Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qaroriga binoan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi boshlandi. O‘tgan yillar mobaynida mazkur saylovni tashkiliy huquqiy ta’minlash va o‘tkazishga qaratilgan huquqiy baza yaratilib, yildan-yilga takomillashmoqda.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish va o‘tkazish “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan tartibga solingan. Ushbu qonun va “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq saylovda ishtirok etish huquqi fuqarolarning muhim siyosiy huquqi hisoblanadi. Saylovni o‘tkazishning mazkur qonunlarda nazarda tutilgan qoidalari hamda tartibini buzuvchi shaxslar belgilangan yo‘sinda javobgar bo‘ladilar. Bu esa saylov jarayonlarida saylovlarni o‘tkazish vaqtida ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov hujjatlarini qalbakilashtirish, berilgan ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash kabi holatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik fuqarolar yig‘iniga saylov o‘tkazishning qonunlarda nazarda tutilgan qoidalari hamda tartibini buzuvchi shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi. Jumladan, mazkur saylovlarda javobgarlik asosan quyidagi xatti-harakatlar natijasida yuzaga kelishi mumkin: turli ijtimoiy sabablarga ko‘ra saylovchilarning teng huquqliligi ta’minlanmaganda; saylovchilarni saylovda ishtirok etish yoki ishtirok etmaslikka majbur etish, shuningdek ularning xohish-irodasini erkin bildirishiga ta’sir ko‘rsatish kabi holatlarda; u yoki bu shaxsning ko‘proq ovozga ega bo‘lishi yoki boshqa sabablarga ko‘ra, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilganda; saylovning ochiq va oshkora amalga oshirilishi ta’minlanmaganda; saylovni tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashish maqsadida tuzilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar komissiyalari qonunda belgilangan vakolatlardan chetga chiqqan yoki ularni lozim darajada bajarmagan bo‘lsa; saylovni tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhi qonunda belgilangan vakolatlardan chetga chiqqan yoki ularni lozim darajada bajarmagan hollarda; saylov jarayonida hududda yashovchi aholining fikri hisobga olinmasdan, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vazifasiga boshqa nomzodlar ko‘rsatilganda yoki nomzodlarga qo‘yilgan talablardan chetga chiqilganda va uni ko‘rsatish muddatlari buzilganda; saylovlarning ochiq yoki yopiq ovoz berish tartibi buzilganda; sanoq komissiyasi tomonidan ovozlar noto‘g‘ri sanalganda; belgilangan tartibda takroriy ovoz berish o‘tkazilgan hollarda belgilangan talablardan chetga chiqilganda va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.
“Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasiga binoan fuqarolar yig‘inida hozir bo‘lgan fuqarolarning yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchisi vazifasiga saylangan hisoblanadi. Agar saylovda ishtirok etgan fuqarolar saylov davomida o‘zlarining saylash va saylanish borasidagi huquqlari buzilgan, shuningdek boshqa qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblasalar ushbu qonunning 30-moddasida belgilanganidek, fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilari saylovi natijalari yuzasidan fuqarolar yig‘ini qabul qilgan qaror ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega bo‘ladilar.
Agar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida fuqarolar yig‘inida ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning yarmidan kami ishtirok etgan bo‘lsa yoki fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi fuqarolar vakillarining yig‘ilishlarida o‘tkazilgan taqdirda, yig‘ilishda fuqarolar vakillarining uchdan ikki qismidan kami ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topiladi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari saylovi chog‘ida yo‘l qo‘yilib, oqibat natijada ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarlik tufayli saylov sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi qaratilgan jinoyatlar sifatida e’tirof etilib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida belgilangan jazo choralari qo‘llaniladi. Masalan, saylovni tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki olti oygacha qamoq yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (146-modda).
Sud amaliyotida fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilari saylovi natijalari yuzasidan fuqarolar yig‘ini qabul qilgan qaror ustidan beriladigan shikoyatlar juda kam uchraydigan ishlar turkumiga kirsa-da, bunday ishlar sudlarga taalluqli ekani belgilangan. Saylov komissiyasining qarorlari ustidan berilgan shikoyat boshqa turkumdagi shikoyatlardan o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turganligi bois, ular sud tomonidan shikoyat berilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay ko‘rib chiqilishi, agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa, darhol ko‘rib chiqilishi O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida (272-modda) mustahkamlab qo‘yilgan. Mazkur shikoyat sud tomonidan arizachini va tegishli saylov komissiyasining vakilini, agar shikoyat arizachiga emas, balki boshqa fuqaroga daxldor bo‘lsa, o‘sha shaxsni ham chaqirgan holda ko‘rib chiqiladi. Fuqarolarning muhim siyosiy huquqi – saylov huquqi bilan bog‘liq masala hal etilayotganligi bois, ushbu turkumdagi ishlarda prokurorning ishtirok etishi majburiy sanaladi. Sudning saylov komissiyasi qarori ustidan berilgan shikoyat bo‘yicha hal qiluv qarori chiqarilishi bilan darhol tegishli saylov komissiyasiga va arizachiga topshiriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikning milliy qonunchiligimizda belgilanishi xalqaro saylov standartlariga muvofiq bo‘lib, mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish maqsadida fuqarolarning davlat boshqaruvini amalga oshirishdagi ishtiroki va mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal qilishini ta’minlovchi muhim huquqiy kafolatdir.
O‘ktam Hamroyev,
Nodir Muxtorov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi
instituti xodimlari