“Reklama to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunining 6-moddasida reklamaga doir asosiy talablar ko`rsatib o`tilgan. Ushbu qonunning 8-moddasida reklama beruvchining huquq va majburiyatlari belgilab qo`yilgan. Agar siz ushbu saytdan tijorat maqsadida foydalanmoqchi bo`lsangiz, “Elektron tijorat to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunining 4-moddasiga binoan, elektron tijorat ishtirokchisi bo`la olasiz. Ushbu qonunning 6-moddasida elektron tijoratni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxs to`g`risidagi axborot nimalardan iborat bo`lishi kerakligi ko`rsatilgan. Unga ko`ra, elektron tijoratni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxs tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridoriga:
– yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakli ko`rsatilgan holdagi to`liq nomini yoki jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini;
– pochta va elektron manzilini hamda o`zining davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risida
ma’lumotlarni;
– qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda litsenziyasi borligi to`g`risidagi ma’lumotlarni o`z ichiga olgan axborotni taqdim etishi yoxud uning bunday axborotdan foydalanish erkinligini ta’minlashi shart.
Qonun hujjatlarida elektron tijoratni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxs to`g`risidagi axborotga nisbatan boshqa talablar ham belgilanishi mumkin.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 07.01.2011-yildagi 6-sonli “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug`ullanishi mumkin bo`lgan faoliyat turlari ro`yxatini tasdiqlash to`g`risida”gi qaroriga ilova qilingan xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug`ullanishi mumkin bo`lgan faoliyat turlari ro`yxatining 47-bandida reklamani ishlab chiqish va joylashtirish faoliyati ham ko`rsatilgan. Agar siz reklama joylashtirish orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanmoqchi bo`lsangiz yuridik shaxs bo’lishingiz shart emas, lekin yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro`yxatdan o`tishingiz kerak. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro`yxatdan o`tish tartibi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 20.08.2003-yildagi 357-sonli qaroriga ilova qilingan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish, hisobga qo`yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi to`g`risida”gi Nizomda ko`rsatilgan. Unga ko`ra, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro`yxatidan o`tish uchun jismoniy shaxs o`zi yashaydigan tuman va shahar hokimligi huzuridagi “Tadbirkorlik subyektlarini ro`yxatdan o`tkazish inspeksiyasi”ga shaxsan kelgan holda yoki pochta xizmati orqali davlat ro`yxatidan o`tkazish to`g`risida ariza taqdim etadi.
Davlat ro`yxatidan o`tkazish to`g`risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi: 3×4 sm o`lchamdagi ikkita fotosurat; davlat bojining belgilangan miqdori to`langanligi haqidagi bank to`lov hujjati; ikki nusxada muhr va shtamp eskizlari (ixtiyoriy); pasport nusxasi.
Ro`yxatdan o`tkazuvchi organ ikki ish kuni ichida arizani ko`rib chiqib, jismoniy shaxsni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro`yxatga olishi yoki asoslangan tarzda arizani rad etishi kerak.
Ro`yxatga olinganda, soliq organi yakka tartibdagi tadbirkorga soliq to`lovchining identifikatsiya raqamini beradi. Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami muayyan soliq to`lovchi hisobga qo`yilganda unga beriladigan raqamdir.
Soliq to`lovchining identifikatsiya raqami muayyan soliq to`lovchiga bir marta beriladi. Soliq to`lovchining identifikatsiya raqami o`zgarmaydi va bekor qilinganidan keyin boshqa soliq to`lovchiga berilmaydi.
Ro`yxatdan o`tkazish va ruxsat berish tartib-qoidalari tugagandan keyin ro`yxatdan o`tkazuvchi organ belgilangan muddatda yakka tartibdagi tadbirkorga yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomani, shuningdek, agar yakka tartibdagi tadbirkor olishni xohlagan bo`lsa, ro`yxatdan o`tkazuvchi organning muhri bilan tasdiqlangan muhr va shtamp eskizini beradi.
Agar yakka tartibdagi tadbirkor ba’zi sabablarga ko`ra o`z faoliyatini muayyan muddatga to`xtatib tursa, tadbirkorlik subyektini davlat ro`yxatidan o`tkazuvchi organga bu haqda ariza bilan murojaat etishi kerak. Bunda davlat ro`yxatidan o`tganlik to`g`risidagi guvohnoma ham vaqtincha topshiriladi va tadbirkor vaqtincha faoliyat yuritmagan davr uchun qat’iy belgilangan soliqni hisoblash to`xtatib turiladi.
O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 18-moddasiga muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkor jismoniy shaxs hisoblanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkor O`zb.Res. Soliq kodeksining 370-moddasiga binoan, qat’iy belgilangan soliq to`lovchi hisoblanadi. 375-moddada qat’iy belgilangan soliqni hisoblab chiqish hamda to`lash tartibi ko`rsatilgan. Unda:
Soliq to`lovchining kalendar oyida ishlagan kunlari sonidan qat’i nazar, qat’iy belgilangan soliq tadbirkorlik faoliyatining turi va soliq to`lovchining faoliyatni amalga oshirish joyiga qarab belgilangan stavkalar bo`yicha to`lanadi. Faoliyatning bir necha turi bilan shug`ullanuvchi soliq to`lovchilar qat’iy belgilangan soliqni faoliyatning har bir turi uchun mazkur turdagi faoliyatga nisbatan belgilangan stavkalar bo`yicha alohida-alohida to`laydi.
Qat’iy belgilangan soliqni hisoblab chiqarish soliq bo`yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Qat’iy belgilangan soliq tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilgan oyning 25-kunidan kechiktirmay har oyda, soliq to`lovchi davlat ro`yxatidan o`tkazilgan joy uchun belgilangan stavkalar bo`yicha to`lanadi. Agar faoliyat amalga oshirilgan joy uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari davlat ro`yxatidan o`tkazilgan joy uchun belgilangan stavkalardan farq qilsa, qat’iy belgilangan soliq eng yuqori stavka bo`yicha to`lanadi.
Yuqoridagilardan xulosa qiladigan bo`lsak, siz jismoniy shaxs bo`lsangiz ham saytingizga belgilangan tartibda reklama joylashtirishingiz mumkin. Agar siz shu faoliyatingiz orqali daromad olishni ko`zlagan bo`lsangiz, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro`yxatdan o`tib, qat`iy belgilangan soliq to`lashingiz kerak. Agar siz saytingizga reklama joylashtirish orqali daromad olishni ko`zlamagan bo`lsangiz va muntazam joylashtirmasangiz, soliq to`lash majburiyati kelib chiqmaydi. O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 24-moddasida soliqlar va boshqa majburiy to`lovlar elementlari ko`rsatilgan bo`lib, soliq yoki boshqa majburiy to`lov soliq to`g`risidagi qonun hujjatlarida soliq to`lovchilar, shuningdek, ushbu soliq yoki boshqa majburiy to`lovni hisoblab chiqarish va to`lash uchun zarur elementlar belgilab qo`yilgan taqdirdagina belgilangan deb hisoblanishi ko`rsatilgan.