Savol: Soliq xodimlari tadbirkor ruxsatisiz kassadagi naqd pul tushumini olib ko’rishi qonunan to’g’rimi ?
Javob: O`zbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati to`g`risida”gi qonunining 4-moddasida davlat soliq xizmati organlarining asosiy vazifalari ko`rsatib o`tilgan. Ushbu moddaning 4-bandida pul mablag`larining g`ayriqonuniy aylanishi manbalariga barham berish, aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan naqd pul tushumining to`liq va o`z vaqtida topshirilishi ustidan muntazam nazoratni ta’minlash vazifasi ko`rsatilgan. Shuningdek ushbu qonunning 5-moddasida davlat soliq xizmati organlarining huquqlari belgilangan bo`lib, 1-qism 3-bandida savdo, tovarlarni berish va pullik xizmatlar ko`rsatish qoidalariga, shuningdek naqd pul tushumining bankka o`z vaqtida topshirilishiga rioya etilishini tekshirish huquqi belgilab o`tilgan. Ushbu moddaning 3-qismida esa 1-qism 3-bandida ko`rsatilgan huquq davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslariga tegishli ekanligi ko`rsatilgan.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.05.2010 yildagi 98-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi to`g`risida”gi nizomning 8-band 4-xatboshisida, 9-band “e” kichik bandi 1-xatboshisida pul mablag`larining noqonuniy aylanishi manbalariga barham berish, aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan naqd pul tushumlarining o`z vaqtida va to`liq topshirilishi yuzasidan tizimli nazoratni ta’minlash Davlat soliq qo`mitasining asosiy vazifa va funksiyalariga kirishi belgilangan. Shuningdek, ushbu nizomning 10-bandi 3-kichik bandida savdo, tovarlar sotish va pulli xizmatlar ko`rsatish qoidalariga rioya etilishini, shuningdek naqd pul tushumining bankka o`z vaqtida topshirilishini tekshirish Davlat soliq qo`mitasining vakolati doirasiga kirishi ko`rsatilgan.
O` zbekiston Respublikasining “Xo`jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to`g`risida”gi qonunining 17-moddasida xo`jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish chog`ida nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining huquqlari va majburiyatlari ko`rsatilgan. Unga ko`ra, nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xo`jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish chog`ida o`z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
tekshirilayotgan xo`jalik yurituvchi subyektlardan tekshirish o`tkazish bilan bevosita bog`lq bo`lgan zarur hujjatlar va boshqa axborotlarni talab qilish;
tekshirilayotgan xo`jalik yurituvchi subyektlarga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to`g`risida bajarilishi majburiy bo`lgan ko`rsatmalar berish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, xo`jalik yurituvchi subyektlar mulkdorlari oldiga aybdor shaxslarning javobgarligi to`g`risidagi masalani qo`yish;
tekshiruvga auditorlik tashkilotlarini va (yoki) ekspertlarni belgilangan tartibda shartnoma asosida jalb etish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda moliyaviy yoki ma’muriy jazo choralarini qo`llash;
rejali tekshirishlarni o`tkazish muddatini ko`chirish to`g`risida, basharti bunga obyektiv asoslar bo`lsa, maxsus vakolatli organga taqdimnoma kiritish.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining qonuniy talablari tekshirilayotgan xo`jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan bajarish uchun majburiydir.
Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xo`jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish chog`ida o`z vakolatlari doirasida quyidagilarni bajarishga majburdirlar:
tekshirilayotgan xo`jalik yurituvchi subyektlarga tekshirish o`tkazish huquqini beruvchi zarur hujjatlarni ko`rsatish;
xo`jalik yurituvchi subyektlar ishlashiga xalal bermaslik;
tekshirishlarni qayd etish daftariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yozib qo`yish;
davlat siri, tijorat yoki boshqa sirlar saqlanishini ta’minlash;
tekshirishlar natijalarini dalolatnoma (ma’lumotnoma) bilan rasmiylashtirib, uning bir nusxasini tekshirish tugagan kuni tekshirilayotgan xo`jalik yurituvchi subyektda qoldirish;
huquqbuzarlik hollari aniqlangan taqdirda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni ko`rish.
Ushbu qonunining 16-moddasida tekshirilayotgan xo`jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va majburiyatlari ko`rsatilgan. Unga ko`ra, tekshirilayotgan xo`jalik yurituvchi subyektlar quyidagi huquqlarga ega:
o`z faoliyatlari tekshirilishi to`g`risidagi tegishli axborotga ega bo`lish;
nazorat qiluvchi organlarning tekshiruvchi mansabdor shaxslaridan maxsus vakolatli organ yoki uning hududiy bo`linmalari qarorini, tekshirish o`tkazish uchun asos hisoblanuvchi boshqa hujjatlarni talab qilish, tekshiruvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishish;
tekshirish o`tkazish uchun asosga ega bo`lmagan shaxslarning tekshirish o`tkazishiga yo`l qo`ymaslik;
nazorat qiluvchi organlarning tekshiruvchi mansabdor shaxslarining vakolatiga kirmaydigan masalalarga oid talablarni bajarmaslik va tekshirish predmetiga taalluqli bo`lmagan materiallar bilan ularni tanishtirmaslik;
nazorat qiluvchi organlarning tekshiruvchi mansabdor shaxslaridan tekshirish tugagan kuni tekshirish natijalari to`g`risidagi dalolatnomaning (ma’lumotnomaning) bir nusxasini olish;
qonunda belgilangan tartibda tekshirish natijalari ustidan shikoyat qilish.
Xo`jalik yurituvchi subyektlar tekshiruvchilarning qonuniy talabiga binoan tekshirish o`tkazish uchun zarur bo`lgan materiallar va hujjatlarni taqdim etishga, ularni tekshirish ob’ektlariga kiritishga, tekshiruvchilarga o`z vazifalarini bajarishlari uchun ko`maklashishga majburdirlar.
Shuningdek, O` zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 92-moddasida soliq tekshiruvlarini boshlash tartibi belgilangan. Unga ko`ra, davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi soliq tekshiruvini o`tkazishni boshlashdan oldin, naqd pul tushumlariga taalluqli masalalar yuzasidan qisqa muddatli tekshiruv o`tkazilayotganda esa soliq tekshiruvi tugallanguniga qadar:
soliq to`lovchini soliq tekshiruvining maqsadi bilan tanishtirishi;
o`z xizmat guvohnomasini, shuningdek tekshirishlarni o`tkazishga ruxsat berilganligi to`g`risidagi maxsus guvohnomasini ko`rsatishi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshirishlarni qayd etish daftarini to`ldirishi;
soliq to`lovchiga xo`jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishlarni amalga oshirishning muvofiqlashtirish rejasidan ko`chirma nusxasini yoki nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organning rejadan tashqari soliq tekshiruvi yoki muqobil tekshiruv (ushbu Kodeks 88-moddasining uchinchi va beshinchi qismlarida ko`rsatilgan asoslarga ko`ra rejadan tashqari o`tkaziladigan tekshiruv bundan mustasno) o`tkazish to`g`risidagi qarori ko`chirma nusxasini, shuningdek davlat soliq xizmati organining tegishli soliq tekshiruvi tayinlanganligi to`g`risidagi buyrug`ining hamda soliq tekshiruvini o`tkazish dasturining ko`chirma nusxalarini topshirib, tilxat olishi shart.
Shuningdek, davlat soliq xizmati organlari kassadagi naqd pullarni tushishini tekshirishlari ham mumkin. O` zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 71-moddasida naqd pul tushumi kelib tushishining xronometraji o`tkazish tartibi ko`rsatilgan. Unga ko`ra, saliq to`lovchining naqd pul tushumi kelib tushishining xronometraji xronometraj o`tkazilgan davrda haqiqatda kelib tushgan naqd pul tushumini aniqlash maqsadida o`tkaziladi.
Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometraji naqd hisob-kitob asosida tovarlar realizasiya qiladigan yoki xizmatlar ko`rsatadigan soliq to`lovchi huzurida bevosita tovarlar realizasiya qilinadigan, xizmatlar ko`rsatiladigan joyda davlat soliq xizmati organi tomonidan o`tkaziladi.
Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometrajini o`tkazish to`g`risidagi buyruq soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bog`liq obyektlarni hisobga olish jarayonida soliq to`lovchi tomonidan tushum miqdori kamaytirilganligini taxmin qilish imkonini beradigan tafovutlar aniqlangan taqdirda, davlat soliq xizmati organining rahbari yoki rahbar o`rinbosari tomonidan qabul qilinadi.
Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometrajini o`tkazish to`g`risidagi buyruqda xronometraj o`tkaziladigan soliq to`lovchi, xronometrajni o`tkazish joyi va muddati, xronometraj o`tkaziladigan davr, xronometraj o`tkazish to`g`risida qaror qabul qilinishiga sabab bo`lgan tafovut, shuningdek davlat soliq xizmati organining xronometraj o`tkazadigan mansabdor shaxslari albatta ko`rsatiladi.
Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometraji kelib tushayotgan pul tushumini davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslari tomonidan kuzatish va qayd etish orqali o`tkaziladi. Xronometrajni o`tkazishga boshqa shaxslarni, shu jumladan ekspertlarni jalb etishga yo`l qo`yilmaydi.
Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometrajini amalga oshirish jarayonida tekshiruv o`tkazishga, soliq to`lovchidan biron bir axborot yoki tushuntirishlar talab qilishga, soliq to`lovchiga nisbatan talablar taqdim etishga yoki uning faoliyatiga boshqacha tarzda aralashishga yo`l qo`yilmaydi, bundan fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasida saqlanayotgan xronometraj o`tkazilayotgan vaqtga doir ma’lumotlarni olish mustasno.
Davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi naqd pul tushumi kelib tushishining xronometraji natijalari yuzasidan ma’lumotnoma tuzadi. Ma’lumotnomaning ko`chirma nusxasi soliq to`lovchiga topshiriladi.
Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometraji natijalaridan faqat taqdim etilayotgan soliq hisoboti to`g`riligini tahlil etish uchun, shuningdek soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bog`liq obyektlar to`g`risidagi ma’lumotlar bazasini yuritish uchun foydalaniladi. Xronometraj natijasi soliq to`lovchini javobgarlikka tortish uchun asos bo`la olmaydi.
Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometrajini o`tkazish tartibi O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi va O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
Yuqoridagilardan xulosa qiladigan bo`lsak, davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslariga pul mablag`larining g`ayriqonuniy aylanishi manbalariga barham berish, aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan naqd pul tushumining to`liq va o`z vaqtida topshirilishi ustidan muntazam nazoratni ta’minlash vakolati berilgan. Davlat soliq xizmati organlari, xo`jalik yurituvchi subyektlarni faqat tekshirish uchun asos bo`ladigan hujjatlar bo`lgandagina xo`jalik yurituvchi subyektlarni tekshirishlari mumkin. Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometraji o`tkazish ham maxsus buyruq orqali amalga oshiriladi. Davlat soliq xizmati organlari qonuniy tartibda tekshirishlar o`tkazayotganda, xo`jalik yurituvchi subyektlar ularning qonuniy talablarini bajarishi majburiyligi qonun hujjatlarida ko`rsatilgan. Davlat soliq xizmati organlari tekshirishlar o`tkazayotgan bo`lsa, tekshirish uchun kerak bo`lgan ma’lumotlarni olish uchun kassadagi naqd pullarni olib hisoblashi mumkin. Qolgan hollarda, ya’ni tekshirish o`tkazish uchun asosga ega bo`lmagan shaxslarning tekshirish o`tkazmoqchi bo`lsa, tekshiruvchi mansabdor shaxslarining vakolatiga ushbu masala kirmasa ularga naqd pullarni olib ko`rishiga yo`l qo`ymasligingiz mumkin. Agar noqonuniy ravishda, ya’ni tegishli hujjatlarni taqdim etmasdan yoki tekshirish uchun asoslar bo`lmagan hollarda soliq xizmati organlari sizning ruxsatingizsiz naqd pullarni olib ko`rsa, siz tegishli ravishda soliq xizmati organi mansabdor shaxsi ustidan Davlat soliq qo`mitasi rahbariyatiga yoki bevosita sudga murojaat qilishingiz mumkin.
One Comment