Savol: Qanday hujjatlarni notarius tasdig’idan o’tkazish kerak? Qanday hujjatlar muhrsiz holda ham haqiqiy hisoblanadi? Qanday hujjatlarga yurist xulosasi kerak, shu haqda batafsil ma’lumot bersangiz.
Javob: O’zbekiston Respublikasi “Notariat to’g’risida”gi qonuniga ko’ra, notarius quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:
“23-modda. Notariuslar amalga oshiradigan notarial harakatlar
Notariuslar quyidagi notarial harakatlarni amalga oshiradi:
1) bitimlarni tasdiqlaydi;
2) vasiyatnomalarni tasdiqlaydi;
3) er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga mulk huquqi to‘g‘risida guvohnomalar beradi;
4) mol-mulkni o‘zga shaxsga o‘tkazishni taqiqlab qo‘yadi va taqiqni bekor qiladi;
5) merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma beradi;
6) meros mol-mulkning qo‘riqlanishiga doir chora-tadbirlar ko‘radi;
7) hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan ko‘chirmalarning to‘g‘riligini shahodatlaydi;
8 ) hujjatlarning bir tildan boshqa tilga to‘g‘ri tarjima qilinganligini shahodatlaydi;
9) hujjatlardagi imzoning haqiqiyligini shahodatlaydi;
10) ko‘chmas mulk ochiq savdoda sotib olinganligi haqida guvohnoma beradi;
11) fuqaroning tirik ekanligi faktini tasdiqlaydi;
12) fuqaroning muayyan joyda ekanligi faktini tasdiqlaydi;
13) fuqaroning fotosuratda aks ettirilgan shaxs ekanligini tasdiqlaydi;
14) hujjatlar taqdim etilgan vaqtni tasdiqlaydi;
15) jismoniy va yuridik shaxslarning arizalarini boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga topshiradi;
16) pul summalari va qimmatli qog‘ozlarni depozitga qabul qilib oladi;
17) hujjatlarni saqlash uchun qabul qilib oladi;
18) pul to‘lash uchun cheklarni taqdim etadi va cheklar bo‘yicha pul to‘lanmaganligini tasdiqlaydi;
19) ijro xatlarini yozadi;
20) veksellarning protestlarini amalga oshiradi;
21) dengiz protestlarini amalga oshiradi;
22) notarial tasdiqlangan hujjatlarning dublikatlarini hamda reestrlardan ko‘chirmalarni beradi.
Notariuslar qonunlarda nazarda tutilgan boshqa notarial harakatlarni ham amalga oshirishi mumkin”.
Ushbu qonunning 26-moddasiga ko’ra, quyidagi hujjatlar notarius tasdiqlagan hujjatlar maqomiga teng:
kasalxonalarda, gospitallarda, boshqa statsionar davolash muassasalarida davolanayotgan yoki qariyalar va nogironlar uylarida yashayotgan fuqarolarning ushbu kasalxonalar, gospitallar va boshqa davolash muassasalarining bosh shifokorlari, ularning tibbiyot bo‘yicha o‘rinbosarlari yoki navbatchi shifokorlari, shuningdek gospitallarning boshliqlari, qariyalar va nogironlar uylarining direktorlari va bosh shifokorlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i ostida suzib yurgan kemalarda safarda bo‘lgan fuqarolarning shu kemalarning kapitanlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
qidiruv ekspeditsiyalarida yoki shunga o‘xshash boshqa ekspeditsiyalarda bo‘lgan fuqarolarning shu ekspeditsiyalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;
harbiy xizmatchilarning, harbiy qismlar joylashgan, notariuslar bo‘lmagan punktlarda esa, shu qismlarda ishlovchi harbiy xizmatchi bo‘lmagan shaxslarning, ular oila a’zolarining hamda harbiy xizmatchilar oila a’zolarining harbiy qismlarning komandirlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari va ishonchnomalari, avtomototransport vositalarini boshqarish va tasarruf etish haqidagi ishonchnomalar; ozodlikdan mahrum etish joylaridagi yoki qamoqdagi shaxslarning tegishli muassasalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari va ishonchnomalari, avtomototransport vositalarini boshqarish va tasarruf etish haqidagi ishonchnomalar notarius tasdig’idan o’tishi kerak.
Vasiyatnomalar va ishonchnomalarni ushbu moddada aytib o‘tilgan mansabdor shaxslar tomonidan tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilab qo‘ygan tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2010-yil 30-martdagi 64-mh-son buyrug‘iga ilova “Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida” gi yo’riqnomaning 3-bo’limida notarius quyidagi bitimlarni tasdiqlashi va boshqa harakatlarni amalga oshirishi ko’rsatilgan:
- Ko‘chmas mulklarni boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi bitimlarni;
- Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga o‘tkazish bo‘yicha bitimlarni;
- Xususiylashtirilgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi bitimlarni;
- Ayirboshlash shartnomasini;
- Hadya shartnomasini;
- Korxonani sotish shartnomasini;
- Avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi bitimlarni;
- Ko‘chmas mulklarni garovga (ipotekaga) qo‘yish to‘g‘risidagi shartnomalarni;
- Mulk ijarasi shartnomalarini;
- Ko‘chmas mulk ijarasi shartnomalarini;
- Korxonani ijaraga berish shartnomasini;
- Lizing shartnomasini;
- Renta shartnomasini;
- Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasini;
- Tugatilayotgan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan mol-mulkni uning muassislari (ishtirokchilari) o‘rtasida taqsimlash;
- Qarz shartnomasini;
- Vasiyatnomalarni;
- Ishonchnomalarni;
- Meros mulkini qo‘riqlanishiga doir chora-tadbirlar ko‘rish;
- Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomalar berish;
- Er-xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushga bo‘lgan mulk huquqi to‘g‘risida guvohnomalar berish;
- Ko‘chmas mulk va avtomototransport vositasini boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash;
- Hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan ko‘chirmalarning to‘g‘riligini shahodatlash;
- Hujjatlardagi imzoning haqiqiyligini shahodatlash;
- Hujjatlarning bir tildan boshqa tilga to‘g‘ri tarjima qilinganligini shahodatlash;
- Fuqaroning tirik ekanligi faktini tasdiqlash;
- Fuqaroning muayyan joyda ekanligi faktini tasdiqlash;
- Fuqaroning fotosuratda aks ettirilgan shaxs ekanligini tasdiqlash;
- Hujjatlar taqdim etilgan vaqtni tasdiqlash;
- Jismoniy va yuridik shaxslarning arizalarini boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga topshirish;
- Pul summalari va qimmatli qog‘ozlarni depozitga qabul qilish;
- Ijro xatlarini yozish;
- Vekselni protest qilish. Chekni to‘lovga taqdim etish va chekning to‘lanmaganligini tasdiqlash;
- Hujjatlarni saqlash uchun qabul qilib olish;
- Dengiz protestlarini amalga oshirish.
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 110-moddasida qanday bitimlar notarial tasdiqlanishi lozimligi haqida qoida o’rnatilgan:
“110-modda.Bitimlarni notarial tasdiqlash
Bitimni notarial tasdiqlash ushbu Kodeksning 107-moddasi talablariga mos keladigan hujjatda notarius yoki bunday notarial harakatni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan tasdiqlovchi ustxat yozib qo‘yish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Quyidagi hollarda bitimlarni notarial tasdiqlash shart:
1) qonunda ko‘rsatilgan hollarda;
2) taraflardan birining talabi bo‘yicha”.
Yuqoridagi yo’riqnomada keltirilgan bitimlarning hammasining notarial tasdiqlanishi majburiy emas, ammo taraflarning hech bo’lmasa biri bitimning notarial tasdiqlanishini talab qilganda notarius tomonidan tasdiqlanishi lozim bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasining “Xo’jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to’g’risida”gi qonunining 21-22-moddalariga ko’ra, eng kam ish haqining 200 barobaridan ortiq summadagi xo’jalik shartnomalari yuridik xizmat idorasi yoki advokat tomonidan qonun hujjatlariga muvofiqligi tekshirilib, yozma xulosa berilmaguncha tuzilmaydi. Eng kam ish haqining 200 barobaridan kam bo’lgan summadagi shartnomalarini tuzish uchun yurist imzosi kifoya.
——————————————–
i Fuqarolik Kodeksi
“107-modda. Bitimning yozma shakli
Yozma shaklda tuzilgan bitimni, agar ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa, taraflar yoki ularning vakillari imzolashi kerak.
Agar qonun hujjatlariga yoki ishtirokchilardan birining talablariga zid bo‘lmasa, bitim tuzish chog‘ida imzodan faksimile usulida nusxa ko‘chirish vositalaridan foydalanilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Ikki taraflama bitimlar har birini berayotgan taraf imzolaydigan hujjatlarni o‘zaro ayirboshlash yo‘li bilan tuzilishi mumkin.
Xatlar, telegrammalar, telefonogrammalar, teletaypogrammalar, fakslar yoki sub’ektlarni va ular xohish-irodasining mazmunini ifodalaydigan boshqa hujjatlarni o‘zaro ayirboshlash, agar qonun hujjatlarida yoki taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, yozma shaklda tuzilgan bitimga tenglashtiriladi.
Qonun hujjatlarida va taraflarning kelishuvida bitim shakli mos kelishi shart bo‘lgan qo‘shimcha talablar (muayyan shakldagi blankada tuzilishi, muhr bosib tasdiqlanishi va boshqalar) belgilab qo‘yilishi va bu talablarga rioya etmaslik oqibatlari nazarda tutilishi mumkin.
Agar fuqaro jismoniy kamchiligi, kasalligi yoki savodsizligi tufayli bitimni shaxsan o‘zi imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan bitimni boshqa fuqaro imzolashi mumkin. Boshqa fuqaroning imzosi notarius yoki bunday notarial harakatni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan guvohlantirilib, bitim tuzuvchi uni shaxsan o‘zi imzolay olmasligining sabablari ko‘rsatilishi shart.
Yozma shaklda tuzilgan bitimni bajargan taraf ikkinchi tarafdan ijroni tasdiqlovchi hujjat talab qilishga haqli. Og‘zaki tadbirkorlik bitimini bajargan taraf ham ana shunday huquqqa ega, tuzilgan vaqtning o‘zidayoq bajariladigan bitimlar bundan mustasno”.