Fuqarolik huquqi

Qanday qilib O’zbekiston fuqaroligini olish mumkin?

Savol: O’shlik tanishim O’zbekiston fuqaroligini olish niyatida ekanligini bildirdi. Qanday organlarga murojaat qilishi kerakligini va qanday hujjatlar zarurligini bilmoqchi. Shu haqda batafsil ma’lumot bersangiz.

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 20-noyabrdagi Farmoniga binoan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida” Nizomda xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish tartibi to’g’risida qoidalar belgilangan. Mazkur nizomga ko’ra, chet ellarda doimiy yashovchi shaxslarni O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish tartibi quyidagicha:

1. Xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs (chet elda yashovchi) O‘zbekiston Respublikasining mazkur mamlakatdagi diplomatiya va konsullik muassasalari orqali O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida ariza beradi. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini qabul qilishni xohlovchi shaxs yashab turgan davlatda diplomatiya vakolatxonasi, konsullik muassasasi bo‘lmagan taqdirda u O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qiladi. Iltimosnoma ifodalangan ariza, arizachining ajnabiy fuqarolikdan voz kechganligini yoki uning fuqaroligi yo‘qligini tasdiqlovchi hujjat, tarjimai holiga doir ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tasdiqlagan shakldagi so‘rovnomalarda uch nusxada bayon etiladi. Unga arizachining fotosuratlari va salomatligi haqidagi ma’lumotnomalar, jumladan SPIDga qarshi tekshiruvdan o‘tganligi to‘g‘risidagi qayd ilova qilinadi. Arizachi ariza taqdim etilgan sanani ko‘rsatib imzolaydi.

U savodsizligi yoki jismoniy kamchiliklari tufayli arizaga o‘z qo‘li bilan imzo cheka olmagan taqdirda, “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 34-moddasiga binoan uning iltimosiga ko‘ra arizaga boshqa shaxs imzo chekishi mumkin va bu haqda konsullik muassasasi arizachi o‘z qo‘li bilan arizani imzolay olmaganligi sabablarini arizaga yozib qo‘yadi.

Ushbu Nizomda ko‘zda tutilgan barcha hujjatlarni arizachi topshirgan paytdan boshlab taqdimnoma ijro uchun qabul qilingan deb hisoblanadi.

2. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishni iltimos qilgan va doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasiga ko‘chib kelish istagini bildirgan shaxs o‘z arizasida O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi masala O‘zbekiston Respublikasi viloyatlaridan birining yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining hududida uy-joy berilishi yoxud ishga joylashishi bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatib o‘tishi zarur.

3. Vatandoshimiz, lekin xorijiy davlatning fuqarosi bo‘lgan shaxs O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi arizaga u O‘zbekiston Respublikasining hududida tug‘ilganligini va shu hududda otasi yoki onasi, buvisi yoxud buvasi tug‘ilganligini tasdiqlovchi hujjat yoki dalillarni ilova qilishi zarur.

Ajnabiy shaxs uning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilish muddaosiga o‘z davlati hokimiyat organlarining munosabati to‘g‘risida guvohlik beruvchi hujjatni ham taqdim etishi kerak. Iltimos qiluvchiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra bunday hujjat taqdim etilmasa, u o‘z arizasida shu haqda ko‘rsatib o‘tishi lozim. Mazkur holat arizani ko‘rib chiqish uchun to‘siq bo‘la olmaydi.

Mustamlaka rejimi davrida, fuqarolar urushi, kollektivlashtirish davridagi qatag‘onlar, ta’qiblar, jabr-zulmlar, 30-yillardagi va shundan keyingi yillardagi ommaviy qatag‘onlar tufayli O‘zbekistondan jo‘nab ketganlik, shuningdek boshqa uzrli sabablarga ko‘ra respublika fuqaroligidan mahrum bo‘lganlik majburiy muhojirlik hisoblanadi.

Ichki ishlar vazirligi, sud, prokuratura, sobiq Davlat xavfsizligi komiteti va boshqa davlat muassasalarining arxiv materiallaridan ko‘chirma yoki kamida 3 kishining ishonchli guvohlik ko‘rsatmalari majburiy muhojirlik holatini e’tirof etish uchun asos bo‘la oladi.

18 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan ariza ushbu Nizom 2-bandining III bo‘limida ko‘rsatilgan talablarga rioya etgan holda qabul qilinadi.

4. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning arizasini konsullik muassasasi barcha materiallar va o‘z xulosasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi. Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasi uchun xulosa tayyorlaydi. Komissiya Milliy xavfsizlik xizmatidan ham materiallar oladi.

5. Shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan murojaat qilgan va O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiga ko‘chib kelish muddaosida bo‘lgan taqdirda konsullik muassasasi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 37-moddasiga binoan 3 nusxadagi materiallarni o‘z xulosasi bilan birga Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi. Birinchi nusxa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bilan shug‘ullanuvchi komissiyaga yuboriladi. Ikkinchi nusxa ana shu shaxsning kelishi mumkinligi to‘g‘risidagi masalani kelishib olish uchun Respublika Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi. So‘ngra bu hujjat Milliy xavfsizlik xizmatiga yuboriladi va u o‘z navbatida xulosasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Komissiyaga yuboradi. Uchinchi nusxa Ichki ishlar vazirligida qoladi. Uning yuzasidan xulosa chiqariladi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bilan shug‘ullanuvchi komissiyaga yuboriladi. Komissiya arizachini ishga joylashtirish va unga uy-joy berish imkoniyati to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklarining fikrini so‘raydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bilan shug‘ullanuvchi komissiya materiallarini ko‘rib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti qaror qabul qilishi uchun takliflar taqdim etadi.

6. Alohida hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi oldida juda katta xizmatlari bo‘lgan yoki fan, texnika va madaniyat sohasida yuksak yutuqlarga erishgan, shuningdek respublika uchun qiziqarli kasb va malakaga ega bo‘lgan ayrim shaxslar “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 17-moddasining 1, 2 va 3-bandlarida bayon etilgan talablar hisobga olinmay, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilinishlari mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi oldidagi juda katta xizmatlar deyilganda quyidagilarni: O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining Oliy organlari bergan ordenlar, medallar, faxriy unvonlar, hukumat faxriy yorliqlari va ularga teng keladigan rag‘batlantiruvchi hujjatlarning borligini tushunish lozim. Fan, texnika va madaniyat sohasidagi yuksak natijalarga erishganlik deyilganda shaxs milliy, xalqaro mukofotlarga, rag‘batlantirishning boshqa turlariga yoki o‘z ixtisosi bo‘yicha xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lishga, o‘z tarmog‘i bo‘yicha xalqaro tadbirlarda jyuri a’zosi sifatida ishtirok etishga erishganligini, turli xalqaro tashkilotlarda haqiqiy va faxriy unvonlari borligini tushunish zarur.

Ana shunday shaxslar arizada o‘z ixtisosi bo‘yicha faoliyatini davom ettirish muddaosini, bu faoliyatning respublika uchun muhimligi va ahamiyatliligini ko‘rsatishlari kerak.

Respublika uchun qiziqarli bo‘lgan kasb yoki malakaga ega bo‘lgan shaxslar tegishli diplom yoki guvohnoma, shuningdek o‘z faoliyati sohasida u eng yuqori natijalarga erishganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari lozim. O‘zbekiston Respublikasi uchun qiziqarli bo‘lgan kasblar va malakalar ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

7 Comments