Yaqin do‘stim yurtimizda faoliyat yuritgan chet el kompaniyasida haydovchi bo‘lib ishlardi. O‘tgan yillar davomida uning biror marta bo‘lsa-da, xavfsizlik kamarini taqmagan holda mashina boshqarganini ko‘rmadim. Ammo xorijlik “shef”i qarshisida hamisha o‘zini batartib tutgan do‘stim shaxsiy mashinasini boshqarayotgan chog‘da bu “intizom”ga mutlaqo amal qilmasdi.
— Xorijliklar qonunga amal qilmaydiganlarni ayab o‘tirishmaydi, — dedi u buning sababini so‘raganimda. — Shaxsiy mashinani esa ishdan bo‘sh vaqtimda haydayapman.
Hamsuhbatimning javobidan ma’lum bo‘lishicha, u xorijlik rahbaridan jazo olmaslik uchungina ish vaqtida amaldagi tartib-qoidalarga rioya qilarkan. Achinarlisi shundaki, “ular”da har qanday fuqaro qonunlarga itoat etishi shart ekanini bilgan va beixtiyor o‘zi ham shu tartiblarga amal qilgan do‘stim respublikamizda ham xuddi shunday qonunlar borligini, har bir fuqaro (jumladan, O‘zbekistonga kelgan har qanday xorijlik ham) ularga qat’iy rioya qilishi lozimligini anglab yetmagan ko‘rinadi.
Xorijlik mutaxassislar o‘z ishlarini yakunlab, allaqachon vatanlariga ketib bo‘lishgan. Do‘stim esa hozir shaxsiy avtoulovida kirakashlik qiladi. Biroq u hali-hamon mashina boshqarish chog‘ida amal qilishi lozim bo‘lgan tartib-qoidalarga rioya qilishni o‘rganmadi. Hatto xorijliklarning qat’iyatligi ham unga ibrat bo‘lmagan, shekilli.
Yana shunga o‘xshash voqea. Toshkentdan qaytishda to‘rt kishi taksi yolladik. Qish chillasi emasmi, to‘xtovsiz yog‘ayotgan qor, qalin tuman shundoq ham olis va og‘ir yo‘lni qiyinlashtirishini anglab, haydovchidan mashinani ehtiyot bo‘lib boshqarishini iltimos qildik. Qayda! Poytaxt hududidan chiqib katta yo‘lga tushgach, haydovchi mobil telefonining “chakagi” ochildi. Ochig‘i, uning shu paytdagi holati go‘yoki istirohat bog‘ida sayr qilayotgan oshiq harakatlariga o‘xshab ketardi. Yo‘l esa har tomondan peshma-pesh g‘izillab o‘tib turgan avtoulovlar bilan tirband. Salonda yuragini hovuchlab o‘tirgan yo‘lovchilar unutilgan. Shu zaylda Gulistonga yetib ham keldikki, haydovchining qo‘li telefondan bo‘shamadi.
Haytovur, oramizdagi yoshi ulug‘roq Xudoyberdi akaning sabri chidamadi. “O‘v, bola, yo qo‘lingdagini o‘chirib, mashinani to‘g‘ri boshqar, yo bizni Toshkentga qaytarib olib bor, boshqa taksi yollaymiz”, —dedi biroz asabiylashib.
E’tirozdan keyin “sotka”ni biroz tinch qo‘ygan haydovchi baribir yo‘l davomida bir necha marta mobil telefonidan foydalandi. Bizni ajablantirgan holat nafaqat uning mashina boshqara turib tinimsiz telefonda so‘zlashgani, balki bir nechta nazorat postidan o‘tishimizga qaramasdan yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining haydovchi tomonidan tartibbuzarlikka yo‘l qo‘yilganiga e’tibor qilishmagani bo‘ldi.
Bunday qonunbuzarlik holatlariga har qadamda, istalgan joyda guvoh bo‘lish mumkin. Ochig‘i, bunga ko‘nikib qolgandek, shunday bo‘lishi lozimdek tutamiz o‘zimizni. Oddiy fuqarolardagi e’tiborsizlik, sovuqqonlikka chidasa bo‘lar, biroq qonun ijrosi uchun javobgar, mas’ul insonlardagi loqaydlikni qanday baholash kerak? Axir, bu yo‘lovchilar, qolaversa, mashina boshqarayotgan inson hayoti uchun qimmatga tushishi mumkin emasmi?!
“Qonunlar nega qabul qilinadi?” degan savol yuzasidan ijtimoiy so‘rov o‘tkazilgudek bo‘lsa, hech bo‘lmaganda ishtirokchilarning 80 foizi “Albatta, jamiyatni, hayotni tartibga solib turish uchun” degan javobni berishi tabiiy. Zotan, mustaqillik yillarida mamlakatimizda qabul qilingan, qabul qilinayotgan qonunlarimiz har bir fuqaroning farovon yashashiga, ular haq-huquqlarining to‘laqonli himoyasiga qaratilgan. Ta’kidlanganidek, har birimiz buni to‘g‘ri anglaymiz, bilamiz, tushunamiz. Ammo qonunni bilish, anglash bu hali unga hurmat bilan qarash, so‘zsiz amal qilish, itoat etish degani emas. Maqola avvalida tilga olingan voqealar qahramonlarining qonunlardan boxabar bo‘lgani holda ularga amal qilmagani bunga misol bo‘la oladi.
Yaqinda qaysidir gazetada bugungi kino mahsulotlarimiz saviyasi, mazmun-mohiyati haqidagi bahs-munozarali materialni o‘qib qoldim. Unda mualliflardan biri xorijiy filmlardagi birgina arzimas detalga ahamiyat qaratgan. U ham bo‘lsa, film qahramonlari mashina boshqarayotgan paytida har qanday sharoitda ham xavfsizlik kamarini taqishlari epizodi. Bir qarashda, bu unchalik ahamiyatli detal emasdek. Biroq masalaning mohiyatiga chuqurroq e’tibor qilsak, bu xuddi biz tilga olayotgan qonunga itoat etish madaniyatining bir ko‘rinishidir. Ehtimol, o‘sha filmlar ishlangan xorij davlatlarida ham fuqarolarning barchasi avtomobil boshqarish jarayonidagi qonun nazarda tutgan talablarga rioya qilmas. Ammo birgina shu detal — xavfsizlik kamarini taqish epizodining o‘ziyoq o‘sha mamlakat hududida bu talabga qat’iy rioya etilishi shartligini targ‘ibot qilishning oqilona bir usulidir. Demak, turli ko‘rinishdagi ommaviy targ‘ibot-tashviqot ishlari ham bu borada maqsadga erishishning ilg‘or usullaridan biri bo‘lishi mumkin ekan.
Xabaringiz bo‘lsa, bundan bir oy muqaddam “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilinib, rasman kuchga kirdi. Ushbu qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi bir qator qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi. Masalan, biz yuqorida tilga olib o‘tgan holat — transport vositasini boshqarish vaqtida uyali aloqa vositasidan foydalanish holati bo‘yicha endilikda javobgarga nisbatan respublikamizdagi eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida jarima solinadi. Bu hol shundan so‘ng ham bir yil davomida takror sodir etilsa, eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida jarima solinishi yoki transport vositasini boshqarish huquqidan 6 oygacha muddatga mahrum etilishi kabi chora qo‘llaniladi. Qonunchilikka shu va shu kabi o‘zgartishlarning kiritilishi bejiz emas, albatta. Binobarin, keyingi paytlarda avtohalokatlarning asosiy qismi aynan haydovchilarning transport vositalarini boshqarish chog‘ida amal qilishi lozim bo‘lgan qoidalarga rioya qilmasliklari oqibatida ro‘y bermoqda. Afsuski, bu kabi qoidabuzarliklar ko‘pincha inson umriga zomin bo‘lishi bilan yakun topmoqda. Shunday ekan, har birimiz to‘rt muchamiz sog‘ligida qonun-qoidalarga rioya etsak, hammasi yaxshi bo‘ladi. Shunday emasmi?
Davron ORIPOV,
“Hurriyat” muxbiri
Manba: Hurriyat gazetasi
One Comment