Savol: Qamoqxonalarda namoz o’qigan insonni namoz o’qimagin, deb kaltaklayotgan ekan qamoqxona nozirlari. Qamoqxona nozirlarining shunday ish qilishga haqqi bormi? Namoz o’qigani uchun kaltaklangan inson qayerga shikoyat qilsa bo’ladi?
Javob: O’zbekiston Respublikasi jinoyat-ijroya kodeksining 12-moddasiga ko’ra, mahkumlarning vijdon erkinligi ta’minlanadi. Barcha mahkumlarga vijdon erkinligi kafolatlanadi. Mahkumlarga diniy rasm-rusumlarni ado etishga, ibodat uchun kerakli narsalardan va diniy adabiyotlardan foydalanishga ruxsat etiladi. Diniy rasm-rusumlarni ado etish ixtiyoriy bo‘lib, bu narsa jazoni ijro etuvchi muassasaning ichki tartib qoidalarini buzmasligi, shuningdek boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitmasligi lozim.
Qamoqxona nozirlarining mahbuslarning namoz o’qishlariga to’sqinlik qilishlari va shu vaj bilan kaltaklashlari noqonuniy harakat hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasiga ko’ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Jinoyat-ijroya kodeksining 9-moddasida mahkumlarning qator asosiy huquqlari sanab o’tilgan bo’lib, ular orasida jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ ma‘muriyatiga, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalariga o‘z ona tilida yoki boshqa tilda taklif, ariza va shikoyatlar bilan murojaat etish; o‘z taklif, ariza va shikoyatlariga murojaat etilgan tilda javob olish kabi huquqlar belgilangan. Mahkumlarning namoz o’qish orqali o’z vijdon erkinligi huquqlarining qamoqxona nozirlari tomonidan poymol etilishi va mahbuslarning noqonuniy kaltaklanishi yuzasidan mazkur mahbuslar shikoyat bilan jazoni ijro etish muassasasi rahbari nomiga, qolaversa, Bosh prokuror va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakili ombudsman institutiga murojaat qilishlari lozim.
Jinoyat-ijroya kodeksining 17-moddasida belgilanishicha, jazolarni va boshqa jinoyat-huquqiy ta‘sir choralarini ijro etish chog‘ida qonunlarga rioya etilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar qonunda belgilangan tartibda amalga oshiradilar.
Kodeksning 40 va 79-moddalariga muvofiq, mahkumlarning yozishmalari senzuradan o’tkaziladi, ammo O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) bilan yozishmalari bundan mustasno. 79-moddaning oxirgi bandiga ko’ra, prokuror nomiga yo‘llangan taklif, ariza va shikoyatlar ko‘zdan kechirilmaydi hamda bir sutkalik muddat ichida tegishliligi bo‘yicha jo‘natiladi.
Bunday hollarda mahbuslar jazoni ijro etish muassasasi rahbarini, Bosh prokurorni va ombudsmanni yuqoridagi noqonuniy harakatlardan ogoh etgan holda, o’z haq-huquqlarini ketma-ket talab qilishlari lozim.