Maqolalar

Qiynoqlarga qarshi Konvensiya va O’zbekiston qonunlari

1984-yil 10-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g’ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi muomala va jazolashga qarshi” (bundan keyin “Qiynoqlarga qarshi Konventsiya”) Konvensiyasini qabul qildi. O’zbekiston Qiynoqlarga qarshi Konvensiyaga 1995-yil 28-sentabrda qo’shilib, unda mustahkamlangan majburiyatlarni bajarishni o’z zimmasiga olgan. Bugunga kelib Qiynoqlarga qarshi Konvensiyaga 160 davlat qo’shilgan.

Xo’sh, amaldagi qonunchilik qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g’ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi muomala haqida nima deydi?

  1. Qiynoqqa solish ta’qiqlanadimi?

Konstitutsiyaning 26-moddasiga binoan, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas. Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g’ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi muomala yana bir necha qonun hujjatlari bilan qat’iyan ta’qiqlanadi, jumladan Jinoyat Kodeksning 235-moddasi, Jinoyat Protsessual Kodeksning 17-moddasi va “Sudlar to’g’risida”gi Qonunning 10-moddasi.

  1. Qiynoq o’zi nima?

Jinoyat Kodeksining 235-moddasiga binoan, biron xatti-harakat qiynoq yoki boshqa shafqatsiz, g’ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hisoblanishi uchun uch talabga javob berishi kerak:

  1. Maqsad: Biror bir axborot yoki jinoyat sodir etganligiga iqrorlik ko‘rsatuvi olish, kishini sodir etilgan qilmish uchun o‘zboshimchalik bilan jazolash yoxud biror bir harakatni sodir etishga majburlash maqsadida;
  2. Mansabdor shaxs: Mansabdor shaxs (masalan, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, Ichki ishlar organi xodimi) yoki uning buyrug’i bilan jismoniy shaxs (masalan, bir mahkumning jazoni ijro etish muassasasi xodimi buyrug’i bilan boshqa mahkumni qiynoqqa solishi) tomonidan;
  • Ta’qiqlangan harakatlar: Ruhiy yoki jismoniy ta’sir ko‘rsatish (masalan, qo‘rqitish, urish, do’pposlash, qiynash, azob berish yoki qonunga xilof boshqa harakatlar).
  1. Qiynoqqa solishni oqlaydigan holatlar bormi?

Amaldagi qonunchilikda qiynoqlar qat’iyan ta’qiqlanmagan bo’lsa ham, Qiynoqlarga qarshi Konvensiyaning 2-moddasi qiynoqlarni qat’iyan ta’qiqlaydi. O’zbekiston Respublikasi mazkur Konvensiyaga qo’shilganligi uchun, uning qoidalariga amal qilish davlatning majburiyatidir.

Qiynoqlarga qarshi Konvensiyaning 2-moddasiga ko’ra, hech qanday favqulodda holat, jumladan urush yoki urush xavfi, ichki siyosiy beqarorlik yoki boshqa har qanday favqulodda tahdid, qiynoqqa solishni oqlashi uchun qo’llanishi mumkin emas. Shu bilan birga, yuqori turuvchi xodim yoki organ tomonidan berilgan qiynoqlarni qo’llash to’g’risidagi buyruq qiynoqlarni oqlash uchun qo’llanishi mumkin emas.

  1. Qiynoqlar yordamida olinga dalillar maqbulmi?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004-yil 24-sentabrdagi 12-sonli “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi Qarorining 3(v) bandiga binoan, aybiga iqrorlik to’g’risidagi ko’rsatuvlar va boshqa dalillar qiynoqqa solish, zo‘rlik ishlatish hamda insonga nisbatan boshqa shafqatsiz yoki uning sha’ni, qadr-qimmatini kamsituvchi munosabatda bo’lish orqali olingan bo’lsa, bunday dalillar nomaqbul hisoblanadi (yani yuridik kuchga ega bo’lmaydi va ayblov asosiga qo’yilishi mumkin emas).

  1. Qiynoqlarni qo’llash bilan tanilgan davlatga ekstraditsiya qilish mumkinmi?

Jinoyat-Protsessual Kodeksning 601-moddasiga binoan, O’zbekiston Respublikasi hududida bo’lgan shaxsni ushlab ekstraditsiya qilish qonuniy bo’lishi uchun, ektraditsiya so‘rovini yuborgan xorijiy davlat topshirilgan shaxsni qiynoqlarga, zo’ravonlikka, shafqatsiz yoki inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi muomalaga duchor etilmasligini va unga nisbatan o’lim jazosi qo’llanilmasligini kafolatlashi kerak.

  1. Qiynoqlarni qo’llagan mansabdor shaxsga qanday jazo belgilangan?

Jinoyat Kodeksining 235-moddasiga ko’ra, mansabdor shaxs kishini qiynoqqa solgani yoki boshqa turdagi shafqatsiz, g’ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalada bo’lgani uchun quyidagicha jazolanishi mumkin:

  • — Qiynoq yoki shafqatsiz, g’ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala uchun, — uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
  • — Yuqoridagi harakat [a] hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlikni qo‘llagan holda yoki shunday zo‘rlikni qo‘llash tahdidi bilan; [b] milliy, irqiy, diniy yoki ijtimoiy kamsitish zamiriga asoslangan har qanday sabab bo‘yicha; [v] bir guruh shaxslar tomonidan; [g] takroran; [d] voyaga etmagan shaxsga yoki homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • — Yuqoridagi harakatlar badanga og‘ir shikast etkazilishiga yoxud boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, — muayyan huquqdan mahrum etib, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

 

  1. Qiynoq qurbonlari nima qilishi kerak?
  • — Qiynoqqa solgan kishining ismi-sharifini va mansabini/unvoni eslab qolishga harakat qiling;
  • — Zudlik bilan doktorga murojaat qilib, badaningizdagi jarohatlarni ko’rsating. Sizga qarshi faqat ruhiy tazyiq o’tkazishgan bo’lsa, doktorga batafsil bayon eting. Doktor xulosasida tan yoki ruhiy jarohatlaringiz aniq tasvirlangani tekshiring;
  • — Badaningizdagi jarohatlarni rasmga olib, sanasi bilan saqlab qo’ying;
  • — Qiynoqlar sababli ruhiy azob chekayotgan bo’lsangiz, psixologga murojaat qiling va ruhiy azob sabablarini batafsiz bayon eting;
  • — Tegishli davlat idoralariga, xususan prokuratura, yuqori turuvchi Ichki ishlar bo’limiga, Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakiliga (ombudsman) yoki Bosh Vazir va tegishli boshqa organlarning virtual qabulxonasiga shikoyat qiling;
  • — Malakali advokat yollab, sizni qiynoqqa solgan shaxs ustidan sudga shikoyat topshiring;
  • — Siz bilan kechgan voqeadan keng omma voqif bo’lishini istasangiz, ijtimoiy tarmoqlar hamda milliy va xalqaro ommaviy axborot vositalariga murojaat qiling.

 

Comments are closed.