Mehnat va jtimoiy ta'minot

Sababini ko’rsatmasdan ishdan bo’shatish mumkinmi?

Savol: Men 2006-yildan boshlab shahar kasalxonasida terapevt shifokor sifatida ishlay boshladim va 2010-yil fevral oyigacha shu yerda mehnat faoliyatimni davom ettirdim. 2010-yili fevral oyida mehnat ta’tiliga chiqib oilam bilan Rossiyaninig Samara shahriga to’yga bordik. Bu yerda men muzga yiqilib tushdim va oyog’imni ikki joyidan sindirib oldim. Shu holatda meni Samaraning shahar kasalxonasiga joylashtirishdi. Kasalxonada ikki oy davolanib uyga qaytdim. Bu yerda “siz ishga o’z vaqtida kelmadingiz” degan so’zlar bilan meni ish joyimdan bo’shatib yuborishibdi. Hozirgi kungacha kasalxona rahbaryati meni Mehnat kodeksining qaysi moddalari asosida ishdan bo’shatganliklarini tushintirib berishmayapti. Ular meni Mehnat kodeksining qaysi moddalariga asosan ishdan bo’shatishgan bo’lishi mumkin?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi 4-bandiga ko’ra, xodimning o‘z mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi sababli ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin.

Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzish quyidagi qoidalar asosida tartibga solinadi:

ichki mehnat tartibi qoidalari;

korxona mulkdori bilan korxona rahbari o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi;

ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan qo‘llaniladigan intizom haqidagi nizom va ustavlar.

Xodimning o‘z mehnat vazifalarini buzishi qo‘pol tusga egaligi yoki ega emasligi har bir muayyan holda sodir qilingan nojo‘ya harakatning og‘ir-yengilligiga hamda bunday buzish tufayli kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatlarga qarab hal etiladi. Kasalxona ichki mehnat tartibi qoidalari yoki yuqorida keltirilgan hujjatlarning biriga ko’ra, garchi  mehnatga qobiliyatsiz bo’lgan davringizga to’g’ri kelgan bo’lsada ish beruvchini bu haqia xabardor etmagan holda ikki oy davomida muntazam ishga bormaslik mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo’lgan mehnat vazifasini qo’pol ravishda buzish holati hisoblanishi mumkin.

Agar siz yoki sizning oila a’zolaringizdan biror kishi baxtsiz hodisa tufayli Rossiya kasalxonalaridan birida davolanayotganligingiz haqida ish joyingizga tegishli muddatlarda xabar bergan bo’lsa, korxona rahbari yuqoridagi moddalarda nazarda tutilgan asoslarga ko’ra sizni ishdan bo’shata olmaydi. Chunki qonunchilikka ko’ra, xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida va mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’tillarda bo‘lgan davrida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar ish joyingizga sizning vaqtinchalik mehnatga layoqatsizligingiz haqida hech kim tomonidan xabar berilmagan bo’lsa, ish beruvchi Mehnat kodeksining 100-moddasi 4-bandiga asosan siz bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.

Bunday holatda ish beruvchi xodimni mehnatga oid munosabatlarning bekor qilinishi to‘g‘risida kamida uch kun oldin xabardor qiladi yoki unga shunga mutanosib kompensatsiya to‘laydi. Agar siz ish beruvchiga mehnatga qobiliyatsizligingiz haqida xabar bermagan bo’lsangiz, unda ish beruvchi sizni ogohlantirmasdan va u sizning qaytib kelishingizni kutmasdan turib ham sizni ishdan bo’shatishi mumkin. Agar siz tomoningizdan mehnatga layoqatsizligingiz haqida ish beruvchiga vaqtida xabar berilgan bo’lsa, ish beruvchi sizning mehnatga qobiliyatsiz davringizda mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkin emas, boshqa hollarda esa yuqorida aytilgan muddatlarda sizni ogohlantirishi  lozim. Qonunchilikka ko’ra,

“Ogohlantirish muddati davomida, mehnatga oid munosabatlar xodimning aybli xatti-harakatlar sodir etganligi munosabati bilan bekor qilish to‘g‘risidagi ogohlantirishni istisno etganda, xodimga boshqa ish qidirish uchun haftada kamida bir kun shu vaqt uchun ish haqi saqlangan holda ishga chiqmaslik huquqi beriladi. Xodimni ogohlantirish muddatiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri, shuningdek uning davlat yoki jamoat vazifalarini bajargan vaqti qo‘shilmaydi, mehnatga oid munosabatlarning korxona tugatilganligi natijasida bekor qilinishi bundan mustasno”.

Mehnat shartnomasini bekor qilish buyruq bilan rasmiylashtiriladi. Oxirgi ish kuni mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi. Ish beruvchining buyrug‘ida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari Mehnat kodeksning 87, 89, 97, 100, 105, 106-moddalari ta’rifiga yoki mehnat shartnomasini bekor qilishning qo‘shimcha asoslarini nazarda tutuvchi boshqa normativ hujjatlar ta’rifiga to‘la muvofiq holda yozilib, Kodeksning yoxud boshqa normativ hujjatlarning tegishli moddasi (bandi) dalil qilib ko‘rsatiladi.
Demak, ish beruvchi xodimni ishdan bo’shatish  haqidagi buyrug’ida Mehnat kodeksining qaysi moddalariga ko’ra ishdan bo’shatayotganini asoslashi shart. Qonunchilikda ko’rsatilmagan asoslarga ko’ra xodimni ishdan bo’shatishi g’ayriqonuniy ishdan bo’shatish deb topiladi.

Mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini va mehnat shartnomasining bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusxasini berishi shart. Og’zaki aytilgan yoki mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruqda qaysi asoslarga ko’ra xodim ishdan bo’shatilayotgani aytilmagan holda ishdan bo’shatish qonunga xilofdir. Mazkur holatda ish beruvchi qaysi asoslarga ko’ra siz bilan mehnat shartnomasini bekor qilinayotganini asoslamaganligi yoki yetarli ma’lumot bermayotganligi uchun ish beruvchi ustidan sudga shikoyat qilishingiz mumkin. Rossiyada yuz bergan baxtsiz hodisa va sizning mehnatga qobiliyatsiz bo’lib qolishingiz haqida ish beruvchiga o’z vaqtida tegishli ravishda xabar bermagan bo’lsangiz ham sudga ishga tiklab berishini so’rab, Rossiyada siz bilan yuz bergan baxtsiz hodisani, mehnatga qobiliyatsiz vaqtingizda ish beruvchiga bu haqida xabar berishning imkoni bo’lmaganligini isbotlagan holda da’vo qilishinigiz mumkin. Mehnat shartnomasini g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilganlik yoki xodimni g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazganlik uchun ish beruvchi javobgar hisoblanadi.

Ishga tiklanganda ish beruvchiga xodimga etkazilgan zararni qoplash majburiyati yuklatiladi.

Zararni qoplash:

majburiy progul vaqti uchun haq to‘lash shartligidan (275-modda);

mehnat shartnomasi bekor qilinganligi yoki xodim boshqa ishga o‘tkazilganligi ustidan shikoyat qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar (mutaxassislardan maslahat olish, ish yuritish uchun ketgan xarajatlar va boshqalar) uchun kompensatsiya to‘lashdan;

ma’naviy zarar uchun kompensatsiya to‘lashdan iboratdir.

Ma’naviy zarar uchun to‘lanadigan kompensatsiyaning miqdori ish beruvchining xatti-harakatiga berilgan bahoni hisobga olib, sud tomonidan belgilanadi, lekin bu miqdor xodimning oylik ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas.

Xodimning iltimosiga ko‘ra sud ishga tiklash o‘rniga uning foydasiga (ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgandan tashqari) kamida uch oylik ish haqi miqdorida qo‘shimcha haq undirib berishi mumkin.

Xodim mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etilgan barcha hollarda ololmay qolgan ish haqini ish beruvchi unga to‘lashi shart. Bunday majburiyat, agar ish haqi ishga qabul qilish g‘ayriqonuniy ravishda rad etilganligi, mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilinganligi yoki xodim g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilganligi va mehnat nizolarini ko‘ruvchi organning bunday ishlar yuzasidan chiqarilgan qarori o‘z vaqtida bajarilmaganligi, mehnat daftarchasini berish kechiktirilganligi, har qanday yo‘llar bilan xodimning sha’niga dog‘ tushiruvchi ma’lumotlar tarqatilganligi natijasida, basharti bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasa, shuningdek boshqa hollarda olinmay qolgan bo‘lsa, kelib chiqadi.

Comments are closed.