Dolzarb mavzu, Maqolalar

Postsovet siyosiy rejimidan fuqarolik jamiyatiga oʻtish muammolari

Jahon xaritasida SSSRning parchalanib va yoʻqolib ketishi oqibati oʻlaroq uning hududida XX asrning 90-yillari boshida qator mustaqil davlatlar tashkil topdi. Hozir ularni “MDH davlatlari” deb atash rusumga kirdi. Ularning ichida Markaziy Osiyoning oʻrtasida joylashgan mamlakat – bu Oʻzbekiston Respublikasi – oʻzining oʻtgan 27 yillik mustaqillik davrida fuqaroik jamiyati qurishga doir qator islohotlarni amalga oshirdi.

Oʻtgan davr tajribasi shuni koʻrsatdiki, fuqarolik jamiyati Yevropaning yangi va eski dunyosidagi mamlakatlar kabi fuqarolik jamiyati qurish bosqichlarini bosib oʻtishi ancha mushkul va mashaqqatli oʻtish davri boʻlishini taqozo etar ekan. Ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasi tarixida bozor iqtisodiyotiga asoslangan tajriba va kapitalistik munosabatlar yoʻlini bosib oʻtmaganligi, bu mintaqadagi davlatlarning har birida bozor iqtisodiyotiga xos yagona milliy bozorning rivojlanmaganligi kabi holatlar fuqarolik jamiyati qurish islohotlarini jadal rivojlanishiga gʻov ekanligini taʼkidlab oʻtish lozim. Qolaversa, milliy mentalitet, madaniyat, maʼnaviyat, millat ruhiyati kabi jihatlarning demokratik qadriyatlarni oʻzlashtirish uchun hali tayyor emasligi ham oʻzini namoyon qilishi natijasida “fuqarolar faolligi” yoki nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) tashabbuslarini unchalik sezilmasligi ham oʻtish davri islohotlariga salbiy taʼsir etmoqda.

Shu bilan birga, fuqarolik jamiyatining iqtisodiy tayanchi, fuqarolik jamiyatiga oʻtishda asosiy iqtisodiy va siyosiy kuch sifatida namoyon boʻladigan oʻrta ijtimoiy qatlamning hali shakllanib boʻlmganligi omili ham fuqarolik jamiyati rivojlanishiga imkon bermayotganligi sezila boshlandi. Jamiyatdagi ijtimoiy qatlamlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini sustligi siyosiy partiyalarning demokratik prinsiplar asosida faoliyat yurita olmasligiga sabab boʻla boshladi. Jamiyatdagi ana shu holatlar hozirgi davrda har bir mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlanish yoʻli turli xilda va turli mezonlarda boʻlishini taqoz eta boshladi. Shimoliy Amerika va Yevropa mamlakatlar fuqarolik jamiyati qurishdan avval industrial jamiyatni barpo etganligi, sanoat va texnologiyalarni yuksak darajada rivojlanganligi, xususiy mulkchilik iqtisodiyotning asosi darajasiga koʻtarilganligi kabi tajribalar Markaziy Osiy davlatlari jamiyatlarida endi shakllanish bosqichini oʻz boshidan kechirayotganligi ham hozirgi islohotlarni amalga oshirishda turli muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Shuningdek, aholining siyosiy va huquqiy madaniyati hal oldingi anʼanalardan toʻliq xalos boʻlmaganligi, inson huquq va erkinliklari va demokratiq qadriyatlar fuqarolar dunyoqarashida namoyon boʻlishi kabi jarayonlar ham iqtisodiy va siyosiy omillar bilan bogʻliq holda sekin kechayotganligi ham oʻtish davrining katta muammolaridan biri sifatida oʻzni namoyon qilmoqda.

Shuningdek, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdan asosiy manfaatdor boʻlgan va bu kabi jamiyatga kuchli ehtiyoj sezayotgan asosiy ijtimoiy qatlam – mulkdorlarning kichik biznes korxonalari ham hali fuqarolik jamiyati amal qilayotgan AQSH hamda Yevropa mamlakatlari darajasitga yetgani yoʻq (qarang: jadval 1).

Markaziy Osiyodagi jadal rivojlanish yoʻlini boshlagan Oʻzbekiston Respublikasida 2017 yildan boshlangan fuqarolik jamiyati qurish islohotlarini yanada chuqurlashtirish zaruriyati xorijiy tajribalarni yanada kengroq oʻrganishni dolzarb vazifa sifatida hayot kun tartibiga qoʻymoqda. Fuqarolik jamiyati qurishda Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston mamlakatlari, uchun xos boʻlgan muammolar asosan quyidagilardan iboratdir:

  1. bu mamlakatlarda jamiyat va davlatni boshqarishda hamon milliy anʼanalardan voz kechish jarayonlari sekinlik bilan kechmoqda;
  2. jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy holatga mutanosib holda ijtimoiy qatlamlar oʻzlari ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarni (NNT) moliyaviy jihatlardan taʼminlashda passivlik qilmoqda;
  3. mamlakat oʻtish davrini oʻz boshidan kechirayotganligi sababli aholi oʻz manfaatlarini NNT vositasida qondirish tajribasini hali toʻliq egallagani yoʻq;
  4. mamlakatda demografik jaryonlar kuchli tarzda kechmoqda. Bu jarayon davlatning iqtisodiy-moliyaviy salohiyatini rivojlanishiga halal bermoqda. Masalan, Oʻzbekistonda har yili aholi 1,4-1,5 foiz oʻsgani holda, yalpi ichki mahsulot 5-6 foizga oʻsmoqda;
  5. fuqarolarning demokratik prinsiplarga xos huquqiy va siyosiy madaniyati endi oʻz rivojlanish bosqichini boshladi.

Hozirgi davrda Oʻzbekistonda NNT soni 1991-yildagi 200tadan 2018-yilda 9200 taga koʻpaydi. Mamlakatda avval bir pariyaviylik tizimi hukmron boʻlgan boʻlsa, hozir mamlakatda 4 ta siyosiy partiya faoliyat yuritmoqda. 16 ta yirik tarmoqlar kasaba uyushmalari fuqarolarning ijtmimoiy manfaatlarini qondirishga harakat qilmoqda. 10.000 ga yaqin oʻzini oʻzi boshqarish organlari, 1500 ta ommaviy axborot vositalari (ularning aksariyati xususiy va mustaqil) faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlanishi asosan 2017-yilga kelib boshlandi. 2016-yil oxirida Sh.M.Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi bilan fuqarolik jamiyati qurish sohasida bir necha oʻn yillarga teng boʻlgan oʻzgarishlar amalga oshirildi. Dastlab, fuqarolik jamiyatini rivojlanishiga toʻsiq boʻlib turgan toʻsiq – ijroiya hokimiyati tizimini huquqiy davlat talablari asosida isloh etishga muhim ahamiyat berildi. Zero, fuqarolik jamiyati faqat demokratik prinsiplar asosida faoliyat yuritadigan davlat sharotidagina rivojlanishi mumkin.

Dastlab fuqarolik jamiyati qurishga asosiy toʻsiq boʻlib turgan davlat ijroiya hokimiyati tizimini faqat boshqarish organi emas, balki fuqarolarga davlat xizmati koʻrsatish organiga aylantirishga doir islohotlarni amalga oshirdi. Bu sohadagi islohotlarga “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” prinsip asos qilib olindi. 2017-yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb eʼlon qilindi. 2016-yil 28-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Unga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek har bir tuman va shaharda (tumanga boʻysunuvchi shaharlardan tashqari) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonalari tuzildi. Qabulxonalar ishi natijasi asosida fuqarolarning turli sohalardagi byurokratik toʻsiqlarga duch kelishi, qonunga zid boʻlgan koʻplab idoraviy yoʻriqnomalarni bekor qilish, optimal boʻlgan bank kreditlari ajratish, tadbirkorlik boʻyicha noqonuniy tekshirishlarga barham berish haqida, huquq-tartibot idoralarining faoliyati tubdan oʻzgartirishga doir ishlar amalga oshirildi[2]. Bir yil ichida xalq qabulxonalariga 1,5 mln.dan ortiq murojaatlar kelib tushdi.

2017 yilning 8 sentyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonini qabul qilganidan keyin boshlandi. “Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi” mamlakatda ijroiya hokimiyati tizimini modernizatsiyalashning huquqiy asosi va strategik konsepsiyasini mujassamlashtirdi. Albatta, ijroiya hokimiyati tizimini xalq manfaatlari va ehtiyojlari asosida ishlaydigan boshqaruv organiga aylantirish – bu mamlakatda fuqarolik jamiyati va huquqiy davlatga xos boʻlgan xususiyatlar va belgilarni shakllanganligini anglata boshladi. Mazkur farmon bilan “Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi” tasdiqlandi. Mazkur farmonda nafaqat maʼmuriy islohotlarni amalga oshirish vazifalari, balki bu islohotlarning avj olishiga gʻov boʻlayotgan eski boshqaruv usullarining asoratlari, ularning qanday tarzda va qanday holatda davlat boshqaruvini modernizatsiyalashga imkon bermayotganligi tafsilotlarini atroflicha aniqlab berdi.

Konsepsiyaning mazmun-mohiyati va unda qoʻyilgan vazifalar rivojlangan mamlakatlardagi davlat ijroiya boshqaruvi tizimini modernizatsiyalash tajribasi bilan milliy anʼanalar oʻzaro uygʻunlashdi. Mazkur konsepsiyaga muvofiq 2017-yil 12-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Maʼlumki, qisqa davr – bir yil ichida mamlakatda davlat organlarining xizmat koʻrsatishga doir faoliyati sifatini oshirish, tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishda maqbul shart-sharoitlar va qulayliklar yaratishga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, 2017-yil 1-fevraldan Tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlarining tumanlar va shaharlar hokimliklari tuzilmasidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufiga oʻtkazilishi mazkur sohani rivojlantirish boʻyicha muhim qadam boʻlib, vertikal boshqaruvni shakllantirish, ularning samarali faoliyatini tashkil etish imkonini berdi. Natijada ushbu markazlar tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari soni 100 tagacha oshdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 aprelda qabul qilgan “Davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijroiya hokimiyati va uning mahalliy tuzilmalarini modernizatsiyalashning yangi bosqichini boshlab berdi. Farmonda, birinchidan, ijroiya hokimiyati va uning mahalliy tuzilmalarini asosiy faoliyatini aholiga davlat xizmati koʻrsatishga moslashtirish islohotlarining vazifalari eʼlon qilindi. Unda davlat xizmatlari agentliklariga murojaatlari davlat hokimiyati organlari mansabdorlari faoliyatiga doir axborotlar, ularni oʻz xizmat vazifalarini suisteʼmol qilishlariga doir xabarlarni tezlik bilan yetkazib turuvchi oʻziga xos “xalq monitoringi”ni shakllantirish nazarda tutildi. Natijada ijroiya hokimiyati faoliyati ustidan nafaqat jamoatchilik nazorati, balki fuqarolar nazorati amalga oshdi.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonda maʼmuriy islohotlarni amalga oshirish maqsadlaridan biri – bu nomarkazlashtirish asosida fuqarolik jamiyatini shakllantirishdir. Fuqarolik jamiyati davlat organlari hokimiyatlar boʻlinishining nafaqat gorizontal, balki vertikal boʻlinishi, yaʼni saylanadigan davlat organlarining oʻzaro muvozanatda mavjudligi sharoitidagina rivojlanishi mumkin.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan hozirgi islohotlar davrida fuqarolik jamiyatiga oid nazariy qarashlar va amaliy tasavvurlarga ega boʻlishdek yangi dolzarb vazifani hayot kun tartibiga qoʻymoqda. Ayniqsa, fuqarolik jamiyatining rivojlanish bosqichlari, belgilari, omillari, rivojlanganlik darajasi kabi koʻrsatkichlar oʻtish davrini oʻz boshidan kechirayotgan mamlakatlar uchun oʻz istibollarini belgilash, yangi vazifalarni qoʻyish, oʻz rivojlanish darajasini jahondagi boshqa mamlakatlar bilan taqqoslashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda hozirgi davrda fuqarolik jamiyatining rivojlanish indekslariga doir bilimlarga ega boʻlish – oʻz davrini oʻzi anglash demakdir.

Fuqarolik jamiyatini tadqiq etishning muhim jihatlaridan biri – bu uning rivojlanish bosiqichlari va darajalarini oʻlchashdir. Shu maqsadlarda hozirgi davr ijtimoiy-gumanitar fanlarida koʻplab turlicha koʻrsatkich va indekslardan foydalanilmoqda. Ular mamlakatlar yoki alohida mintaqalarda fuqarolik jamiyati darajasini tasniflashga imkon beradigan indekslar, shuningdek ularning demokratiyalashganligiga doir mezonlar koʻrsatkichlaridan iboratdir.

Indikator – eto bu butun bir tizim holati toʻgʻrisida fikr yuritish imkonini beradigan (murakkab tizimga doir) axborotlarning bir qismi hisoblanadi. Har qanday indikatorning oʻsib yoki oʻzgarib borishi sharhlashni va tushunishni taqozo etadi. Qolaversa, bir qarashda vaziyatni baholay olish uchun ham indikatorlarga nisbatan ehtiyojlr yuqori boʻlishi tabiiy bir holdir.

Indekslar yordamida fuqarolik jamiyatining turli jihatlarini baholashga imkon tugʻiladi: turmush kechirish sifati, aholini oʻzini oʻzi his qilishi, erkinlik darajasi, siyosatga taʼsir qilish darajasi, asosiy siyosiy institutlarga fuqarolik ishonchining oʻlchami, ijtimoiy sektorning faolligi, siyosiy va fuqarolik ishtirokining darajasi va hokazo.

Olingan koʻplab natijalarning bir xil maʼnoli emasligi va noanʼanaviyligi ularning asosida keng umumlashtirishlarni va istiqbolli xulosalarni olishga imkon bermaydi; lekin, shu bilan birga, olingan bu natijalar ijtimoiy va siyosiy oʻgarishlarni ochib berishi mumkin, alohida olingan mamlakat yoki uning mintaqalarini qiyosiy tahlil etishga imkon beradi.

Koʻpincha indekslarni hisolab chiqishning empirik bazasi reprezentativ terib va tanlab olish (jins, yosh, maʼlumotlilik va hududiy tumanlashtirish boʻyicha hissa yoki ulushni hisobga olgan holda) boʻyicha vaqti-vaqti bilan aholidan soʻrovlar vositasida olingan maʼlumotlardan iborat boʻladi. Biz bunda koʻproq ahamiyat kasb etadigan fuqarolik jamiyatining rivojlanish va uning demokratiyalashganlik darajalari koʻrsatkichlari va indekslari baʼzi birlari toʻgʻrisida fikr yuritamiz.

Fuqarolik jamiyatining indeksi (CIVICUS Civil Society Index). 2005 yildan boshlab MDH mamlakatlarining baʼzilarida fuqarolik jamiyatining indeksi (CIVICUS Civil Society Index) “Fuqarolik ishtiroki uchun butun jahon itiifoqi” tashkilotining loyihasi asosida oʻtkazila boshlandi. Loyiha fuqarolik jamiyati tashkilotlarini tadqiq etish va fuqarolar faolligini ragʻbatlantirishga qaratildi. Indeks fuqarolik jamiyati strukturalarining holati, ular yashayotgan va ishlayotgan tashqi muhit, fuqarolik jamiyati tashkilotlari amal qilayotgan va himoya qilayotgan qadriyatlar, bu tashkilotlarning taʼsirlarini oʻzida aks ettirdi.

Bu strukturlarni oʻlchash mamlakatdagi nodavlat ijtimoiy sektordagi faollik va uning oʻlchami, uning tarkibiy qismlari, oʻzaro aloqalari tartibotlari, fuqarolik jamiyati institutlari egalik qilayotgan resurslarni oʻz ichiga oladi. Tashqi muhitni oʻlchash quyidagi oʻlchamlar boʻyicha amalga oshiriladi: fuqarolik jamiyati institutlari targʻib etayotgan va oʻzida ifoda qilayotgan qadriyatlar, meʼyorlar va munosabatlar, ular oʻrtasidagi konsensus va nifoqlar.

Qadriyatlarni oʻlchash fuqarolik jamiyatining amal qilish va rivojlanishining huquqiy, siyosiy va sotsiomadaniy shart-sharoitlari, uning davlat, biznes, xalqaro nohukumat tashkilotlari bilan oʻzaro aloqalarigp taalluqlidir. Taʼsir qilishni oʻlchash fuqarolik jamiyatining ijtimoiy-iqtisodiy va siyoiy muammolar yechimini topishga aniq taʼsirini baholash bilan bogʻliqdir. Mazkur oʻlchamlarning har biri uchun alohida indikatorlar ishlab chiqilgan. Ulardan baʼzilari universallik xarakteriga ega, boshqalari esa oʻziga xos sotsial va madaniy oʻzgarishlarni oʻlchashda qoʻllanadi[3].

“Fuqarolik jamiyatining rivojlanish indeksi” – bu yangi xalqaro dastur boʻlib, u mamlakatlarga doimiy ravishda fuqarolik jamiyatini xalqaro standartlar bilan taqqoslash uchun imkoniyatlar yaratadi, shu asosda uni rivojlantirish yoʻllari ishlab chiqiladi. Oxir-oqibatda bu indeks – fuqarolik jamiyatini rivojlanishini va mustahkamlashning maqsadlari va dasturlarini ishlab chiqish va baholash vositasi vazifasini ham bajaradi.

Fuqarolik jamiyatini rivojlanishining yana bir koʻrsatkichi sifatida “Nohukumat tashkilotlarning bardoshlilik indeksi”ni koʻrsatish mumkin. Bu indeks Freedom House tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, u oʻrganilayotga mamlakatda nodavlat yoki notijorat tashkilotlarning rivojlanish darajasini oʻzida ifodalaydi. “Nohukumat tashkilotlarning bardoshlilik indeksi” oʻz ichiga yettita guruhni olgan fuqarolik jamiyatini rivojlanish darajasini qiyosiy baholash vositasi hisoblanadi: tashkiliy salohiyat, moliyaviy imkoniyatlar, huquqni himoya qilish faoliyati, ijtimoiy manfaatlarni oʻzida ifodalash imkoniyati, xizmat koʻrsatishni taklif etishi, infratuzilmasi va jamoatchilik oldidagi qiyofasi. Ular 1 dan 7 gacha shkala asosida oʻlchanadi (1 – yaxshi ahamiyat kasb etish, 7 – yomon ahamiyat kasb etish). 1 dan 3 gacha boʻlgan koʻrsatkich NNTni bardoshli ekanligini, 4 – oʻrtacha, 5 dan 7 gacha NNTni rivojlanishi va bardoshli boʻlishi uchun toʻsiqlar mavjud ekanligini anglatadi[4].

Keyingi oʻn yilliklarda fuqarolik jamiyatining yetukligi va uning inson taraqqiyotiga taʼsir eta olish darajasi mezonlariga (indikatorlariga) doir nazariy qarashlar rivojlanib bormoqda[5]. Olimlar tomonidan fuqarolik jamiyatinini yetukligi va inson taraqqiyotiga taʼsir eta olish mezonlaridan biri sifatida quyidagi ijtimoiy ishtirok indikatorlar koʻrsatkichlarini belgilaydi:

  • NNTning umumiy soni;
  • faol NNT soni;
  • NNT faoliyatiga jalb etilgan aholi;
  • NTT ishtirokida amalga oshirilgan tadbirlar va loyihalar;
  • alohida NNT va OAVning jamoatchilik tomonidan qanchalik eʼtirof etilishi;
  • jamoatchilik ishtiroki asosida qabul qilingan davlat qarorlarini amalga oshirish darajasi;
  • NNT tomonidan turli manbalardan olingan mablagʻlar asosidagi moliyalashish hajmi;
  • NNT ishtirokida amalga oshirilgan xizmatlar hajmi;
  • NNTning YAIMdagi hissasi;
  • NNTning milliy dasturlarda erishilgan yutuqlardagi hissasi.

Lekin, bizning fikrimizcha, bu indikatorlar qatoriga yana quyidagilarni kiritish lozim, deb hisoblaymiz:

  • oʻtish (transformatsiya) davrini oʻz boshidan kechirayotgan, fuqarolik jamiyati qurish yoʻlidan borayotgan mamlakatlar uchun alohida maxsus indikatorlar ishlab chiqish;
  • NNTning insonning turli manfaatlarini qanchalik darajada oʻzida ifoda etishi, ularning davlat qarorlarida qanchalik ifodalanganligiga doir koʻrsatkichlar;
  • NNTning aholi ijtimoiy qatlamlari manfaatlariga asoslangan taklif va tavsiyalarining qanchasi milliy qonunlarda ifodalanganligiga doir koʻrsatkich;
  • NNTningning davlat hokimiyati organlari faoliyatida qanchalik darajada ishtirok etayotganligiga doir koʻrsatkich;
  • NNTlarning jamiyat hayotida davlat organlaridan qanchalik mustaqil (de-fakto) faoliyat yurita olish qobiliyati darajasi koʻrsatkichi;

Umuman, xulosa qilib aytganda, bizning fikrimizcha, oʻz mustaqillik davrini boshlagan va fuqarolik jamiyatini shakllantirayotgan mamlakatlarda insonning oʻzini taraqqiy ettirishning quyidagi omillarining rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi:

inson oʻz manfaatlarini ifodalash va himoya qilish tajribasini ortiradi;

  • NNTni inson manfaatlarini himoya qilishi ularning asosiy maqsadiga aylanadi, ular davlat bilan fuqarolar oʻrtasida vositachilik qiladi;
  • NNT inson taraqqiyotini kafolatlashga qobil boʻlgan qonunlar qabul qilish jarayonlarida bevosita ishtirok etadi;
  • fuqarolik jamiyati institutlarining jamiyat va davlatni boshqaruvdagi oʻrnini oshib borishi bilan davlat boshqaruvi nomarkazlashib boradi;
  • fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatida ishtirok etish natijasida insonni sotsiallashish darajasi kuchayib boradi.

[1]Манба: Информация о состоянии и развитии малого бизнеса и частного предпринимательстсва в Узбекистане, 23.12.2018//www.mineconomy.uz/ru/node/2089.

[2]Mirziyoyev Sh.M. Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini taʼminlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruza (2016 yil 7 dekabr) // Milliy taraqqiyot yoʻlimizni qatʼiyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga koʻtaramiz.1-jild. – T.:Oʻzbekiston, 2017. – B.114–115.

[3]Индексы развития гражданского общества//www.helpiks.org/7-69318.html.

[4]Мерсиянова И.В. Индексы гражданской активности: сила и слабость методик.-М.,2008.-С.3-8.

[5]Данишевский К.Д., Елизаров В.В., Хананашвили Н.Л. Индикаторы социального участия // Цели развития тысячелетия и национальные проекты – стратегический выбор России.-Москва: Институт комплексных стратегических исследований, 2006.-С.7-8.

Muqimjon Qirgʻizboyev – siyosiy fanlar doktori, professor

 

Manba: http://uzanalytics.com

Comments are closed.