Fuqarolik huquqi

Qirg’izistonlik qizga qanday uylansam bo’ladi?

Savol: Men O’zbekiston fuqarosiman. Qirg’izistonlik qizga uylandim. Menga nikoh tuzish tartibi haqida ma’lumot bersangiz.

Javob: “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish Qoidalari”ga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi FHDYO organlarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining MDH mamlakatlari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan nikohini qayd etish hamda chet el fuqarolari o‘rtasidagi nikohni qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.

Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va O‘zbekiston fuqarosi o‘rtasidagi nikohni qayd etish agar ushbu shaxsning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish vizasi nikoh tuziladigan kunda haqiqiy bo‘lsagina amalga oshiriladi.

Bunda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning nikohga kirish haqidagi arizasiga uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilinishi lozim.

O‘zbekiston fuqarosi bilan nikohga kirgan MDH mamlakatlari fuqarolarining, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatiga nikoh qayd etilganligi to‘g‘risida belgi qo‘yiladi.

Belgi tegishli ravishda o‘zbek, rus yoki ingliz tilida qo‘yilishi kerak.

Nikohni qayd etish qoidalari

Oila kodeksining 14 va 15-moddalariga muvofiq, nikohlanuvchilarning o‘zaro roziliklari va ularning nikoh yoshiga yetganliklari nikoh tuzishning asosiy shartlari hisoblanadi.

Nikoh yoshi erkaklar uchun 18, ayollar uchun 17 yosh etib belgilanadi.

Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan 1 yilga kamaytirishi mumkin.

Nikoh nikoh tuzishni xohlovchi shaxslar bu to‘g‘rida ulardan birining yashash joyidagi FHDYO organiga belgilangan shakldagi ariza bilan murojaat etgan kundan 1 oy o‘tgach qayd etiladi.

FHDYO organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslarning nikohini qayd etish to‘g‘risidagi arizasini qabul qilishda belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanma beriladi.

Alohida hollarda, istisno tariqasida (agar ota-onasi va nikoh tuzayotgan yoshlar O‘zbekiston Respublikasining turli viloyat yoki tuman (shahar)larida yashab turgan bo‘lsalar) otasi yoki onasining yozma arizasiga ko‘ra nikoh ota-onasining yoki ulardan birining yashash joyidagi FHDYO organida ham qayd etilishi mumkin.

FHDYO organi mudiri uzrli sabablar bo‘lganda, arizachilarning iltimoslariga ko‘ra 1 oylik muddatni qisqartirishi mumkin.

Bunda uzrli sabablarni tasdiqlovchi — bolalarining tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari, tibbiyot muassasasining kelinning homiladorligi haqidagi ma’lumotnomasi, xizmat safari to‘g‘risidagi va shu kabi hujjatlar ko‘rsatiladi.

FHDYO organi nikohni qayd etish vaqtini belgilayotganda nikohdan o‘tuvchilardan uni tantanali vaziyatda o‘tkazilishiga roziligini aniqlashi lozim. Tantanali nikoh faqat nikoh tuzuvchilarning xohishlariga ko‘ra o‘tkaziladi. Nikohlanuvchilarning istaklariga binoan nikoh ularning qarindoshlari, tanishlari ishtirokida qayd etiladi. Nikohni qayd etishda guvohlarning soni ikki kishidan ortiq bo‘lmasligi kerak.

Nikohga kirish haqidagi arizani berishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar: pasport, harbiy bilet, ofitser yoki praporshchikning shaxsiy guvohnomasi ko‘rsatilishi kerak.

Agar nikoh tuzishni xohlovchi harbiy xizmatchi nikohga kirish haqidagi arizani xizmatni o‘tayotgan joyida bersa, tegishli harbiy qism yoki muassasa joylashgan manzil harbiy xizmatchining yashash joyi hisoblanadi.

Agar biron-bir sabab bilan nikoh tuzuvchilarning ikkalasi ayni bir vaqtda kelishi imkoniyati bo‘lmasa, u holda FHDYO organiga arizani ulardan biri berishi mumkin. Bu holda kela olmagan shaxsning imzosi belgilangan tartibda tasdiqlangan bo‘lishi lozim.

Nikohni qayd etish faqat nikohlanuvchi shaxslarning ishtirokida amalga oshiriladi. FHDYO organlari nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganligiga hamda ushbu tekshiruvlarning natijalari to‘g‘risida ularning xabardor ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak. Nikohning ishonchnoma bo‘yicha yoki vakil orqali, shuningdek, tibbiy tekshiruvdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma bo‘lmaganda qayd etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Er va xotinning pasportlariga yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlariga shtamp qo‘yiladi va nikohning tuzilgan vaqti va joyi, dalolatnoma yozuvi raqami, er (xotin)ning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan yili yozib qo‘yiladi.

Nikohlanuvchilardan biri er yoki xotinning familiyasini qabul qilmoqchi bo‘lsa, unda pasportini almashtirishi zarurligi to‘g‘risida ogohlantiriladi.

Nikohni qayd etganlik uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.

Nikoh tuzishning belgilangan qoidalari buzilganda, shuningdek, g‘arazli maqsadni ko‘zlab tuzilgan nikoh sud qarori bilan haqiqiy emas deb topiladi.

Demak, nikohni qayd etish uchun o’zingiz yashab turgan tumandagi FHDYO organiga kelin bilan birga borib, ariza topshirishingiz lozim bo’ladi. Agar Qirg’iziston hududida nikohni qayd ettirsangiz, u yerda tuzilgan nikohni O’zbekiston Respublikasi tan oladi.

“O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi to’g’risida”gi qonunga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan erkak yoki ayolning chet el fuqarosi bilan yoxud fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bilan nikohdan o‘tishi, shuningdek, bunday nikohning bekor qilinishi er yoki xotinning fuqaroligi o‘zgarishiga sabab bo‘lmaydi. Er-xotindan birining fuqaroligi o‘zgarishi ikkinchisining fuqaroligi o‘zgarishiga olib kelmaydi.

Demak, qirg’izistonlik qizga uylanishingiz kelinning O’zbekiston fuqaroligini olishiga olib kelmaydi.

Ammo, yuqoridagi qonuning 17-moddasiga ko’ra, qirg’izistonlik turmush o’rtog’ingiz O’zbekiston hududida 5 yil davomida doimiy yashasa, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish uchun ariza topshirishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish shartlari quyidagilardan iborat:

1) chet el fuqaroligidan voz kechish;

2) so‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaganlik.

3) qonuniy tirikchilik manbalarining mavjudligi;

4) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini tan olish va bajarish.

Comments are closed.