Savol: Erim olti yilga ozodlikdan mahrum qilindi. O’rtada farzandlar bor. Ammo, men ajrashmoqchiman. Mana shunday holatda nikohdan ajralish mumkinmi? Uning tartibi qanday bo’ladi?
Javob: Oila kodeksining 43-moddasiga muvofiq, sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo’lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinsa, o’rtada voyaga yetmagan bolalari bor-yo’qligidan qat’iy nazar, er-xotindan birining arizasiga ko’ra FHDYO organlarida nikohdan ajratish qayd etiladi.
Bunday hollarda Oila kodeksining 219-moddasiga binoan arizaga qo’shimcha ravishda quyidagilar ilova qilinadi:
er (xotin) ning uch yildan kam bo’lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinganligi to’g’risida qonuniy kuchga kirgan sud hukmidan ko’chirma, shuningdek sudlangan er (xotin) ning nikohdan ajratishga o’rtada bolalari va mol-mulki yuzasidan nizosi yo’qligi to’g’risidagi roziligi.
Agar bolalari to’g’risida, birgalikdagi umumiy mol-mulkini bo’lish haqida yoki yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er (xotin) ga ta‘minoti uchun mablag’ to’lash haqida nizo mavjud bo’lsa, nikohdan ajratish sud tartibida amalga oshiriladi.
Sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo’lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, jazoni ozodlikdan mahrum etish joyida o’tayotgan shaxs bilan nikohdan ajralishni xohlovchi er (xotin) o’z arizasida sudlangan shaxsning jazoni o’tayotgan joyni ko’rsatishi lozim.
Arizani qabul qilgan FHDYO organi shu kuniyoq bu to’g’rida jazoni ijro etish muassasasiga xabarnoma jo’natadi. Muassasa ma‘muriyati xabarnomani olgach, 2 hafta mobaynida mahkumning arizachi bilan o’rtada bolalar va mol-mulk to’g’risida nizosi yo’qligi haqida yozma ravishda bildirishnomasini tasdiqlab FHDYO organiga jo’natadi.
Mahkumning nikohdan ajratishga roziligi olingach va o’rtada bolalar va mol-mulk yuzasidan nizolari yo’q bo’lganda, FHDYO organi ariza beruvchi ishtirokida nikohdan ajratishni qayd etadi.
O’zaro bolalari va mulkiy nizolari bo’lmagan va 3 yildan kam bo’lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarni nikohdan ajratish er-xotinning o’zaro roziligiga ko’ra umumiy qoidalar asosida FHDYO organlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining “Sudlar tomonidan nikohdan ajratish haqidagi isharni ko’rishda qonunlarni qo’llash amaliyoti to’g’risida”gi qarorining 6-bandiga ko’ra, uch yildan kam bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar bilan nikohdan ajratish haqidagi ishlar sudlovga tegishliligi bo‘yicha umumiy qoidalarga rioya qilgan holda ko‘rilishini sudlar nazarda tutmoqlari lozim. Ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan shaxslar bilan nikohdan ajratish haqidagi da‘vo ariza Fuqarolik Protsessual Kodeksining 145-moddasiga ko‘ra sudning ish yuritishiga qabul qilinadigan bo‘lsa, bunda uning hukm qilinguniga qadar oxirgi yashash joyidan kelib chiqish lozim bo‘ladi. FPK 241-moddasining 11-qismiga binoan uch yildan kam bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar bilan nikohdan ajratish haqidagi ishlar, da‘vogarning xohishiga qarab, u yashaydigan joyda ko‘riladi. Uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan va Oila kodeksining 44-moddasida ko‘rsatilgan boshqa nizolari bo‘lmagan shaxslar bilan nikohdan ajratish Oila kodeksining 43-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oila kodeksining 44-moddasida ko’rsatilgan nizolar quyidagilar:
Nikohdan sud tartibida ajratilayotganda er va xotin voyaga yetmagan bolalari kim bilan yashashi, bolalarga va (yoki) mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj er yoki xotinga ta‘minot berish uchun mablag‘ to‘lash tartibi, bu mablag‘ning miqdori yoxud er-xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishga doir kelishuvni ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim qilishlari mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan masalalar bo‘yicha er va xotin o‘rtasida kelishuv bo‘lmagan taqdirda, shuningdek ushbu kelishuv bolalar yoki er-xotindan birining manfaatlariga zid ekanligi aniqlangan taqdirda sud:
nikohdan ajratilgandan keyin voyaga yetmagan bolalar ota-onasining qaysi biri bilan yashashini aniqlashi;
voyaga yetmagan bolalarga ta‘minot berish uchun ota-onaning qaysi biridan va qancha miqdorda aliment undirilishini aniqlashi;
er va xotinning (ulardan birining) talabiga ko‘ra ularning birgalikdagi mulki bo‘lgan mol-mulkni bo‘lishi;
er (xotin)dan ta‘minot olishga haqli bo‘lgan xotin (er)ning talabiga ko‘ra ana shu ta‘minot miqdorini belgilashi shart.
Mol-mulkni bo‘lish uchinchi shaxslarning manfaatiga daxldor bo‘lgan hollarda sud mol-mulkni bo‘lish talabini alohida ish yuritish uchun ajratadi.
Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganida to‘yni o‘tkazishga ketgan sarf-xarajatlarni undirish haqidagi talablar qanoatlantirilmaydi.
Sizning holatingizda, yuqorida ko’rsatilgan nizolardan bittasi mavjud bo’lgan taqdirda, siz nikohdan ajratishni so’rab o’z xohishingizga ko’ra o’zingiz yashab turgan tuman fuqarolik sudiga yoki boshqa o’zingiz uchun qulay bo’lgan tuman fuqarolik sudiga murojaat qilishingiz lozim bo’ladi. Arizaga turmush o’rtog’ingizning ozodlikdan mahrum qilinganligi to’g’risida qonuniy kuchga kirgan sud hukmidan ko’chirmani ilova qilishingiz lozim.