Mirakmal NIYAZMATOV
XXI asrda texnologiyaning jadal taraqqiyoti hayotimizning barcha jabhalariga o’z ta’sirini o’tkazmoqda. Robotlashgan mexanizmlardan uyda, ko’chada, zavod va fabrikalarda keng foydalanilyapti. Davlatlarning qurolli kuchlari ham robotlardan borgan sari ko’proq foydalmoqda. Ma’lumotlarga ko’ra, 2004-yilda Iroq va Afg’onistondagi harbiy amaliyotlarda atigi 150 robotdan foydalanilgan bo’lsa, bugunga kelib urush jabhalarida qo’llanilayotgan robotlar soni 2000dan oshgan. Shu sababli davlatlar harbiy amaliyotlarni amalga oshirishda va davlat xavfsizligini ta’minlashda qo’llanilishi mumkin bo’lgan robotlarni ishlab chiqarishga qaratilgan izlanishlarga tabora ko’proq e’tibor va mablag’ ajratmoqda.
Bugungi kunda eng ko’p shov-shuvlarga sabab bo’layotgan robotlashgan mexanizmlardan biri bu dronlardir. Dronlar masofadan boshqariladigan pilotsiz samolyotlar bo’lib, AQSh qurolli kuchlari ixtiyorida bo’lgan eng sara harbiy texnikalardan biri hisoblanadi. Dronlarning harbiy amaliyotlarni amalga oshirishdagi samaradorligi yuqori bo’lgani sababli, ulardan oxirgi 10 yil ichida bo’lib o’tgan deyarli barcha harbiy to’qnashuvlarda foydalanildi. Masalan, AQSh harbiy arsenalida 10 mingdan ortiq dron borligi taxmin qilinadi. AQSh harbiy havo kuchlari dronlardan Afg’oniston, Iroq, Liviya, Pokiston, Somaliya va Yamanda terrorchi tashkilotlar deb e’lon qilingan guruhlarga qarshi jangovor amaliyotlarda foydalanyapti. Bugungacha dronlar eng ko’p Pokistonda qo’llanildi. U yerda AQSh kuchlari harbiy maqsadda o’rtacha to’rt kunda bir marta dron uchiryapti.
Dronlarni harbiy amaliyotlarda qo’llash ko’p bahsga sabab bo’lmoqda. Siyosatdonlar, huquqshunoslar va faylasuflar orasida ulardan foydalanishning samarasi, axloqiy va huquqiy jihatlari keng muhokama qilinmoqda.
Mazkur bahsli masala haqida saytimizda maqolalar seriyasini havola etmoqchimiz. Birinchi maqolamizda dronlar nima ekanligi, ulardan tobora ko’proq foydalanishning asosiy sabablari va ularning ustunlik va kamchiliklari haqida yozamiz. Kelasi maqolalarimizda esa, e’tiborni dronlardan harbiy hujumlarni amalga oshirishda foydalanish bilan bo’g’liq bo’lgan falsafiy va xalqaro huquqiy bahs-munozaralarga qaratamiz.
Dronlar nima?
Buyuk Britaniya Aviatsiyasi dronlarni “pilotsiz va masofadan boshqariladigan samolyot” deb ta’riflaydi. Dronlarni turli nomlar bilan atashadi: “pilotsiz samolyot,” “masofadan boshqariladigan samolyot,” “o’zi uchar samolyot,” “uchuvchisiz samolyot” va hokazo.
Dronlarning har-xil turlari mavjud. Global Hok (Global Hawk), Predator va Riper (Reaper) dronlar orasida eng kattalari hisoblanadi. Masalan, Global Hok 20 soatgacha mustaqil uchib, 18 ming km (60 ming fit) tepalikka chiqa oladi. Undan, asosan, axborot yig’ish, razvedka va kuzatishni amalga oshirish maqsadlarida foydalaniladi. Reyven (Raven) va Uasp (Wasp) esa dronlar orasida eng kichiklari hisoblanadi. Ularning og’irligi tahminan 2-4 kg bo’lib, 2 soat davomida uchib yurishi mumkin. Ular, asosan, askarlar tomonidan havoga otish orqali uchiriladi. Masalan, ular jang maydonida joylashgan binoning tomida yoki orqasida dushman askarlari mavjudligini, ular qanday vaziyatda turganini ko’rish va kuzatib borish maqsadida qo’llanilishi mumkin. Barcha dronlar o’ta sifatli videokamera va sensor bilan jihozlangan. Shu bois uchish mobaynida yerda bo’layotgan har qanday xatti-harakatni tasvirga olib, o’sha zahotiyoq yerdagi askar kompyuteriga yuboradi.
Ma’lumotlarga ko’ra, dunyo bo’ylab dronlarning 600dan ortiq turi mavjud bo’lib, ular, taxminan, 90 davlat harbiy kuchlari arsenalida uchraydi. ASQh va Isroil dron ishlab chiqaruvchi eng asosiy davlatlar hisoblanadi. Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya va bir necha Yevropa davlatlari ham dronlarni mustaqil ishlab chiqarish ustida izlanishlar olib bormoqda.
Dronlardan harbiy amaliyotlardan foydalanishning boshlanishi
Dronlar ilk marotaba ishlab chiqarilganda, ulardan harbiy hujum amalga oshirish maqsadida foydalanish ko’zlanmagan edi. Ular, asosan, axborot yig’ish maqsadida ishlatilgan. Masalan, dronlar O’tgan asrning 60-yillarida Vetnam urushi mobaynida AQSh qurolli kuchlari tomonidan axborot yig’ish va razvedka maqsadida qo’llanilgan. Isroil esa dronlardan Misr bilan bo’lan 1973-yilgi harbiy mojaroda axborot yig’ish va razvedka maqsadlarida foydalangan va keyinchalik qurolli hujumlarni ham amalga oshirish salohiyatiga ega bo’lish uchun dronlarga raketalar o’rnata boshlagan.
Dronlardan harbiy hujumlarni amalga oshirish maqsadida foydalanish, asosan, AQShda 2001-yil 11-sentabrdagi terror hujumidan keyin boshlandi. Keyinchalik AQSh hukumatining “Terrorga qarshi kurash” siyosati ko’lamida dronlar Afg’oniston va Pokistondagi harbiy amaliyotlarda qo’llanila boshladi. Dronlardan deyarli barcha harbiy maqsadlarda foydalansa bo’ladi: razvedka, uzoq muddatli kuzatish o’rnatish, axborot yig’ish, oldindan belgilangan shaxs yoki harbiy obyektni nishonga olish (targeted killing), keng ko’lamli bombardimon qilish va hokazo.
Dron harbiy amaliyotlarda qanday ustunlik beradi?
Dronlar, asosan, quyidagi sabablarga ko’ra harbiy amaliyotlarda tabora ko’proq qo’llanilyapti:
[1] Dronlarni ishlab chiqarish arzon: Dronlarni ishlab chiqarish pilotli harbiy samolyotlar ishlab chiqarilishga qaraganda oson va arzonroq. Masalan, “Predator” dronining narxi 4,5 million AQSh dollariga baholanadi. Bu esa pilotli harbiy jang uchoqlari narxidan, taxminan, 30 barobar arzon. Harbiy amaliyotlarni amalga oshirish davlat byudjeti uchun katta xarajat bo’lgani uchun dronlarning arzonligi ulardan tobora ko’proq foydalanishga sabab bo’lyapti. Shu bilan birga, Afg’oniston, Iroq va Pokiston AQSh uchun ancha uzoqda bo’lgan urush maydonlari bo’lgani sababli u yerga pilotli harbiy samolyotlarni emas, balki mustaqil ravishda 48 soatgacha uchib yurish salohiyatiga ega bo’lgan dronlarni yuborish eng samarali harbiy strategiya sifatida ko’rilmoqda.
[2] Askarlar orasida qurbonlar sonini keskin kamaytiradi: Dronlar pilotsiz uchadi. Dronlarning jang maydonidagi harakati minglab killometr masofadan boshqariladi. Masalan, AQSh harbiy kuchlarining Afg’oniston, Pokistion yoki Yamandagi harbiy amaliyotlari Texas shtatining Nevada cho’lida joylashgan harbiy bazadan boshqariladi. Dronlar masofadan boshqarilgani sababli ular dushman harbiy kuchlari tomonidan urib tushirilgan taqdirda ham, bevosita hukumat askarlari orasida qurbonlar bo’lmaydi. Urib tushirilgan dronda pilot bo’lmaganligi sababli, davlat pilot so’roq qilinishi natijasida qo’lga kiritilishi mumkin bo’lgan maxfiy harbiy ma’lumotlarning boy berilishi xavfi ham bo’lmaydi
[3] Universal xarakterga ega: Har qanday robot kabi, dronlar ham eng xavfli va murakkab amaliyotlarda foydalanish uchun ishlab chiqariladi. Jang maydonida vaziyat qanchalik og’ir yoki harbiy amaliyotni amalga oshirish muhiti qanchalik xavfli va qiyin bo’lmasin, dronlarni ikkilanmasdan ishga solsa bo’ladi. Dronlarda, robot hisoblanganlari sababli, insonlarga xos bo’lgan qo’rquv, talvasaga tushish, ikkilanish, vahima qilish kabi hissiyotlar yo’q. Shuning uchun robotlarni ishlab chiqarish bo’yicha olim Ronald Arkinga ko’ra, dronlar arzon, hissiyotsiz, chidamli, kimyoviy yoki biologik qurollarga qarshi bardoshli, harbiy obyektni tezroq va aniqroq nishonga olishga qodirdir.
Dronlarning yuqorida sanab o’tilgan ustunliklari bilan birga, ularning bir talay jiddiy kamchiliklari ham bor:
[1] Ishdan chiqishi oson: Dronlarning kutilmaganda ishdan chiqish ehtimoli juda katta. Harbiy mutaxassislarning ta’kidlashicha, Iroq va Afg’onistondagi harbiy amaliyotlar davomida dronlaring 30 foizdan ko’pi qulab tushgan. Ronald Arkinga ko’ra esa, 2007-yilda Iroqda ishlatilgan “Predator” dronlarining qariyb 40 foizi texnik sabablarga ko’ra ishdan chiqqan. Dronlar harbiy amaliyot nihoyasiga yetgandan keyin harbiy bazaga uchishga va qo’nishga dasturlangan bo’lsa ham, ular bilan boshqaruv aloqasi tamoman yo’qolgan va ularni urib tushirish uchun pilotli harbiy uchoqlar yuborishga to’g’ri kelgan holatlar ham bo’lgan.
[2] Xakerlar hujumiga bardoshsiz: Dronlarning boshqaruv dasturi xakerlar tomonidan oson buzilishi mumkin. Mutaxassislarning aytishiga qaraganda, shu kungacha xakerlar hujumi o’ta sodda uslublar orqali amalga oshirilgan. Xakerlar dronlarni boshqaruvchi dasturlar ichiga viruslar yuborish bilan birga, dronlar razvedka va axborot yig’ish natijasida yiqqan o’ta maxfiy ma’lumotlarni o’g’irlashni ham uddasidan chiqqan holatlar bo’lgan.
Dronlar va kelajak urushlari: Axloqiy-falsafiy masalalar (Ikkinchi maqola)