Bojxona va soliq

Quyosh batareyalari uchun soliq to’lanadimi?

© Photo Wikimedia Commons

Savol: Xonadonlarga o’rnatiladigan quyosh batareyalari uchun davlatga soliq to’lanadimi? Shunday bo’lsa, buning tartibi qanday?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksida quyosh batareyalarini o’rnatganlik yoki undan foydalanganlik yoxud muqobil energiya turlarini o’rnatganlik yoki ulardan foydalanganlik uchun jismoniy shaxslarga ham, yuridik shaxslarga ham biron bir soliq turi belgilanmagan. Demak, O’zbekiston Respublikasida muqobil energiya manbalarini o’rnatganlik yoki ulardan foydalanganlik uchun soliq olinmaydi.

2013-yil 1-martda chiqarilgan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida” Farmoni 8-bandida 2013 -yilning I yarim yilligi davomida Vazirlar Mahkamasiga “Muqobil energiya manbalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini tayyorlab taqdim etish vazifasi ko’tarilgan. Ushbu qonun loyihasi tayyorlandimi, yo’qmi, bundan xabarimiz yo’q. Ammo “Muqobil energiya manbalari to’g’risida”gi qonun hozirgi kunga qadar qabul qilinmagan. Demak, muqobil energiya manbalari bilan bog’liq munosabatlarni tartibga soluvchi qonun mavjud emas.

Farmonning 6-bandida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi xalqaro ekspertlar ishtirokida ikki oy muddatda xorijiy mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda quyosh hamda biogaz energiyasini ishlab chiqaruvchilar va foydalanuvchilarni rag‘batlantirish, ularga soliq va bojxona imtiyozlari va afzalliklar berish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritsin, deyilgan.

Ma’lum bo’ladiki, yaqin kunlarda tegishli qonunlarga o’zgartirish yoki qo’shimcha kiritish natijasida va/yoxud “Muqobil energiya manbalari to’g’risida”gi qonun qabul qilinishi natijasida muqobil energiya manbalari, jumladan, quyosh batareyalarini O’zbekistonga olib kirishda bojxona imtiyozlari va afzalliklari beriladi, ulardan foydalanganlik uchun soliq imtiyozlari beriladi. Hozirda esa ushbu munosabat qonun bilan tartibga solinmaganligi va Soliq Kodeksida muqobil energiya manbalarini o’rnatganlik yoki foydalanganlik uchun soliq belgilanmanganligi tufayli soliq inspeksiyasi xodimlarining quyosh batareyalarini o’rnatganlik yoki foydalanganlik uchun soliq undirish harakati noqonuniy.

Soliq talab qilayotgan xodimlar ustidan tuman soliq inspeksiyasi boshlig’iga yoki bir paytning o’zida tuman prokuraturasiga shikoyat qilishingiz mumkin. Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida quyidagi maqolamizdan batafsil ma’umot olishingiz mumkin:

O’QING: Militsiya ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?

One Comment

  1. menga quyosh batareykalari kerak, ilmiy izlanishlarim uchun, quvvati 0.1-0.5kW bo’lgan 5-6ta narxi qncha va qayerdan topishim mumkin?