Tadbirkorlik

Qoramol olib sotish uchun ruxsatnoma kerakmi?

Savol: O’zbekiston Respublikasi hududida bir viloyatdan qoramol sotib olib (masalan 50 ta), uni boshqa bir viloyatga olib borib sotsam bo’ladimi? Buning uchun qanday qonun-qoidalarga amal qiilshim kerak? Ushbu faoliyat uchun menda qanday hujjatlar bo’lishi lozim?

Javob: “Veterinariya to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasida, hayvon va chorvachilik mahsulotlarining egalari (shuningdek, tadbirkorlar) hayvonlar hamda chorvachilik mahsulotlari va xom-ashyosi savdo-sotig‘ini faqat davlat veterinariya xizmatining ruxsati bilan maxsus ajratilgan joylarda veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya etgan holda amalga oshirishlari belgilangan.

Shu bois, agar siz bir viloyatdan boshqa bir viloyatga qoramol sotish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsangiz, avvalambor, o‘zingiz yashaydigan hududdagi davlat veterinariya xizmati idoralariga murojaat qilishingiz lozim. Ular sizga hayvonlar hamda chorvachilik mahsulotlari (shuningdek, qoramol) bilan savdo qilish huquqini beruvchi ruxsatnomalar beradi.

Davlat veterinariya xizmati hayvonlar hamda chorvachilik mahsulotlarini (shuningdek, qoramol) yuqumli kasalliklar bilan kasallangan deb gumon qilsa, bu kasalliklar  mavjud yoki mavjud emasligini tekshiruvdan o‘tkazadi. Davlat veterinariya xizmati mazkur holatlar natijasiga qarab, sizga sotish uchun ruxsat beradi.

Demak, O’zbekiston hududida bir viloyatdan boshqa viloyatga qoramol sotish bilan shug’ullanishingiz mumkin. Buning uchun o’zingiz yashab turgan tuman veterinariya xizmatidan maxsus ruxsatnoma olishingiz lozim. Qoramol savdosi bilan shug’ullanishda quyidagi qonunchilik normalaridan xabardor bo’lishingiz sizga yordam beradi:

  1. “Veterinariya to‘g‘risida”gi Qonun;
  2. Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi Qonun;
  3.  “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati vaxavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonun;
  4. “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun;
  5. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasining  2008-yil 19-iyundagi “Go‘sht va go‘sht mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i;
  6. 1997-yil 17-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida hayvonlarning egalariga veterinariya xizmatini ko‘rsatish qoidasi” .

Comments are closed.