirishganidan beri qiynoqlar muammosiga bir necha marta eʼtibor qaratgan boʻlsa, qiynoqlar nimaga hali ham davom etmoqda? Mazkur maqolada Abdullayev ishi misolida sudlanuvchi qiynoqqa solinganini aytganda eʼtibor berilishi kerak boʻlgan baʼzi masalalar muhokama qilinadi.
Qonunchilikda qiynoqlarning taʼqiqlanishi
Qiynoqlar haqida gap ketar ekan, amaldagi qonunchilikda qiynoqlarning taʼqiqlanishi haqida nima deyilishiga toʻxtalib oʻtish kerak. Konstitutsiya va amaldagi qonun hujjatlari inson shaʼni va qadr-qimmatini har qanday tazyiq va tajovuzlardan himoya qiladi hamda ushbu himoyani kafolatlaydi. Jinoyat Protsessual Kodeksi 17-moddasiga koʻra, hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, shafqatsiz yoki inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas. Oliy sud Plenumining 2004 yil 24 sentyabrdagi 12-sonli “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi Qarorining 3(v) bandiga binoan, aybiga iqrorlik toʻgʻrisidagi koʻrsatuvlar va boshqa dalillar qiynoqqa solish, zoʻrlik ishlatish hamda insonga nisbatan boshqa shafqatsiz yoki uning shaʼni, qadr-qimmatini kamsituvchi munosabatda boʻlish orqali olingan boʻlsa, bunday dalillar nomaqbul hisoblanadi (yani yuridik kuchga ega boʻlmaydi va ayblov asosiga qoʻyilishi mumkin emas).
Abdullayevga qarshi qoʻllanilgan qiynoqlar
Bobomurod Abdullayev qiynoqlar haqida tergov jarayonida bir oz liberallashuv kuzatila boshlagandan keyin (taxminan, joriy yilning fevral oyi oxirida) gapira boshladi. Jurnalist, haqiqatan ham, qiynoqqa solinganiga hech qanday shubha qoldirmaydi, nazarimda. U qiynoq xonalari, usullari va qiynoqqa solgan shaxslarni aytib berdi. Masalan, qiynoqqa solish xonalarining devor va shiftlariga temir xalqalar qoqilgan boʻlib, jurnalist qoʻlidagi kishan bilan xalqalardan biriga bogʻlab qoʻyilgan, shu holatda saqlangan, doʻpposlangan. Jurnalist uni qiynoqqa solgan kishilar ismlarini ham aytib berdi. Ular orasida Nodir Toʻraqulov, Majid, Qobil, koʻzoynaklik Oybek (asli ismi Elmurod) boʻlgan.
Qoʻllangan qiynoqlar kishini larzaga soladi. Ilk kunlarda jurnalist qoʻli devorning yuqori qismidagi xalqaga bogʻliq holda uxlashga majbur boʻlgan. Oʻtirish va yotishni taʼqiqlashgan. Hojatga chiqishiga ruxsat berilmagan. Tergov davomida elektroshok va suvqaynatkichni (kipyatilnik) qoʻllash, ombur yordamida tirnoqlarni koʻchirib olish, boshqa mahbuslar orqali oʻldirib yuborish yoki OITS yuqtirish bilan davomiy qoʻrqitilgan. Rossiyada oʻqiyotgan qizini “zoʻrlash” va Toshkentdagi farzandlarini “oʻldirib ketish” bilan tahdid qilganlar. Jurnalist hibsga olingandan keyin toʻxtovsiz kaltaklangan. Plastikquvur, bita va arqon bilan tovon, toʻpiq, soni va orqasiga urishgan. Hushini yoʻqotganda ustidan sovuq suv quyishgan.
Zamonaviy qiynoqlar iz qoldiradimi?
Abdullayevning ishida sud advokatning sud-tibbiy ekspertizasini tayinlash toʻgʻrisidagi iltimosnomasini qanoatlantirdi va ekspertiza uning tergov jarayonida qiynoqqa solinganligini tasdiqlamadi. Sababi, uning tanasida jarohat izlari topilmadi. Shu oʻrinda qiynoqlar kishi tanasida iz qoldirishi shartmi, savoli tugʻiladi.
Abdullayev 2017 yil sentyabr oyida oʻgʻirlab ketilganligini hisobga olsak, qiynoqlar boʻyicha ekspertiza 2018 yilning aprel oyida tayinlandi. Tabiiki, 6-7 oylik muddat ichida qiynoqlarning badan ustidagi izlari koʻrinmay ketishi mumkin. Nima boʻlganda ham, ekspertiza faqat qiynoqlarning jismoniy izlarini qidirmasligi kerak edi, chunkibaʼzi qiynoqqa solish usullari jismoniy iz qoldirmasligi mumkin. Shu sababli, qiynoq deganda hamisha XV asr inkvizitsiyasi koʻz oʻngimizga kelmasligi kerak. Yaʼni, zamonaviy qiynoq usullari faqat igna, ombir, elektroshok, falangadan iborat emas. Hozirgi qiynoq usullari umuman iz qoldirmasligi mumkin, ammo kishini ruhan, jismonan sindiradi, insonligini oʻldiradi. Uxlashga qoʻymaslik, davomli oyoqda tutish, och ushlash, tahqirlash, oilasi va tashqi dunyo bilan aloqani butunlay kesish, oila aʼzolariga tajovuz qilish bilan qoʻrqitish kabi usullar birga va davomiy qoʻllanilganda anʼanaviy qiynoq usullari beradigan jismoniy va ruhiy azobni berishi mumkin.
Qiynoqlar sodir etilganligini isbotlash kimning majburiyati?
Sudlanuvchi qiynoqqa solinganini aytganda, bu holatni isbotlash kimning vazifasi ekanligiga bir oz oydinlik kiritish darkor. Amaldagi qonunchilikda bu borada aniq qoidalar belgilanmangan. Ammo xalqaro amaliyotga koʻra, sudlanuvchi qiynoqlarni iddao qilib, qiynoqlar haqida qoʻshimcha maʼlumot berganidan keyin qiynoqlar sodir etilmaganligini isbotlash ayblov zimmasiga yuklatiladi. Shu sababli sud ekspertiza tayinlash bilan cheklanmasdan, ayblov Abdullayevga qarshi hech qanday noqonuniy kuch va tazyiq qoʻllanilmaganini isbotlashi kerakligini buyurishi zarur edi.
Sudlanuvchi “Men qiynoqqa solindim,” deb aytgan vaqtdan boshlab ayblov qiynoqlar sodir etilmaganini isbotlashi kerak. Ayblov uchun buni amalga oshirishning yagona yoʻli barcha jinoyat protsessual talablar qatʼiy bajarilganligini koʻrsatish bilan bajariladi. Bunda sudlanuvchi hibsga olingan vaqtdan eʼtiboran bajarilgan jinoyat protsessual harakatlar birma-bir koʻrsatilishi kerak. Jumladan, tergov binosiga olib kelinganda sudlanuvchi roʻyhatdan oʻtkazilganmi, uning jismoniy ahvoli haqida bayonnoma tuzilganmi, qayerda saqlanayotgani haqida oilasiga yoki advokatiga xabar berish imkoniyati berilganmi, soʻroq qilish kim tomonidan, qachon va qanday amalga oshirilgani haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak.
Yuqoridagi zanjirda biron nomuvofiqlik kuzatilganda, sudlanuvchi qiynoqqa solingani haqidagi iddaolar asos, deb topishga sabab beradi. Masalan, sudlanuvchi hibsga olingandan keyin oilasi u haqida uzoq vaqt hech qanday maʼlumot olmaganligi, uning maxfiy joylarda saqlanganligi va unga qonunan belgilangan kafolatlar buzilganini koʻrsatadi. Yoki advokatning kiritilmaganligi yoki sudlanuvchini soʻroq qilish jarayoni haqida aniq maʼlumotning mavjud emasligi kabi holatlar uning qiynoqqa solinganligi ehtimolini orttiradi.
Videokuzatuvning qiynoqlar oldini olishdagi ahamiyati
2017 yil 18 aprelda Prezident Shavkat Mirziyoyev “Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarorini imzolagan edi. Qaror 1 yanvar 2018 yilgacha Ichki Ishlar organlarida soʻroqni stenografiya usuli bilan yozib olish, videokuzatuv, shuningdek, tergov harakatlarini audio va videoga muhrlash tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonalar tashkil etilishini buyuradi. Bunday tergov xonalarini tashkil etish yoʻlga qoʻyilyapti.
Tergov xonalarida videokuzatuv oʻrnatilishi gumondorning huquq va erkinliklari yaxshiroq himoya qilinishiga yordam berishi tabiiy. Ammo bunday chora koʻrilishining tergovchiga ham oʻta ahamiyatli foydalari bor. Masalan, tergovchi xatti-harakatlari ustidan tuhmat yoki asossiz shikoyat qilinishining oldi olinadi, zero videokuzatuv natijasida yozib olingan tergov jarayoni tergovchi qonun doirasida harakat qilganiga dalil boʻlib xizmat qiladi. Shu bilan birga soʻroq qilinayotgan kishi oʻz koʻrsatmalarini osonlik bilan oʻzgartira olmaydi. Bundan tashqari, butun soʻroq qilish jarayoni yozib borilayotgani tergovchiga eʼtiborni koʻrsatmalarni yozib borishga emas, balki ularning mantiqiyligi, mutanosibligi va ketma-ketligi kabi holatlarga eʼtibor berish imkonini beradi. Qolaversa, koʻrsatmalarni soʻroqdan keyin qayta-qayta eshitish imkoni avval eʼtibor berilmagan holatlarni fosh etishda yordam berishi mumkin.
Abdullayev ishida jinoyat protsessida avval koʻrilmagan ijobiy oʻzgarishlarga guvoh boʻldik. Amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan barcha protsessual kafolatlar bundan keyin ham taʼminlanishi kerak. Shu bilan birga, Ichki ishlar organi yoki DXX tomonidan hibsga olingan kishi qiynoqqa solinishi muqarrarligi ishonchini qiynoq qoʻllanilmasligi, bunday qilgan mansabdor shaxsga esa qonuniy jazo muqarrar ekanligiga ishonch hosil qilish vaqti keldi.
Mirakmal Niyazmatov, huquqshunos