Fuqarolik huquqi

Qanday holatda sud doimiy propiskamdan chiqarishi mumkin?

Savol: Yaqinda sud idorasidan onamga qo’ng’iroq qilishib o’g’lingizni(meni) sud doimiy ro’yxatdan chiqarishga qaror chiqarayapti deb xabar beribdi. Buning sababi sifatida men uyda 6 oy yashamaganimni ta’kidlashibdi. Ma’lumot o’rnida shuni aytishim keraki, hozirda Koreya Respublikasida vaqtinchalik istiqomat qilmoqdaman. Doimiy ro’yxatim O’zbekistonda.
Savolim quyidagicha:

  1. Sud nimalar asosida fuqaroni doimiy ro’yxatdan chiqarishga qaror qilishi mumkin?
  2. Doimiy ro’yxatdan chiqarsa, qaytib ro’yxatga qo’yish uchun nimalar qilish
    kerak?
  3. Doimiy ro’yxatdan chiqarish nimalarga olib keladi?

Javob: Savolingizda sudning hal qiluv qarorini ilova qilsangiz yoki unda berilgan ma’lumotlarni yozsangiz, to’g’riroq yo’nalish berishimiz mumkin edi. Umumiy vaziyat nuqtayi nazari bilan yondashib, savolingizga javob berishga harakat qilamiz.

1. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasida O’zbekiston Respublikasi fuqarosi respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko’chish, O’zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga egaligi, qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasno ekanligi mustahkamlab qo’yilgan. Fuqaro bir hududdan ikkinchi hududga doimiy yoki vaqtincha yashash uchun ko’chib o’tishi, istagancha yashashi mumkin. Mazkur holatda fuqaroning mamlakat ichida yoki mamlakat tashqarida ko’chishi haqida hech qanday gap yo’q. Ya’ni, fuqaro shu davlat fuqaroligini yo’qotmagan holatdan istaganicha bir hududdan ikkinchi hududga ko’chib yashashi mumkin.

Fuqaroning doimiy yashash joyidan ro’yxatdan chiqarilishi 2 xil bo’lishi mumkin:

— O’zining yashash joyi o’zgarishi munosabati bilan ariza berishi orqali

— Boshqa shaxslarning da’vo arizasiga binoan sudning qarori bo’yicha.

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 21-moddasida “Fuqaroning yashash joyi” tushunchasiga izoh berilgan: “Fuqaroning doimiy yoki asosan yashab turgan joyi uning yashash joyi hisoblanadi.

O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlarning (kichik yoshdagi bolalarning) yoki vasiylikda bo‘lgan fuqarolarning qonuniy vakillari — ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari yashaydigan joy voyaga yetmaganlar yoki vasiylikda bo‘lgan fuqarolarning yashash joyi hisoblanadi.”

Odatiy holatda fuqaro biror joyda doimiy ro’yxatdan chiqish uchun shaxsan yoki vakil yordamida ariza beradi.

O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga (IIVning AV tomonidan 9.04.1999 yilda 698-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan buyrug‘iga 1-ilova) ko‘ra ro‘yxatdan chiqarish uchun siz yashash joyingizdagi pasport bo‘limiga o‘g‘lingizni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risida notarial tasdiqlangan ishonchnoma va quyidagi hujjatlarni taqdim etishingiz lozim:

  1. ichki ishlar organi rahbari nomiga chiqib ketish sabablari va joyini ko‘rsatgan holda erkin shaklda yozilgan ariza;
  2. pasport yoki tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma;
  3. hisobdan chiqarganligi to‘g‘risida mudofaa ishlari bo‘limining belgisi qo‘yilgan harbiy hisob hujjatlari;
  4. uy daftari yoki propiska varaqasi, kvartira varaqasi (4-5-son shakllar);
  5. davlat boji to‘langanligi to‘g‘risida kvitansiya.

Fuqarolarni ro‘yxatdan chiqarish sudning uy-joy maydoniga bo‘lgan huquqdan mahrum qilish, shaxsni bedarak yo‘qolgan deb topish to‘g‘risidagi qarori, notarial tasdiqlangan ishonchnoma, ichki ishlar organlarining so‘rovnomasi, ma’muriy ko‘chirish to‘g‘risida prokurorning sanksiyasi bo‘yicha amalga oshiriladi.

“O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi NIZOM”ga asosan Sudning O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida yashash uchun belgilangan tartibda berilgan guvohnomaga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolarni va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashab turgan uyidan ko‘chirib yuborish yoki bunday uylardan foydalanish huquqi o‘z kuchini yo‘qotgani haqidagi qarori qonuniy kuchga kirishi munosabati bilan ularning yashash joyiga qayd etilishi bekor qilinishi lozim.

Qayd etish boshqa hollarda ham, qonunchilikda belgilangan sud tartibida bekor qilinishi mumkin.  Bundan kelib chiqib xulosa qilishimiz mumkinki, Sud quyidagilarga asosan, doimiy ro’yxat (propiska)ni bekor qilishi mumkin:

  1. Manfaatdor tomon da’vo ariza berganda. Masalan, uyning egasi sudga shunday da’vo bilan chiqishi mumkin;
  2. Davlat tashkilotlarining da’vo arizasiga ko’ra. Masalan, shaxs chet elda 3 yildan ortiq muddat davomida konsullik ro’yxatida turmagan bo’lsa; 2015-yil 10-avgust kuni “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra fuqarolikdan mahrum qilish asoslari o‘zgartirilgan. Shaxs fuqarolikdan mahrum qilinganda davlat tashkilotlari shaxsni doimiy ro‘yxatda turgan joyida yashamayotganligini asos qilib, sudga propiskadan chiqarish bo‘yicha da’vo ariza kiritishlari mumkin.
  3. Shaxs uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilinganda.

Shuningdek, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar mazkur shaxslarga nisbatan chiqarilgan hukmlar qonuniy kuchga kirganidan so‘ng ro‘yxatdan chiqariladi. Vafot etganlar o‘lim ro‘yxatga olingandan keyin qayd etishdan chiqariladi.

2. Siz hozirgi vaqta Korea Respublikasida yashayotganligingiz sababli O’zbekiston elchixonasiga borib konsullik ro’yxatida turishingiz hamda yashash joyingiz bo’yicha vaqtinchalik ro’yxatdan o’tishingiz lozim.

O’zbekistonga qaytgach, qaytadan doimiy ro’yxatda qo’yish uchun siz ichki ishlar organiga murojaat qilishingiz lozim.  Doimiy va vaqtincha qayd ettirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari doimiy yoki vaqtincha istiqomat joyida quyidagilarni taqdim etadilar:

— belgilangan shakldagi ariza;

— O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti;

— tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma — 16 yoshga to‘lmagan, ota-onalaridan (vasiylar va homiylardan) alohida yashovchi shaxslar uchun;

— harbiy bilet yoki shaxsiy guvohnoma — kazarmalardan, kemalardan tashqarida yashovchi harbiy xizmatchilar uchun;

— davlat boji (poshlinasi) to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya.

16 yoshga to‘lmagan, ota-onalari (vasiylari, homiylari) bilan birga yashaydigan bolalarni qayd etish tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar bo‘yicha, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uy daftarlariga (qayd etish varaqchalariga) kiritish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Yuqoridagi nom keltirilgan Nizomning 34-bandida quyidagciha norma belgilangan: “O‘zbekiston Respublikasining quyidagi fuqarolari, shuningdek belgilangan tartibda berilgan O‘zbekiston Respublikasi hududida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uy-joy maydonining qanchaligidan qat’i nazar doimiy qayd ettirish huquqiga egadirlar:

— er-xotin — bir-birining uy-joy maydoniga;

— balog‘atga yetmagan va vasiylikdagi bolalar — ota-onalari va vasiylarining uy-joy maydoniga;

— o‘z oilalariga ega bo‘lmagan yoki balog‘atga yetmagan bolalari bo‘lgan, ammo nikohdan o‘tmagan balog‘atga yetgan farzandlar — ota-onalarining uy-joy maydoniga;

— ota-onalar — farzandlarining uy-joy maydoniga;

— balog‘atga yetmagan, ota-onasi bo‘lmagan tug‘ishgan aka-ukalar, opa-singillar, shuningdek mehnatga layoqatsiz tug‘ishgan aka-ukalar, opa-singillar, agar ularning o‘z oilalari bo‘lmasa, yoshidan qat’i nazar — akasi, ukasi, opasi, singlisining uy-joy maydoniga;

— ilgari mazkur aholi punktida yashagan, mehnat shartnomasi bilan ishlash uchun vaqtincha boshqa joyga ketgan shaxslar, shuningdek amaldagi qonunchilikka muvofiq vaqtincha boshqa joyga ketganda uy-joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladigan fuqarolar — oldingi istiqomat joyiga yoki qarindoshlarining uy-joy maydoniga;

— ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslar — oldingi istiqomat joyiga, o‘z oila a’zolarining, qarindoshlari yoki hukm qilingunga qadar yashab turgan boshqa shaxslarning uy-joy maydoniga;

— muddatli xizmat tugagandan so‘ng Qurolli Kuchlar safidan bo‘shatilgan harbiy xizmatchilar — oldingi istiqomat joyiga, yoki ota-onasi, yoxud boshqa qarindoshlarining uy-joy maydoniga;

— ofitserlar tarkibidan zaxiraga yoki iste’foga bo‘shatilgan shaxslar, Qurolli Kuchlarning va Milliy xavfsizlik xizmatining kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilari, Ichki ishlar vazirligining boshliqlar va oddiy xodimlari safida bo‘lgan shaxslar (oila a’zolari bilan) — belgilangan tartibda uy-joy olgunga (sotib olingunga) qadar qarindoshlari yoki boshqa shaxslarning uy-joy maydoniga.

Ushbu bandda ko‘rsatilgan toifadagi shaxslar bilan bir qatorda quyidagilar ham uy-joy maydoni qanchaligidan qat’i nazar vaqtincha qayd ettirish huquqiga ega:

— haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar oila a’zolari bilan birga — belgilangan tartibda uy-joy olgunga (sotib olingunga) qadar muddatga boshqa shaxslar yoki harbiy qismning uy-joy maydoniga yoxud harbiy qism, harbiy o‘quv yurti yoki Mudofaa vazirligining, Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligining o‘zga tashkiloti joylashgan yerga;

— akademik litseylarning, kasb-hunar kollejlarining o‘quvchilari, o‘quv yurtlarining talabalari, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar, ordinatorlari, kadrlarni tayyorlash yoki qayta tayyorlash yoxud malakasini oshirish kurslarining tinglovchilari, shuningdek ularning oila a’zolari — o‘qish davrida o‘quv yurtlari va idoralarning, qarindoshlari yoki boshqa shaxslarning uy-joy maydoniga;

— faoliyati doimiy harakat bilan bog‘liq shaxslar (kemalar ekipajlarining a’zolari, geologiya va qidiruv partiyalarining, ekspeditsiyalarning xodimlari va shu kabilar) — ish davrida tegishli paroxodchiliklar, boshqarmalar, geologiya, qidiruv partiyalari va ekspeditsiyalarning asosiy bazalari, qurilish-montaj, ishga tushirish-sozlash tashkilotlari va boshqa tashkilotlar joylashgan manzilga.”

Bundan kelib chiqadiki, Siz istalgan vaqtda yashash uchun kelib, oldingi joyda qayta ro’yxatga qo’yishingiz mumkin.

3. Doimiy ro’yxatdan chiqish sizning yashash joyingiz o’zgarganligini bildiradi, xolos. Shuni unutmasligingiz kerakki, “doimiy ro’yxatdan chiqarildi” degani bu – fuqarolikni yo’qotdi degani emas. Qaytadan aytamizki, siz istalgan vaqtda yashash joyingizdagi Ichki ishlar organiga doimiy ro’yxatga qo’yishni so’rab murojaat qilishingiz mumkin va bu ariza ijobiy hal etilishi kerak.

Comments are closed.