Savol: Qonuniy nikoh yo’q, alimentni qanday to’layman?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksi 64-moddasiga binoan, mazkur Kodeksning 61,62-moddalarida nazarda tutilgan tartibda otalik belgilanganda, o’zaro nikohda bo’lmagan shaxslardan tug’ilgan bolalar ota-onasi va ularning qarindoshlariga nisbatan o’zaro nikohda bo’lgan shaxslardan tug’ilgan bolalar bilan teng huquq va majburiyatlarga ega bo’ladi.
Oila Kodeksining 61-moddasi 1-qismiga ko’ra, bolaning onasi bilan nikohda bo’lmagan shaxsning otaligi o’zini bolaning otasi deb tan olgan shaxs va onaning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish(FHDYO)organiga birgalikda topshirgan arizasiga binoan belgilanadi.
Mazkur moddadning 5-qismiga ko’ra, otalikni belgilash to’g’risidagi ariza bolaning tug’ilganligini qayd etish vaqtida, shuningdek bola tug’ilganligi qayd etilgandan keyin ham berilishi mumkin.
Demak, sizning holatingizda, o’zaro nikohingiz bo’lmasa-da, siz farzandingizni otasi ekanligingizni tan olib, FHDYO organlariga otalikni belgilash to’g’risida ariza bilan murojaat qilishingiz kerak. Natijada, bolaning tug’ilganlik haqidagi guvohnomasida otasi deb ko’rsatilgan joyda sizning ismi sharifingiz bo’lishi kerak.
Shuningdek, otalik belgilash siz tomoningizdan FHDYO organlariga ariza bilan murojaat etilib, ixtiyoriy ravishda belgilanmagan bo’lsa yoki FHDYO organi arizangizni qabul qilishni rad etsa, Oila Kodeksi 61-moddasiga ko’ra, otalik sud tomonidan belgilanadi.Ya’ni, otalikni belgilashni so’rab siz yoki boshqa tomon tuman fuqarolik sudiga murojaat qilish lozim.
Aliment masalasiga to’xtaladigan bo’lsak, Oila Kodeksi 96-moddasida ko’ra, ota-onalar bolalariga ta’minot berishi shart. Aliment to’lash to’g’risida, aliment miqdori ko’rsatilgan holda ota-ona o’rtasida kelishuv tuziladi va bu kelishuv notarial tasdiqlaniladi. Mana shu kelishuvga ko’ra aliment to’lab boriladi.
Oila Kodeksi 98-moddasi, 2-qismiga ko’ra, voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to’lash tartibi va shakli haqida ota-ona o’rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlarida zid bo’lmasligi kerak. Shuningdek, aliment miqdori har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining uchdan bir qismidan kam bo’lmasligi kerak (Oila Kodeksi 99-moddasi, 2-qismi).
Shuningdek, ota-ona o’rtasida bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda, nizo sud tartibida hal qilinadi. Ya’ni, siz yoki tomonlardan biri aliment miqdorini belgilashni so’rab tuman fuqarolik sudiga murojaat qilishi lozim (Oila Kodeksi 100-moddasi, 2-qismi).
Demak, xulosa o’rnida ta’kidlab o’tamiz;
- Farzandizni onasi bilan o’zaro nikohingiz bo’lmasa-da, bolaga nisbatan otalik belgilatgan bo’lishingiz kerak. Mabodo, bunday bo’lmasa unda birinchi navbatda tegishli FHDYO organiga otalikni belgilash to’g’risida ariza bilan murojaat qiling;
- Otalik belgilangandan keyin siz farzandingzni onasi bilan o’zaro kelishgan holda aliment to’lash haqida kelishuv tuzib, bu kelishuvni notarial tasdiqlatasiz, shunga ko’ra aliment to’laysiz.
- O’zaro kelishuvga erishilmagan holda, aliment sud tartibida undirilishini yodda tuting.