Vijdon erkinligi

Ro’za tutmaslik jinoyatmi?

 Ayrim davlatlarda Ramazon oyida ro’za tutmaslik yoki jamoat joylarida ovqatlanish, suv ichish, yoki chekish uchun (ham musulmonlar, ham musulmon bo’lmaganlar) jinoiy javobgarlik belgilangan. Quyida shunday javobgarlik amalda bo’lgan ayrim davlatlarni misol qilib keltiramiz.

2008-yilda Jazoirning janubida joylashgan Biskra shahrida sud 6 kishini ro’za vaqtida ovqat yegani uchun har birini 4 yil qamoq jazosiga va 1,300 AQSh dollari miqdorida jarima to’lashga hukm qilgan.

 2009-yilda Misrning Asvan tumanida esa 150ga yaqin kishi ro’za tutmagani uchun qamoqqa olingan. Qizig’i, Misr qonunchiligida (2009-yil holicha) ro’za tutmaslik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmagan. Ammo Misr Ichki ishlar vazirligi bunday harakatlar Vazirlik vakolatlari doirasida amalga oshirilganligini aytgan. O’shanda Musulmon Birodarlar partiyasi dinda majburlash yo’q degan tamoyilga asoslanib, davlat idorasining mazkur xatti-harakatiga e’tiroz bildirgan edi.

 Quvaytda 1968-yilda qabul qilingan qonunga ko’ra, ro’za vaqtida ovqat yegan, suv ichgan yoki chekkan kishi 350 AQSh dollari miqdorida jarima yoki bir oygacha qamoq bilan jazolanishi mumkin. Marokash Jinoyat Kodeksining (frantsuz tilidagi matni) 222-moddasiga ko’ra esa, Ramazon oyida jiddiy sababsiz ro’zani buzish uchun 6 oygacha qamoq jazosi yoki 150 AQSh dollari miqdorida jarima belgilanishi mumkin.

 Malayziyaning Saravak shtatida (mavjud 13ta shtatlarning eng kattasi) amalda bo’lgan qonunga ko’ra, Ramazon oyida ro’za tutmaganlar birinchi marta qo’lga tushganda 6 oygacha qamoq jazosi yoki 300 AQSh dollari miqdorida jarima, ikkinchi marta qo’lga tushganda esa 1 yilgacha qamoq jazosi va 600 AQSh dollari miqdorida jarima bilan jazolanishi mumkin. Indoneziyaning Ache (Aceh) tumanida esa ro’za tutmaganlar 4 oygacha qamoq yoki jamoat oldida 2 marta darralash bilan jazolanishi mumkin.

 Bu misollardagi jinoiy javobgarlik qanday huquqiy asoslarga ko’ra qabul qilingan?Islom dinining bir arkoni bajarilmagani uchun jinoiy javobgarlikka tortish to’g’rimi? Qilmishlar uchun jazo belgilashda davlat va jamiyat nimaga asoslanishi va qanday maqsadlarni ko’zda tutishi kerak? Dunyoviy davlatda diniy qarashlar qanday ahamiyatga ega bo’lmog’i kerak? Dunyoviy davlat qonunchiligida din qanday rol o’ynashi kerak?

 Keyingi maqolamizda yuqorida tilga olingan masalaga huquqiy baho berishga harakat qilamiz. Hozir esa aziz o’quvchilarimizdan shu haqda fikr-mulohazalarini bildirishlarini so’raymiz. Dinda majrburlash yo’q, degan tamoyil Islomda mashhur (Baqara, 2:256). Shunday ekan, yuqoridagi holatlarda jinoiy javobgarlikka tortish islomiy ta’limotga qarshi emasmi?

4 Comments