Savol: Qonunlarni “suv qilib ichvorish” uchun konstitutsiya, kodekslar yetarlimi? Yetarli bo’lmasa, yana qanday kitoblar bor?
Javob: “Qonunlarni suv qilib ichib yuborish”ning iloji yo’q. Birinchidan, birgina O’zbekiston Respublikasida 500 dan ortiq qonunlar qabul qilingan va deyarli har yili u yoki bu qonunga tegishli o’zgartirish kiritiladi yoki bekor qilinadi. Siz har bir qonunni yoddan bilaman deyishingiz mumkin, lekin har bir qonun normasidagi hatto kichkina so’zning ham katta ahamiyati bo’lishi mumkin. Haqiqiy huquqshunoslar qonunni suv qilib ichishdan ko’ra, undagi doimiy o’zgartirishlardan xabardor bo’lib turishni afzal biladilar. Ikkinchidan, qonunlar tartibga soladigan munosabatlar ham turlicha va bitta qonun aynan bir munosabatni to’laligicha qamrab ololmaydi. Qonunni ijrosini ta’minlash uchun hatto o’nlab qonunosti normativ-hujjatlari qabul qilinadi. Albatta, har bir insonni qonunlardan xabardor bo’lishi, kerakli joyda qonunlardan unumli foydalanib o’z haq-huquqini talab qilishi juda muhim.
Qonun, kodekslardan tashqari Oliy Sud Plenumi qarorlarini ham ko’zdan kechirish hamda qonunlarga kiritiladigan o’zgartirishlardan xabardor bo’lish maqsadga muvofiq. O’zgartirishlar ommaviy axborot vositlarida e’lon qilib boriladi, masalan, “Xalq so’zi” rasmiy qonunchilik yangiliklarini yoritib boruvchi gazeta hisoblanadi.