Fuqarolik huquqi

Shaxsning vafot etganligini qanday tasdiqlash mumkin?

Savol: Bir tanishimiz 2003-yilda Rossiyaga ishlagani ketgan. 2004-yilda o’ldi, degan spravka keldi, pasport bilan. Lekin bu spravka hech qayoqqa o’tmayapti. Ya’ni ZAGS va boshqa davlat idoralari bu spravkani tan olishmayapti. Masalan, o’sha odam nomidagi uyni ayoli o’z nomiga o’tkaza olmayapti. Qiz chet elga chiqmoqchi, otasini roziligisiz chiqa olmaydi va hokazo. Iltimos, nima qilish kerakligi haqida maslahat bering.

Javob: O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 36-moddasi fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish deb nomlanadi. Mazkur moddaga ko’ra, agar fuqaroning qayerda turganligi haqida uning yashash joyida uch yil moboynida ma’lumot bo’lmasa, basharti u o’lim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo’lgan deb taxmin qilish uchun asos bo’ladigan vaziyatlarda bedarak yuqolgan bo’lib, uning qayerdaligi haqida olti oy mobaynida ma’lumotlar bo’lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud uni vafot etgan deb e’lon qilishi mumkin.

Demak, vafot etganligi haqida ma’lumotnoma kelgan shaxsning yaqinlari uni, masalan ayoli erini vafot etgan deb e’lon qilinishi uchun fuqarolik sudiga murojaat qilishi kerak bo’ladi. Chunki ayoli yuqoridagi moddada keltirilgan manfaatdor shaxslardan biri hisoblanadi. Sud arizachining arizasini ko’rib chiqib, erini vafot etgan deb e’lon qilish haqida hal qiliv qarori qabul qiladi. Mazkur shaxsning ayoli taqdim etadigan erining vafot etganligi haqidagi ma’lumotnomaga asoslanib sud ayolning erini shu ma’lumotnomada vafot etgan deb ko’rsatilgan kunida vafot etgan deb qaror chiqarishi mumkin. Sudning ushbu qarori vafot etgan shaxsning ayoli hamda farzandlari uchun ma’lum muammolarga sabab bo’layotgan holatlarda ayol uchun erining, farzandlar uchun esa otasining vafot etganligini tasdiqlovchi asosiy hujjat bo’lib hisoblanadi.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Protsessual Kodeksining 286-moddasiga asoslangan holatda, ayol erini vafot etgan deb topish haqidagi arizani o’zi yashayotgan tuman fuqarolik ishlari sudiga beradi. Arizada nima sababdan erini vafot etgan deb topish lozimligi, ya’ni o’zi va farzandlari bilan bog’liq muammolarni yozadi. Arizaga esa pasporti nusxasi, erining vafot etganligi haqidagi ma’lumotnoma nusxasini ilova tarzida taqdim qiladi. Sudning erini vafot etgan deb topish haqidagi qarori Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida erini vafot etgan deb qayd qilish uchun asos bo’ladi.

Ma’lumot uchun shuni aytib o’tishimiz lozimki, O’zbekiston Respublikasida fuqarolik sudlari bir nechta tumanda bitta, ya’ni tumanlararo tashkil etilishi ham mumkin. Aynan ayol yashab turgan tumanda fuqarolik ishlari bo’yicha sud mavjud bo’lmasligi mumkin.

Comments are closed.