Bojxona va soliq

Metall detektorni olib kirish mumkinmi?

Savol: Men internet orqali “металлоискатель” (ya’ni, yer ostidagi rangli metallarni aniqlaydigan qurilma) sotib olmoqchi edim. Qonunda bojxonadan o’tkazishda bu mahsulotga cheklash bormi, yo’qmi shuni bilmoqchi edim.

Javob: O’zbekiston Respublikasi Bojxona Kodeksining 9-moddasiga ko’ra, davlat xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, ma’naviyat, inson hayoti va salomatligini saqlash, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, O‘zbekiston Respublikasi hamda boshqa mamlakatlar xalqlarining badiiy, tarixiy va arxeologik boyliklarini, mulk huquqini, shu jumladan, intellektual mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqni, olib kirilayotgan tovarlarni iste’mol qiluvchilarning manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining boshqa manfaatlaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq ayrim tovarlar va transport vositalarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish cheklanishi yoki taqiqlanishi mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasi tomonidan 1998-yil 29-oktabrda tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasi hududiga radioelektron vositalari va yuqori chastotali qurilmalarni keltirish to’g’risidagi TARTIB”ga ko’ra, O’zbekiston hududida ishlatish maqsadi bilan radioelektron qurilmalar va yuqori chastotada ishlovchi har qanday elektron moslamalarni O’zbekiston hududiga olib kirish O’zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo’mitasining Elektromagnit to’lqinlar mosligi markazi tomonidan beriladigan ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.

Mazkur Tartibga qo’shimcha tarzda berilgan 1-ilovada,  O’zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo’mitasi ruxsati bilan olib kirilishi lozim bo’lgan radioelektron vositalar ro’yxati berilgan. Agar siz olib kirayotgan mahsulot ana shu ro’yxatda tilga olingan moslamalar toifasiga kirsa, siz bunday qurilmani olib kirishdan oldin O’zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo’mitasidan ruxsatnoma olishingiz lozim. Ruxsatnoma shakli Tartibning 2-ilovasida berilgan.

Bunday ruxsatnomani olish uchun O’zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo’mitasiga yozma, telefon orqali yoki shaxsan borib murojaat qilishingizni tavsiya etamiz.

Qo’mita joyashgan manzil va aloqa ma’lumotlari quyidagicha:

Manzil: O‘zbekiston Respublikasi, 100000, Toshkent shahar, Amir Temur shox ko`chasi 4
Telefonlar: +998 (71) 238-4107, +998 (71) 239-8782
Vebsayt: www.ccitt.uz
Elektron pochta manzili: info@ccitt.uz

2 Comments