Savol: Sinov muddati bilan ishga olinganda mehnat shartnomasi tuzilishi shartmi? Qay holatlarda sinov belgilanmaydi?
Javob: O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga binoan mehnat shartnomasi quyidagi maqsadda dastlabki sinov sharti bilan tuzilishi mumkin:
– xodimning topshirilayotgan ishga layoqatliligini tekshirib ko’rish;
– xodim mehnat shartnomasida shartlashilgan ishni davom ettirishning maqsadga muvofiqligi haqida bir qarorga kelishi.
Dastlabki sinovni o’tash haqida mehnat shartnomasida shartlashilgan bo’lishi lozim. Bunday shartlashuv bo’lmagan taqdirda xodim dastlabki sinovsiz ishga qabul qilingan, deb hisoblanadi. Homilador ayollar, uch yoshga to’lmagan bolasi bor onalar, korxona uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslar ishga qabul qilinganda, shuningdek, olti oygacha muddatga ishga qabul qilish haqida xodimlar bilan mehnat shartnomasi tuzilganda dastlabki sinov belgilanmaydi.