Savol: Mehnat shartnomasi qanday holatlarda qayta tuziladi? Xodim norozi bo’lsachi?
Javob: Mehnat shartnomasini qayta tuzish bu mehnat shartnomasini o’zgartirish hisoblanib, O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida shu nom ostida bir qator qoidalar keltirilgan. Qanday hollarda mehnat shartnomasi o’zgartirilishi haqida quyidagi moddalardan batafsil ma’lumot olish mumkin.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi:
88-modda. Mehnat shartlarini belgilash va o’zgartirishning umumiy tartibi
Mehnat shartlari deganda mehnat jarayonidagi ijtimoiy va ishlab chiqarish omillarining jami tushuniladi.
Ijtimoiy omillar jumlasiga mehnat haqi miqdori, ish vaqtining, ta’tilning muddati va boshqa shartlar kiradi.
Texnika, sanitariya, gigienaga oid, ishlab chiqarish-maishiy va boshqa shartlar ishlab chiqarish omillari deb hisoblanadi.
Mehnat shartlari mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar, shuningdek mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bilan belgilanadi.
Mehnat shartlarini o’zgartirish, ular qaysi tartibda belgilangan bo’lsa, shunday tartibda amalga oshiriladi.
Mehnat shartnomasi taraflaridan birining talabi bilan mehnat shartlarini o’zgartirishga ushbu Kodeksning 89 va 90-moddalarida nazarda tutilgan hollarda yo’l qo’yiladi.
89-modda. Ish beruvchining xodim roziligisiz mehnat shartlarini o’zgartirish huquqi
Ish beruvchi xodimning roziligisiz mehnat shartlarini o’zgartirishga faqat texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o’zgarishlar, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarganligi, basharti bunday o’zgarishlar xodimlar soni yoki ishlar xususiyatining o’zgarishiga olib kelishi oldindan aniq bo’lgan hollardagina haqlidir.
Ish beruvchi ayrim toifadagi xodimlar uchun mehnat shartlarini o’zgartirish xususida korxonadagi xodimlarning vakillik organlari bilan oldindan maslahatlashib oladi.
Ish beruvchi mehnat shartlaridagi bo’lajak o’zgarishlar haqida xodimni kamida ikki oy oldin yozma ravishda ogohlantirib tilxat olishi shart. Ko’rsatilgan muddatni qisqartirishga faqat xodimning roziligi bilan yo’l qo’yiladi.
Xodim bilan mehnat shartnomasi u yangi mehnat shartlari asosida ishlashni davom ettirishni rad etganligi sababli bekor qilinishi mumkin, bunda xodimga o’rtacha oylik ish haqidan kam bo’lmagan miqdorda ishdan bo’shatish nafaqasi to’lanadi.
Ko’pchilik xodimlar guruhi uchun mehnat shartlari noqulay tarzda o’zgargan taqdirda, ish beruvchi mahalliy mehnat organiga bunday o’zgartirishlarning sababi haqida ma’lumot berishi shart.
Xodim ish beruvchi tomonidan mehnat shartlari o’zgartirilganligi ustidan sudga shikoyat qilishga haqli. Nizoni ko’rish vaqtida ish beruvchining zimmasiga avvalgi mehnat shartlarini saqlab qolish imkoniyati yo’qligini isbotlab berish majburiyati yuklatiladi.
90-modda. Xodimning mehnat shartlarini o’zgartirish huquqi
Mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda, xodim ish beruvchidan mehnat shartlarini o’zgartirishni talab qilishga haqlidir.
Xodimning mehnat shartlarini o’zgartirish haqidagi arizasi berilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay ish beruvchi tomonidan ko’rib chiqilishi lozim.
Xodimning mehnat shartlarini o’zgartirish haqidagi talablari rad etilgan taqdirda, ish beruvchi unga rad etishning sababini ma’lum qilishi kerak. Xodimga uning talablarini rad etish sabablarini ma’lum qilmaslik xodimning mehnat shartlarini o’zgartirish rad etilganligi xususida shikoyat qilishi uchun to’siq bo’la olmaydi.
91-modda. Ish joyini o’zgartirish
Mehnat shartnomasida shartlashib olinmagan ish joyini o’zgartirish mehnat shartlarini o’zgartirish deb hisoblanmaydi va bu haqda xodim bilan kelishish talab qilinmaydi.
92-modda. Boshqa doimiy ishga o’tkazish
Boshqa doimiy ishga o’tkazishga (xodimning mehnat vazifalarini o’zgartirishga) — unga boshqa mutaxassislik, malaka, lavozimga oid ishni topshirishga faqat uning roziligi bilan yo’l qo’yilishi mumkin.
Agar ob’ektiv sabablarga ko’ra (100-modda ikkinchi qismining 1, 2 va 6-bandlari va 106-moddaning 2-bandi) mehnat shartnomasida belgilab qo’yilgan mehnat vazifasi doirasida ishni davom ettirish mumkin bo’lmasa, ish beruvchi xodimga mutaxassisligi va malakasiga muvofiq keladigan ishni (xodim bajarayotgan ishiga yoki egallab turgan lavozimiga nomuvofiq bo’lsa, mutaxassisligi bo’yicha bir muncha kam malaka talab etiladigan boshqa ishni), bunday ish bo’lmagan taqdirda esa, — korxonada mavjud bo’lgan boshqa ishni taklif etishi shart. Xodim boshqa ishga o’tishdan bosh tortgan yoki korxonada muvofiq keladigan ish bo’lmagan taqdirda, mehnat shartnomasi umumiy asoslarda bekor qilinishi mumkin.
93-modda. Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bo’yicha vaqtincha boshqa ishga o’tkazish
Xodim bilan ish beruvchi o’rtasidagi kelishuv bo’yicha vaqtincha boshqa ishga o’tkazishga yo’l qo’yiladi.
Boshqa ishga o’tkazish muddati tugagach, ish beruvchi xodimga uning avvalgi ishini berishi shart.
94-modda. Xodimning tashabbusi bilan vaqtincha boshqa ishga o’tkazish
Xodimning vaqtincha boshqa ishga o’tkazish haqidagi iltimosi, agar bu iltimos uzrli sabablar tufayli kelib chiqqan va bunday ish korxonada mavjud bo’lsa, ish beruvchi tomonidan qanoatlantirilishi kerak.
Vaqtincha boshqa ishga o’tkazish uchun uzrli sabablar ro’yxati, shuningdek boshqa ishga o’tkazilganda mehnatga haq to’lash tartibi jamoa shartnomasida belgilab qo’yilishi mumkin, agar bunday shartnoma tuzilmagan bo’lsa, — ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.
Xodimlarning sog’lig’i holatiga ko’ra vaqtincha engilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siridan holi bo’lgan ishga o’tkazish, shuningdek homilador ayollarni va ikki yoshga to’lmagan bolasi bor ayollarni vaqtincha ana shunday ishga o’tkazish ushbu Kodeksning tegishincha 218, 226 va 227-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
95-modda. Ish beruvchining tashabbusi bilan vaqtincha boshqa ishga o’tkazish
Ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolinishi munosabati bilan xodimni uning roziligisiz vaqtincha boshqa ishga o’tkazishga yo’l qo’yiladi. Bunday holda xodim sog’lig’iga to’g’ri kelmaydigan boshqa ishga o’tkazilishi mumkin emas.
Xodim vaqtincha boshqa ishga o’tkazilgan davrda unga bajarayotgan ishiga qarab, lekin avvalgi o’rtacha ish haqidan kam bo’lmagan miqdorda ish haqi to’lanadi.
Boshqa ishga o’tkazish muddatining chegarasi, mehnatga to’lanadigan haqning aniq miqdorlari, shuningdek ishlab chiqarish zaruriyati deb hisoblanadigan holatlar jamoa shartnomasida ko’rsatiladi, agar u tuzilmagan bo’lsa, — ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishib belgilanadi.
96-modda. Mehnat shartnomasini o’zgartirishni rasmiylashtirish
Doimiy boshqa ishga o’tkazish ish beruvchining buyrug’i bilan rasmiylashtiriladi. Boshqa doimiy ishga o’tkazish haqida buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilgan o’zgarishlar asos bo’ladi.
Doimiy boshqa ishga o’tkazish haqidagi buyruq mehnat shartnomasiga kiritilgan o’zgarishlarning mazmuniga to’la muvofiq holda chiqariladi va xodimga ma’lum qilinib, tilxat olinadi.
Vaqtincha boshqa ishga o’tkazish uning muddati ko’rsatilgan holda buyruq bilan rasmiylashtiriladi.
Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga binoan hamda xodimning tashabbusi bilan vaqtincha boshqa ishga o’tkazish haqida buyruq chiqarish uchun uning arizasi, homilador ayollarni va ikki yoshga to’lmagan bolasi bor ayollarni vaqtincha boshqa ishga o’tkazish haqida buyruq chiqarish uchun esa, — ularning arizasi va tibbiy xulosa asos bo’ladi.
Xodimni ish beruvchining tashabbusi bilan vaqtincha boshqa ishga o’tkazish haqida buyruq chiqarish uchun ishlab chiqarish zaruriyati yoki ishda bekor turib qolish faktining mavjudligi asos bo’ladi.
Vaqtincha boshqa ishga o’tkazishlar mehnat shartnomasida aks ettirilmaydi.
Mehnat shartlarini o’zgartirish, shuningdek ish joyini o’zgartirish ish beruvchining buyrug’i bilan rasmiylashtiriladi. Mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat shartlarini o’zgartirish haqida buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilgan o’zgartishlar asos bo’ladi.
Mehnat shartnomasida muayyan ish joyi aniq ko’rsatib qo’yilgan hollarda ish joyini o’zgartirish haqida buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga kiritilgan o’zgartishlar asos bo’ladi.
Demak, mehnat shartnomasini o’zgartirishda xodimning roziligi talab qilinadigan va talab qilinmaydigan holatlar ham mavjud. Sizning holatingiz yuqorida ko’rsatilgan moddalarning qaysi biriga mos kelishiga qarab mehnat shartnomasini o’zgartirishda xodimning roziligi talab etilishi yoki etilmasligi mumkin.