Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudi tomonidan 1972 yilda tugʻilgan Gulnora Karimova Islomovna 2017 yilning 18 dekabr kuni 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, deyiladi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabarida.
Insonparvarlik tamoyillari va mahkumning jinoiy yoʻl bilan orttirilgan pul mablagʻlari hamda davlatga yetkazilgan zararni qaytarish boʻyicha oʻz zimmasiga olgan majburiyatidan kelib chiqqan holda, jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudining 2018 yil 1 iyuldagi ajrimiga muvofiq, G. Karimovaning jazosi 5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.
Ozodlikni cheklash jazosi mahkum G. Karimovaning xohishiga koʻra uning qizi Iman Karimovaning yashash joyi boʻyicha tayinlangan. Bunda mahkum G. Karimovaga qonunchilikda belgilangan qator cheklovlarga, jumladan, turar-joyni tark etmaslik, aloqa va internet vositalaridan foydalanmaslik, shuningdek, zararni qoplash talabi qoʻyilgan.
G. Karimovaga agar ozodlikni cheklash jazosini oʻtashni qoʻpol ravishda buzish, shuningdek, sud tomonidan unga yuklatilgan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, sud ozodlikni cheklash jazosining oʻtalmay qolgan qismini boshqa jazo turlariga almashtirishi mumkinligi tushuntirilgan.
Ammo, G. Karimova jazoni oʻtash davrida sud tomonidan belgilangan cheklovlarni tizimli ravishda buzib, majburiyatlarini bajarmay keldi.
Masalan, 2018 yilning 22 noyabr kuni G. Karimova turarjoyni oʻzboshimchalik bilan tark etgan va shu munosabat bilan tartibni va jazoni oʻtash shartlarini buzishga yoʻl qoʻyilmasligi haqida ogohlantirilgan.
Ogohlantirishga qaramasdan, G. Karimova oʻziga tegishli xulosalar chiqarmasdan, jazoni oʻtash tartibi va shartlarini qoʻpol ravishda buzishda davom etdi. Jumladan, bir necha marta aloqa vositalaridan, shu jumladan, internetdan foydalangan, jinoyat ishi boʻyicha oʻrnatilgan yetkazilgan zararni qoplashga faol qarshilik qilgan.
Ichki ishlar vazirligi Jazoni oʻtash bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati taqdimnomasi asosida jazoni oʻtash talabi va shartlarini qoʻpol ravishda buzganligi sababli jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tumani sudi tomonidan G. Karimovaga nisbatan tayinlangan jazoning qolgan qismini jinoyat-ijro qonunchiligiga muvofiq umumiy rejimdagi koloniyada oʻtash jazosiga almashtirish toʻgʻrisida ajrim chiqarildi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova “Instagram” tarmogʻida ularning Toshkentdagi kvartirasiga prokuratura xodimlari kirib, onasini nomaʼlum tomonga olib ketgani haqida yozgandi.