So’nggi paytlarda chop etilgan maqolalar, kitob yoki suratlar sababli so’z va din erkinligi tez-tez to’qnash kelmoqda. Salmon Rushdiy Islomni tahqirlovchi kitob yozgani, Nayjel Vingrov (Nigel Wingrove) Iso payg’ambarni yerga uruvchi kinofilm yaratgani o’z davrida katta shov-shuv va bahslarga sabab bo’lgan edi. Teo van Gokning (Theo van Gogh) Islom haqidagi kinosi esa oxir-oqibat uning o’limiga sabab bo’ldi. “Jylland-Posten” jurnali chop etgan karikaturalar ham Islom dunyosida jiddiy norozilik va namoyishlarni keltirib chiqardi.
“Charlie Hebdo” nomli fransuz haftanomasi chop etgan rasmlar so’z va din erkinligi o’rtasidagi to’qnashuvning eng so’nggisi va ayni kunlarda eng ko’p bahslarga sabab bo’layotganidir.
“Charlie Hebdo” jurnali o’zining turli mavzulardagi, xususan, Islom diniga oid salbiy, haqoratomuz satirik karikaturalari bilan ko’pchilikka yaxshi tanish. Qotillar nashr chop etgan suratlarni Islom payg’ambari Muhammad alayhissalom sha’ni uchun haqorat deb topib, tahririyat xodimlaridan qasd olishni niyat qilgan. Ular shu maqsadda haftanoma binosiga bostirib kirib, 12 kishini otib o’ldiradi, 11 kishini yaralaydi.
Hodisa jamoatchilik orasida keng bahslarga sabab bo’lmoqda. Ko’pchilik qotillikni so’z erkinligiga qarshi qaratilgan hujum deb hisoblayotgan bo’lsa, ayrimlar so’z erkinligi boshqa haq-huquqlarni toptamasligi kerak, degan fikrda. Nega boshqa dinlarni ochiq-oydin tanqid va tahqirlash mumkin bo’la turib, Islom diniga nisbatan bu narsani qo’llash mumkin emas, deb so’rayotganlar ham bor.
So’z erkinligi o’zi nima? Uni qay holatlarda cheklash mumkin? So’z va din erkinligi o’rtasida muvozanat o’rnatish mumkinmi? Maqolamizda shu savollarga javob topishga harakat qilamiz.
So’z erkinligi nima?
So’z erkinligi deb fikrni og’zaki, bosma yoki boshqa shakl va aloqa vositalari orqali ifoda etishga aytiladi. So’z erkinligi kishilarning eng asosiy huquqlaridan biri bo’lib, demokratiya va ochiq jamiyat asosini tashkil etadi. Qonunlar va siyosiy jarayonlar haqida kishilar o’z firklarini erkin ifoda eta olmagan jamiyat tom ma’noda erkin va demokratik jamiyat bo’la olmaydi.
So’z erkinligi tushunchasining huquqiy-falsafiy asoslari haqida birinchilardan bo’lib ingliz faylasufi Jon Styuart Mil (John Stuart Mill) o’zining “Erkinlik haqida” (“On Liberty”) nomli kitobida yozgan. Milga ko’ra, ifoda etilayotgan fikr, u hatto axloqsiz bo’lsa ham, tazyiqlarsiz ifoda etilish imkoniyatiga ega bolishi kerak. Faqat shu holatda kishilar o’z fikrlarini oxirigacha ifoda etish va asoslab berish imkoniyatiga ega bo’lishlari mumkin; aks holda, bir guruh kishilar o’z qarashlarini boshqalarga majburan o’tkazadi, deydi u.
Fikrlar va kishilarning hayot tarzi haqidagi qarashlari erkin ravishda bir-biri bilan musobaqa qilishi kerak. Shunday erkin muhit yaratilmaganda, noto’g’ri yoki zararli fikrlarni muhokama qilish imkoniyati bo’lmaydi. Jamiyatda barcha qabul qilingan fikrlar va kishilarning hayot tarzi haqidagi qarashlar to’g’ri bo’lganda ham, ularning to’g’riligini, foydasini va tub ma’nosini to’laqonli tushunish bu fikrlarni so’roqqa tutib tanqid qilish va bahs qilish imkoniyati yaratilishi kerak.
Milga ko’ra, so’z erkinligi faqat bir holatda cheklanishi mumkin. U ham bo’lsa, ifoda etilgan fikr boshqa kishilar huquqlariga zarar yetkazganda. Zarar yetkazish talabi huquqiy-falsafiy bahslarda “zarar yetkazish tamoyili” (Harm principle) deb ataladi. Mazkur tamoyilga ko’ra, davlat fuqarolarga qarshi faqat bir holatdagina o’z huquqiy-majburlov choralarini qo’llashi mumkin. Ya’ni, bir guruh kishilarning o’z huquqlarini amalga oshirishi boshqa guruh kishilarning huquqlari kamsitilishiga yoki cheklanishiga sabab bo’lganda. Mil bir kishining fikrlari boshqalarga jiddiy zarar yetkazmaganda, boshqalarning u kishi bildirgan fikrlarni cheklashga haqqi yo’q, deydi.
So’z erkinligi haqida xalqaro huquq nima deydi?
So’z erkinligi tushunchasining eng keng tarqalgan ta’rifi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risidagi xalqaro Paktida (Bundan keyin Fuqarolik va siyosiy huquqlar Pakti) berilgan. Ushbu hujjatning 19-moddasi, 2-xatboshida so’z erkinligiga quyidagicha ta’rif beriladi:
“Har bir inson o’z fikrini erkin ifodalash huquqiga ega: ushbu huquq o’z ichiga, […], og’zaki, yozma, bosma, badiiy ko’rinishda yoki boshqa o’zi istagan boshqa yo’l bilan har turli axborot va fikrlarni qidirish, olish va tarqatish huquqini oladi”.
Demak, so’z erkinligi quyidagi ikki asosiy jihatdan tashkil topgan:
- Axborot va fikrlarni qidirish, olish va tarqatish huquqi;
- Axborot va fikrlar turli xil bo’lishi mumkinligi (masalan og’zaki, yozma, bosma yoki boshqa kishi o’zi istagan ko’rinishda).
Xalqaro huquq sohasida tanilgan olimlarning va sud amaliyotining ushbu moddaga bergan sharhidan ma’lumki, so’z erkinligi o’z ichiga tahqirlovchi, tanqidiy, haqoratomuz, dinga qarshi yoki odob normalariga zid bo’lishi ham mumkin.
So’z erkinligiga cheklovlar bormi?
So’z erkinligi mutlaq emas. Har bir davlat uni turli darajada cheklaydi. So’z erkinligiga nisbatan eng ko’p qo’llaniladigan cheklovlar bu tuhmat, shantaj qilish, pornografik mahsulotlarni tarqatish, davlat sirlarini oshkor etish, zo’ravonlik, tartibsizliklar va kuch ishlatishga chaqiriqlar kiradi.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar Paktida so’z erkinligi qachon cheklanishi mumkinligini haqida ham izoh berilgan. Uning 19 moddasi, 3-xatboshisiga ko’ra, so’z erkinligi har bir shaxsga huquqlar berishi bilan birga, alohida mas’uliyat va majburiyat ham yuklaydi. Shu sababli so’z erkinligiga ba’zi cheklovlar qo’yilishi mumkin. Bunday cheklovlar qonun bilan belgilangan bo’lib, ular quyidagi huquqlardan birini himoya qilishni ko’zlashi kerak:
- Boshqalarning huquq va obro’sini himoya qilish;
- Davlat xavfsizligini, jamoat tartibi, aholi sog’lig’i va axloq normalarini himoya qilish uchun.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar Paktining 20-moddasi so’z erkinligini cheklashga bevosita aloqador. Ushbu moddada aytilishicha, har qanday urushga chorlovchi propaganda qonun tomonidan taqiqlanishi kerak. Shu bilan birga, milliy, irqiy, diniy nafratni keltirib chiqaruvchi chaqiriqlar, shu bilan birga, kamsitishga, dushmanlik va zo’ravonlikka chaqirishga qonun tomonidan chek qo’yilishi lozimligi belgilangan.
Cheklovlarga nimalar misol bo’lishi mumkin?
– Tuhmat qilish, yani biron kishini obro’sizlantiradigan yolg’on gaplarni tarqatish so’z erkinligi bilan himoya qilinmaydi. Ba’zi G’arbiy Yevropa davlatlarida siyosatchi va hukumat ishchilari faoliyati ustidan jurnalist va ken jamoatchilik nazoratini kuchaytirish uchun, ularga nisbatan o’zgacha qoidalar belgilangan. Siyosatchi yoki hukumat ishchisi so’z erkinligiga qarshi o’zini tuhmat yoki haqoratdan himoha qilmoqchi bo’lsa, u haqda aytilgan so’z, fikr yoki ma’lumotning noto’g’ri bo’lishi kifoya qilmaydi. Mazkur holatda so’z erkinligi cheklanishi uchun, kishi ma’lumotning noto’g’ri ekanini bilaturib qasddan tarqatgan bo’lishi kerak.
– Jamoat joylarida, masalan, teatrda, yolg’ondan “yong’in chiqdi” deb baqirish. Sababi, olomon orasida asossiz vahima uyg’onib, odamlar teatrdan qochib chiqishga urinishi va natijada bir-biriga jarohat yetkazishi mumkin.
– Bir guruh kishilarga qarshi jinoyat sodir etishga chaqirish. Masalan, Ruandada 1994-yil Hutu qabilasi vakillari Tutsi qabilasi vakillarini ochiqchasiga radio va televideniye orqali o’ldirishga chaqirgan (“Yana ko’p ishlashimiz kerak, mozorlor hali to’lmadi!” “Suvaraklarni o’ldiramiz!”). Bunday chaqiriqlar ortida turganlar javobgarlikka tortilganda, ular o’zlarini so’z erkinligi bilan himoya qilishga uringan. Sud bu holatda so’z erkinligi himoya bo’la olmasligi haqida hukm chiqargan.
So’z erkinligini cheklash bilan bog’liq qanday amaliy muammolar bor?
Masalaning muammoli tomoni shundaki, so’z erkinligi cheklanishi mumkin bo’lgan holatlar keng qamrovli tushuchalar bo’lgani sababli, ularga aniq ta’rif va sharh berish oson emas. Masalan, bir kishining fikri, aytgan so’zi yoki qilgan amali boshqalarning diniy hissiyotlarini tahqirlashi mumkin. Ammo kishilarning diniy hissiyotlarini aynan nima va qay darajada buzishi qanday aniqlanadi? Qaysi rasm/karikatura kishilarning diniy hissiyotlarini haqorat qiladi-yu, qaysilari haqorat qilmasligini qanday belgilash mumkin?
Mazkur muammolarni misollar orqali ifoda etishga harakat qilamiz:
- Musulmonlar sigirni qurbonlik sifatida so’yishlari Hinduizm a’zolarining diniy hissiyotlarini kamsitishi mumkinmi? Shu asosda ular sigir so’yish taqiqlanishini talab qilishlari asosli bo’ladimi?
- Islom dini tarixi haqida ishlangan “Risolat” kinofilmida Ka’ba ichida butlarning sindirilishi aks etgan lavha bor. Butparastlar mazkur holatda o’z ilohlari va dinlari tahqirlangan, deb shikoyat qilishga haqlimi?
- Myanmar buddist rohiblarining musulmon Rohinjalarga qarshi sodir etgan zo’ravonliklari va jinoyatlari ko’pchilikka ma’lum. Xo’sh, musulmon satiristlari Dalai Lama va buddist rohiblarini qonxo’r jinoyatchi qilib tasvirlashi buddistlarning diniy hissiyotlarini tahqirlagani sababli taqiqlanishi kerakmi?
- Diniy jabhadan tashqari, katta hurmatga ega bo’lgan boshqa tarixiy yoki siyosiy shaxslar mavjud. Masalan Turkiya respublikasi asoschisi Otaturk. Ba’zilar Otaturkni payg’ambarlardan ham ulug’ zot deb hisoblaydi. Xo’sh, Otaturk karikaturasini chizib, mazax qilish mumkinmi?
- Qolaversa, qaysi dinlar himoya qilinishi kerak? Alohida din sifatida shakllanib ulgurmagan kichik diniy guruh yoki qadriyat va tushunchalarchi? Dinsizlarning ishonch va qarashlarichi?
Yuqoridagi misollardan ko’rinib turibdiki, so’z erkinligini cheklovchi, barcha holatlarni tartibga soluvchi va qamrab oluvchi qonun-qoidalarni ishlab chiqishning imkoni yo’q. Shu sababli so’z erkinligini cheklash masalasi, odatda, fikr ifoda etilgandan keyin ko’rib chiqiladi.
So’z erkinligini cheklash bo’yicha xalqaro tajriba
Yevropa Inson huquqlari sudi (bundan keyin YIH sudi) so’z erkinligini cheklash bilan bog’liq eng ko’p ishlarni ko’rib chiqqan xalqaro suddir. Yuqorida tilga olingan muammo va mavhumliklar sababli, YIH sudi so’z erkinligini qachon cheklash mumkinligi haqida har bir davlat o’zi mustaqil qaror berishi kerak degan fikrda. Ushbu Sud Yevropa Inson Huquqlari Bitimida (YIHBning ruscha va inglizcha matni) nazarda tutilgan huquqlarni ta’minlash uchun tashkil etilgan. YIHBdagi so’z erkinligini tushunchasi Fuqarolik va siyosiy huquqlar Paktida qabul qilingan so’z erkinligi tushunchasiga juda ham yaqin (YIHBning 10-moddasiga qarang). Asosiy farqi shundaki, YIHB mantida so’z erkinligini cheklashga faqatgina “demokratik davlatda vaziyat taqozo qilganda” ruxsat berilishi mumkinligi qayd etiladi. YIH sudiga ko’ra, bunday vaziyatning qachon paydo bo’lishi haqida har bir davlat o’zining tarixiy, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa faktorlarni hisobga olgan holda mustaqil qaror berishi kerak (Mazkur yondashuv ingliz tilida “margin of appreciation” deyiladi). Demak, so’z erkinligini qay hollarda cheklash Yevropada davlatlarning o’zlariga havola qilingan masaladir.
Umuman olganda, AQSh va G’arbiy Yevropa davlatlari so’z erkinligini cheklash yondashuvidan tobora uzoqlashib bormoqda. Masalan, AQShda bildirilgan fikr o’ta haqoratomuz, dinni tahqirlovchi va hattoki zo’ravonlikka chorlovchi bo’lsa ham, agar ushbu fikr bevosita tartibsizliklarni keltirib chiqarmasa yoki tartibsizliklarni keltirib chiqarish ehtimoli mavjud bo’lmasa, bildirilgan fikr so’z erkinligi himoyasi ostida qolaveradi. Yevropa sud amaliyotida ham so’z erkinligini cheklashdan voz kechish yondashuvi asos qilib olinayotganini ko’rish mumkin. Masalan, Buyuk Britaniyada dinni tahqirlash uchun 1923-yildan beri faqat ikki marta ma’muriy ish qo’zg’atilgan. Nayjel Vingrov tomonidan 1989-yilda Iso payg’ambar timsolini buzib ko’rsatuvchi filmga qo’yilgan taqiq 2008-yilga kelib olib tashlandi. Norvegiyada esa dinni tahqirlashga qarshi ish eng oxirgi marta 1936-yilda ko’rib chiqilgan.
Ammo G’arbiy Yevropada xolokostni rad etish va natsizm g’oyalarini tarqatishga jiddiy cheklovlar qo’yilgan. Masalan, Fransiyada xolokostni rad etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. 2001-yilda esa Germaniya va Fransiya “Google” kompaniyasidan natsizm g’oyalarini targ’ib qiluvchi vebsaytlarni www.google.de va www.google.fr qidiruv tizimlaridan olib tashlashni talab qildi. Bunga asos sifatida Yevropada natsizm g’oyalari tufayli ko’p sonli yahudiylarning qirib tashlangani fakt sifatida keltirilib, hukumat bunday g’oyalarning tarqalishiga chek qo’yishni lozim topgan.
So’z erkinligi din erkinligini cheklaydimi?
Umuman olganda, so’z erkinligi din erkinligiga bevosita salbiy ta’sir o’kazishi mumkin emas. Sababi, din erkinligi deyilganda har bir insonning, qayerda bo’lishidan qat’i nazar, biror dinga bemalol e’tiqod yoki amal qilish huquqi tushuniladi. So’z erkinligi kishilarning biror diniy ta’limotga ishonishlari yoki ishonmasliklariga mone’ bo’la olmaydi. Masalan, “Charlie Hebdo” haftanomasi chop etgan karikaturalar Fransiya musulmonlarining namoz o’qish, ro’za tutish, zakot berish yoki boshqa diniy arkonlarni bajarishlarini cheklamaydi. Din erkinligi o’z ichiga dinlarning barcha tomonidan birdek hurmat qilinishini, tahqirlovchi so’zlardan/fikrlardan himoya qilinish huquqini o’z ichiga olmaydi.
So’z erkinligi diniy hissiyotlarni tahqirlaganda, qanday huquqiy choralar ko’rish mumkin?
Firk bildirilishi natijasida alohida kishi yoki bir guruh kishilarning hissyotlari tahqirlanishi mumkin. Bunday vaziyatlarda hamisha mavjud huquqiy tizim va choralar doirasida chora ko’rish kerak. So’z erkinligining asosiy mohiyati ham shunda – “fikrlar bozorida” fikrlar erkin ifoda etilishi natijasida to’qnash keladi. Bir tomon alohida g’oya yoki ta’limotni xavfli deb bilsa, ikkinchi tomon mazkur g’oya yoki ta’limot nimaga xavfsiz ekanligini ayta oladi. Masalan, “Charlie Hebdo” nashri misolini oladigan bo’lsak, diniy qarashlari tahqirlangan kishilar payg’ambarlarining go’zal xulqidan misol keltirib, maqolalar yozishlari mumkin edi. Musulmon satiristlari esa “Charlie Hebdo” karikaturalari naqadar tuban ekanligini chizib ifoda etishlari maqsadga muvofiq bo’lishi mumkin.
Huquqiy choralar qo’llanilishi uchun karikaturalar qanday ijtimoiy zarar (Milning zarar yetkazish tamoilini eslang) keltirishini asoslab berish kerak. Bu esa mazkur holatda oson bo’lmaydi. Ammo Yevropada musulmonlarni kamsituvchi hislar va islomofobiya tabora avj olayotgan (Parijdagi voqealardan oldin Fransiyada musulmonlarga qarshi davlat siyosati va ayrim irqchilar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, Germaniyaning Drezden shahrida bo’lib o’tgan aksilislomiy yurish, Yevropaning turli shaharlarida masjidlar o’qqa tutilganligi kabi voqealarni eslang) davrda musulmonlarni kamsituvchi karikaturalarni chop etish ularga qarshi ko’proq nafrat uyg’otishini, musulmonlarga qarshi kamsitishlar avj olishiga yordam berishini da’vo qilish mumkin. Bular mazkur holatda so’z erkinligini cheklash uchun asos bo’lib xizmat qiladigan jiddiy faktorlardir.
Qolaversa, karikaturalar o’z satirik mohiyatini yo’qotgani, ular hukmron tabaqalarni emas, balki tobora ko’proq kamsitilayotgan aholi qatlamiga qarshi qaratilganini ham tilga olish mumkin. Zotan G’arb matbuotida “Charlie Hebdo” faoliyati aynan shu nuqtai nazardan tanqid qilindi. Chunki klassik satira, odatda, siyosiy kuchga ega bo’lgan shaxs yoki guruhlarga qarshi qaratilar edi. Yevropada esa musulmonlar iqtisodiy jihatdan ancha qoloq bo’lib, oxirgi paytlarda eng ko’p kamsitish, tazyiq va huquqbuzarliklarga duch kelmoqda.