Fuqarolik huquqi

Sud majlisida xolis fuqaro sifatida ishtirok etsam bo’ladimi?

Savol: Yoshim 24 da. Huquqshunoslikka juda ham qiziqaman. Shu sababli o’zim yashab turgan tuman sudida xolis fuqaro sifatida qatnashishim mumkinmi?

Javob: O’zbekiston Respublikasida sudlar oshkoralik tamoyiliga asoslanib faoliyat oboradi. Sodda qilib aytganda, ishlar ochiq sud majlisida ko’rib chiqiladi. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Jinoyat-Protsessual Kodeksining 19-moddasiga ko’ra, sudda jinoyat ishlari oshkora ko’riladi  va faqatgina quyidagi holatlarda jinoyat ishi yopiq sud majlisida ko’rilishini belgilaydi:

  1. Davlat sirlariga oid ishlarda;
  2. Jinsiy jinoyatlar to’g’risidagi ishlarda;
  3. 18 yoshga to’lmagan shaxslarning jinoyatlari to’g’risidagi ishlarda;
  4. Ishda ishtirok etuvchilarning shaxshiy hayotlariga oid ma’lumotlar, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik maqsadida;
  5. Ishda ishtirok etuvchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida;
  6. Shaxsiy yozishma va shaxsiy telegraf xabarnomalari ochiq sud majlisida ko’rib chiqilishiga bu xat va xabarlarni jo’natgan hamda olgan shaxslar rozilik bermaganda.

Jinoyat ishi yopiq sud majlisida ko’rish uchun sud ajrim chiqaradi. Agar sud zalida ovozni yozib olmoqchi bo’lsangiz yoki fotosuratga, videoyozuvga olmoqchi bo’lsangiz, sud majlisiga raislik qiluvchining ruxsatini olishingiz kerak.

Demak, xolis fuqaro sifatida sud majlisida ishtirok etishingiz mumkin. Sud majlisida ishtirok etish uchun sud majlisi kotibidan ruxsat oling. Huquqshunoslik yo’nalishi bo’yicha tahsil olishni rejalashtirayotganingizni, sud majlisida ishlar qanday ko’rilishini kuzatmoqchi bo’lganingizni bildirishingiz mumkin. O’zingiz bilan ovozni yozib olish, fotosuratga va/yoki videoga olish jihozini olib kirmasligingizni, agar olib kirmoqchi bo’lsangiz,  albatta, avval sud majlisiga raislik qiluvchining ruxsatini olishingizni ayting.

Veb-sahifamizda chop etilgan “Huquqshunoslik bo’yicha tahsil olayotgan talabalarga maslahatlar” maqolasini ham o’qib chiqishni maslahat beramiz.

2 Comments