Ayrim davlatlarda Ramazon oyida ro’za tutmaslik yoki jamoat joylarida ovqatlanish, suv ichish, yoki chekish uchun (ham musulmonlar, ham musulmon bo’lmaganlar) jinoiy javobgarlik belgilangan.
Quyida shunday javobgarlik amalda bo’lgan ayrim davlatlarni misol qilib keltiramiz.
2008-yilda Jazoirning janubida joylashgan Biskra shahrida sud 6 kishini ro’za vaqtida ovqat yegani uchun har birini 4 yil qamoq jazosiga va 1,300 AQSh dollari miqdorida jarima to’lashga hukm qilgan.
2009-yilda Misrning Asvan tumanida esa 150ga yaqin kishi ro’za tutmagani uchun qamoqqa olingan. Qizig’i, Misr qonunchiligida (2009-yil holicha) ro’za tutmaslik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmagan. Ammo Misr Ichki ishlar vazirligi bunday harakatlar Vazirlik vakolatlari doirasida amalga oshirilganligini aytgan. O’shanda Musulmon Birodarlar partiyasi dinda majburlash yo’q degan tamoyilga asoslanib, davlat idorasining mazkur xatti-harakatiga e’tiroz bildirgan edi.
Quvaytda 1968-yilda qabul qilingan qonunga ko’ra, ro’za vaqtida ovqat yegan, suv ichgan yoki chekkan kishi 350 AQSh dollari miqdorida jarima yoki bir oygacha qamoq bilan jazolanishi mumkin. Marokash Jinoyat Kodeksining (frantsuz tilidagi matni) 222-moddasiga ko’ra esa, Ramazon oyida jiddiy sababsiz ro’zani buzish uchun 6 oygacha qamoq jazosi yoki 150 AQSh dollari miqdorida jarima belgilanishi mumkin.
Malayziyaning Saravak shtatida (mavjud 13ta shtatlarning eng kattasi) amalda bo’lgan qonunga ko’ra, Ramazon oyida ro’za tutmaganlar birinchi marta qo’lga tushganda 6 oygacha qamoq jazosi yoki 300 AQSh dollari miqdorida jarima, ikkinchi marta qo’lga tushganda esa 1 yilgacha qamoq jazosi va 600 AQSh dollari miqdorida jarima bilan jazolanishi mumkin. Indoneziyaning Ache (Aceh) tumanida esa ro’za tutmaganlar 4 oygacha qamoq yoki jamoat oldida 2 marta darralash bilan jazolanishi mumkin.
Dinda majrburlash yo’q, degan tamoyil Islomda mashhur (Baqara, 2:256). Shunday ekan, yuqoridagi holatlarda jinoiy javobgarlikka tortish islomiy ta’limotga qarshi emasmi? Bu misollardagi jinoiy javobgarlik qanday huquqiy asoslarga ko’ra qabul qilingan? Islom dinining bir arkoni bajarilmagani uchun jinoiy javobgarlikka tortish to’g’rimi? Qilmishlar uchun jazo belgilashda davlat va jamiyat nimaga asoslanishi va qanday maqsadlarni ko’zda tutishi kerak?
Yuqoridagi savollarga turli munosabat bildirildi. Ba’zilarining asosiy mazmuni quyidagicha:
Davlat ro’za tutmaslik uchun jinoiy javobgarlik belgilashi umuman mantiqsiz, chunki kishi ro’zani o’zi uchun tutadi;
Dinga majburlash yo’q bo’lsa ham, dinda majburlash bor. Shuning uchun ro’za tutmaganlar yoki jamoat joylarida ovqat yeganlarga jazo belgilash to’gri;
Sababsiz ro’za tutmaslik yoki jamoat joylarida ovqatlanishga jinoyat deb qaralmog’i kerak;
Din va siyosat aralashganda shunday oqibatlar kelib chiqadi;
Aslida vaziyat aksincha, ro’za tutganlik uchun hozirgi vaqtda kishi qamalishi mumkin;
Ba’zi davlatlarda jinoiy javobgarlik belgilanmagan bo’lsa ham, jamoat joylarida ovqat yeganlik uchun kaltak yeyishingiz mumkin;
Dunyoviy davlatlarda qonunchilik u yoki bu dinga asoslanmaydi. Shuning uchun dunyoviy davlatda diniy ibodatlarni bajarmaslik uchun jinoiy javobgarlikka tortishni umuman tasavvur qilib bo’lmaydi. Shu sababli Indoneziya va Malayziya kabi davlatlar dunyoviy davlat hisoblangani uchun, ularda ro’za tutmaslik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishini tushunish qiyin. Kelgusi maqolalarimizda dunyoviy davlatda din qanday rol o’ynashi haqida yozamiz. Mazkur maqola esa ko’proq Shariat qoidalari qonunchilik manbalaridan biri sifatida ko’radigan davlatlarga tegishli.
Huquq nazariyasida davlat jazo belgilashda qanday maqsadlarni ko’zlashi kerakligi haqida ikki asosiy falsafiy qarash mavjud: utilitar (utilitarianism) va qilmishga yarasha jazo (retribution) yondashuvlari.
Utulitar yondashuv
Utilitar (“utility” so’zidan kelib chiqib, “foyda” ma’nosini bildiradi) yondashuv jinoyat uchun jazo belgilashda kelajakda sodir etilishi mumkin bo’lgan jinoyatlarning oldini olinishini asosiy maqsad qilib oladi. Bunda jazo kishilarni jinoyat sodir etishdan tiyib turadigan vosita sifatida ko’riladi. Utilitar yondashuvning ham shaxsga, ham jamiyatga qaraydigan jihatlari bor. Shaxsga qaraydigan jihati shundaki, jazo jinoyat sodir etgan shaxsni kelajakda yangi jinoyat sodir etishdan o’zini tiyib turishga chaqirsa, jamiyatga qaraydigan jihati butun jamiyatni jinoyat sodir etmaslikka undaydi.
Mazkur yondashuv tanqidchilariga ko’ra, utilitar yondashuv amalda kam samara beradi. Sababi, qonun-qoidalarga bo’ysunadigan kishi uchun jazo bilan qo’rqitishning keragi yo’q. Ular jazo belgilangan yoki belgilanmagan bo’lishidan qat’iy nazar qonunlarga itoat etadilar. Aksincha, qonun-qoidalarga bo’ysunmaydigan kishi uchun jazo bilan qo’rqitishdan foyda yo’q. Ular baribir jinoyat sodir etishi mumkin. Bunga misol qilib avval jinoyat sodir etgan jinoyati uchun jazolangan kishilar orasida qaytadan jinoyatga qo’l urish hollari ko’pligi aytiladi.
Qilmishga yarasha jazo yondashuvi
Qilmishga yarasha jazo yondashuvi kishini sodir etgan jinoyati uchun loyiq jazolashni asosiy maqsad qilib oladi. Bunda asosiy maqsad kelajakda jinoyatlarning sodir etilishini kamaytirish va oldini olish emas, balki jinoyatchiga sodir etgan jinoyatiga yarasha jazo berishdir.
Lotin tilida qilmishga yarasha jazo tamoyili lex talionis deb ataladi. Mazkur tamoyilni ham yahudiy va nasorolar, ham musulmonlarning diniy-huquqiy ta’limotlarida uchratish mumkin. Musulmon dunyosda ham “Jonga jon, qonga qon” yoki “Qasos haqdir” shiorlari keng tarqalgan (“Jonga jon, qonga qon” haqida Qur’onning Moida surasida gap ketadi, Moyida, 5:45). Lex talionis yondashuviga ko’ra, jabrdiydaga qanday zarar berilgan bo’lsa, jinoyatchiga ham loyiq jazo belgilanishi kerak. Mazkur yondashuv ko’proq qasos olishni nazarda tutib, qilmishga yarasha jazo yondashuvining asosini tashkil etadi.
Ro’za tutmaslik uchun jazo belgilashda davlat qanday maqsadlarni ko’zlaydi?
Jinoyat uchun jazo belgilash haqida ikki asosiy yondashuvni endi ro’za tutmaslik uchun jazolashga nisbatan qo’llasak. Yuqorida sanab o’tilgan davlatlarda kishilar ikki asosiy sababga ko’ra jinoiy javobgarlikka tortiladi. Birinchi sababga ko’ra kishi ro’za tutmagani uchun jazolanadi. Ikkinchi sababga ko’ra esa kishilarning ro’za tutmasdan jamoat joylarida ovqatlanishi ro’zadorlarga nisbatan hurmatsizlik deb ko’riladi va bunday qilmishlar jazolanishi kerak deyiladi.
Birinchi sabab, yani kishini ro’za tutmaslik uchun jazolashda, davlat ham utilitar, ham qilmishga yarasha jazo yondashuvlariga asoslanishi mumkin. Utilitar yondashuvga asoslanib, davlat ro’za tutmaslikni jinoiy qilmish deb baholaydi va bunday qilmishlarning oldini olish uchun jazo belgilaydi. Bundan ko’zlanadigan asosiy maqsad kishilarni ro’za tutishga majburlash. Ammo ma’lum bir qilmish jinoyat hisoblanishi uchun, u kishilar, jamiyat va davlat mafaatlariga jiddiy putr yetkazishi kerak. Islom dinida, boshqa dinlarda bo’lgani kabi, diniy arkonlarni bajarish bevosita kishi va Alloh o’rtasidagi munosabatlardan kelib chiqadi. Shuning uchun, ro’za tutmaslik boshqa kishilar manfaatlariga, xususan e’tiqodiga va ibodat qilish qobiliyatiga, jiddiy putr yetkazmaydi. Ro’za tutmaslik oqibatida jamiyat yoki davlat ham hech qanday zarar ko’rmaydi. Jamiyat yoki davlat manfaatlariga jiddiy zarari borligi aniq ko’rsatib berilmagan qilmish uchun jinoiy jazo belgilash asossiz hisoblanadi.
Qolaversa, ro’za tutmaslik uchun davlat va/yoki jamiyat qanday choralar ko’rishi mumkinligi haqida Islom dini olimlari orasida aniq bir kelishuv yo’qqa o’xshaydi. Masalan, Islom dinining asosiy tamoillaridan biri bu dinga(-da?) majburlash yo’q tamoilidir. Mazkur tamoyil asosan Baqara surasidagi oyatga asoslanadi. Baqara surasida jumladan shunday deyiladi:
“Dinga majbur qilish yo’q. Batahqiq, haq botildan ajradi. Kim tog’utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq, uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo’lur. Va Alloh eshituvchi, biluvchi zotdir.” (Baqara, 2:256)
Bir guruh olimlar fikriga ko’ra, Baqara surasida faqatgina dinga(!) majburlash yo’qligi haqida gap ketib, bevosita dinda(!) esa majburlov choralari ko’rish nazarda tutilgan. Ya’ni, kishini dinga kirishga majburlash yo’q bo’lsa ham, u musulmon bo’lganidan keyin diniy arkonlarni bajarishi majburiy bo’lib, davlat ogohlantirish va jazolash kabi majburlov choralarini ko’rishi mumkin. Ikkinchi guruh olimlar fikriga ko’ra esa, Baqara surasida ham dinga(!), ham dinda(!) majburlov yo’qligi haqida gap ketadi. Yani kishini ham Islom diniga kirishga, ham kirgandan keyin majburlash yo’q. Mazkur guruh Qur’onning 10:99, 10:108, 16:125 kabi oyatlariga tayanadi.
Albatta, har bir davlat o’z hududida yashovchi fuqarolar orasida ma’lum dunyoqarash va odob-axloq qoidalarining shakllanishi va rivojlanishiga qaratilgan siyosat olib borishi mumkin. Masalan, Fransiya hukumati dunyoviy davlatning keskin ko’rinishi (laicite) tarafdori bo’lgani uchun, jamiyat hayotida din hech qanday rol o’ynamasligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar ko’radi. AQShda dunyoviy davlatning boshqacha ko’rinishi tatbiq etilgan. AQShda davlat va din bir-birining ishiga aralashmasligi kerak degan tamoil ustun bo’lib, davlat dinning ijtimoiy hayotdagi rolini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko’rishi konstitutsiyaviy huquqlarga qarshi hisoblanadi.
Xo’sh, ba’zi davlatlar o’z fuqarolarini dindorroq qilish kabi maqsadlarnni ko’zlab, ro’za tutmaslik uchun jinoiy javobgarlik belgilashi o’rinlimi? Nazarimizda yuqoridagi kabi jazo turlarini qo’llash maqsadga muvofiq emas. Sababi, davlat ro’za tutmaganlarni va umuman diniy arkonlarni bajarmaydiganlarni jazolash orqali hech qanday ijobiy natijaga erisha olmaydi. Jinoiy jazo tahdidi bo’lgan davlatlarda fuqarolarning ibodatlari ixlos va ishonch bilan emas, balki davlat jazosidan qo’rqqanlari uchun amalga oshiriladi. Din dogmaga aylanib, fuqarolar din arkonlarini ko’r-korona qabul qiladilar. Bu esa oxir-oqibat fuqrolarning diniy arkon va ibodatlarni ixlossiz bajarishlariga sabab bo’ladi. Buni jamiyat miqyosida ko’radigan bo’lsak, fuqarolararo va fuqarolar va davlat o’rtasida samimiy munosabatlar o’rnatilishiga ham zarar yetadi. Chunki insonlar orasida samimiyat va rostgo’ylik yoqoladi. Davlat fuqarolarni rostgo’y va haqparvar bo’lishga undash o’rniga, ikkiyuzlamachi bo’lishga va diniy ibodatlarni xo’jako’rsinga amalga oshirishga rag’batlantiradi.
Ikkinchi sababga ko’ra, jamoat joylarida ovqat iste’mol qilish ro’zadorlarga nisbatan ko’rsatgan hurmatsizlik va shuning uchun bunday xatti-harakatlar jazolanishi kerak deyiladi. Davlatlarning jinoiy jazo belgilash siyosati hech qachon “hurmatsizlik” kabi mujmal mezonga asoslanmasligi kerak. “Hurmatsizlik” juda keng tushuncha. Bir kishi uchun oddiy hol bo’lgan narsa, ikkinchi kishi uchun hurmatsizlik bo’lishi mumkin. Yuqorida ta’kidlangani kabi, diniy ibodatlarni amalga oshirishda kishilar jamiyatga nisbatan hech qanday majburiyatlari yo’q. Diniy arkon va ibodatlarni bajarish kishi va Alloh o’rtasidagi munosabat bo’lib, bir kishining xatti-harakatlari boshqa kishining erkin ibodat qilishiga to’sqinlik qilmayotgan bo’lsa, jazo tayinlanishi yuqori darajada adolatsizlik hisoblanadi.
Masalaning yana bir muammoli jihati bor. Ro’za tutmaslik uchun jinoiy javobgarlik belgilansa, namoz o’qimaslik uchun ham jazo tayinlanishi kerak. Zero, namoz beshta Islom dini asoslari orasida ikkinchisi hisoblanib, muhimlik nuqtai-nazaridan ro’za tutishdan oldinda turadi. Aytaylik, davlat namoz o’qishni ham jinoiy jazo tahdidi bilan majburiy qilib qo’ydi. Buni nazoratini qanday amalga oshiradi? Hamma masjidda namoz o’qishga majburlanadimi? Uylariga kamera o’rnatiladimi? Xuddi shu yo’sinda, zakot va Haj safari kabi Islom dini asoslarini bajarishga majburlash qanday amalga oshiriladi?
Yuqoridagi sabablarga ko’ra, qilmishga yarasha jazo yondashuviga ko’ra ham jinoiy javobgarlik belgilash maqsadga muvofiq bo’lmaydi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, ro’za tutmaslik va umuman diniy arkonlarni bajarmaslikka javobgarlik belgilanmasligi kerak. Har bir kishining e’tiqod erkinligi ta’minlanib, diniy-falsafiy dunyoqarashlarning shakllanishi jamiyatdagi turli davlat va nodavlat institutlar vazifasi bo’lishi kerak.