Mirakmal Niyazmatov
Qaddofiyning o’limi dunyo bo’ylab turlicha qarshilandi. Uning o’limini tabassum bilan qarshi olgan AQSh Davlat Kotibi Hillari Klinton Qaddofiyning o’limi Liviya xalqi uchun yangi davrning boshlanishi ekanini aytgan bo’lsa, Venesuela Prezidenti Ugo Chaves uning o’limiga afsuslanib, Qaddofiyni shahid deb atadi. Liviyadagi Milliy O’tish Davri Kengashining (MO’DK) yuqori martabali mulozimi Muhammad Sayyoh Qaddofiyning qasddan o’ldirilmaganligini aytib turib, agar shunday bo’lgan taqdirda ham Qaddofiy bunga arzirdi, deb qistirib qo’ydi. O’zbekistonlik tarixchi olim Goga Hidoyatov Qaddofiyning o’ldirilishini vahshiylik deb baholadi. Bular dunyo bo’ylab siyosatchi va mutaxassislarning voqeaga bildirgan munosabatlari. Qaddofiyning o’ldirilishini xalqaro huquq normalariga ko’ra qanday baholash mumkin? Bu haqda xalqaro huquq nima deydi? Maqolamizda mavzuning ana shu qirrasiga diqqat qaratamiz.
2011-yil Yaqin Sharqda “Arab bahori” deb nom olgan inqiloblar yili bo’ldi. Joriy yilning yanvar oyida Tunisda hukumatga qarshi boshlangan namoyishlar tez orada Misr, Liviya, Suriya, Yaman va boshqa arab davlatlarida aks-sado berdi. Ular orasida eng talofatlisi Liviyada kuzatildi.
Fevral oyida Liviyaning Bing’ozi shahrida hukumatga qarshi boshlangan norozilik namoyishlari ko’p o’tmay butun davlatni to’laqonli fuqarolar urushiga g’arq etdi.
20-oktabr kuni, “O’lsam ham Liviyada o’laman, lekin taslim bo’lmayman” deb aytgan polkovnik Muammar Qaddofiyning kanalizatsiya quvurida yashirinib yotganda tirik qo’lga olinib, so’ngra o’ldirilgani haqida xabar chiqdi. Qaddofining Liviyada 1969-yilda boshlangan qariyb 42 yillik hukmronligi shu tariqa barham topdi.
Dastlabki tekshiruvlarga ko’ra, Qaddofiyning boshi va qornida o’q izlari bor. Uni kim otib o’ldirgani noma’lum. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) va “Amnesti Interneyshnl” va ”Hyuman Rayts Uotch” kabi xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari voqeani izchil va to’liq tergov qilishga chaqirmoqdalar. Bu tashkilotlarga ko’ra, qo’lga olingan paytda Qaddofiy tirik bo’lgan va keyinroq isyonchilar tomonidan o’ldirilgan. Liviyadagi muvaqqat hukumat Qaddofiy jasadining mustaqil qo’mita tomonidan o’rganib chiqilishi haqidagi chaqiriqlarga rad javobini berdi va 25-oktabr kuni mahfiy bir yerda dafn etildi.
NATO harbiy amaliyotlari va BMT Nizomi
Joriy yilning fevral oyiga borib hukumat qurolli kuchlari va isyonchilar o’rtasida to’laqonli qurolli mojaro avj oldi. Hukumat kuchlari hujumlari natijasida qurbonlar soni tabora orta boshladi. Natijada 17-martda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Xavfsizlik Kengashi 1973-sonli rezolyutsiya qabul qildi. Rezolyutsiyaga ko’ra, NATO Liviyada tinch aholini va ular yashaydigan hududni himoya qilishi uchun “barcha kerakli choralarni” (“all necessary measures”) qo’llashi mumkin. Rezolyutsiyadagi bu ibora o’z ichiga harbiy kuch ishlatishni ham qamrab oladi, deb tushunildi. NATOga bunday keng vakolatning berilishiga asosiy sabablardan biri Qaddofiyning Bing’ozidagi isyonchi kuchlarni uyma-uy yurib qirib tashlashi haqida bergan bayonoti bo’ldi.
Avvalo, BMT Xavfsizlik Kengashining harbiy kuch ishlatishga ruxsat beruvchi rezolyutsiya qabul qilishga vakolat bormi?
BMT Nizomining 39-moddasiga ko’ra, Xavfsizlik Kengashi tinchlikka bo’lgan har qanday tahdidni yoki bosqinchilik harakati mavjudligini aniqlaydi, tavsiyalar beradi va zarur bo’lgan choralarni ko’radi. 41 va 42-moddalarda Xavfsizlik Kengashi aynan qanday choralar ko’rishi mumkinligi haqida gap ketadi. 41-moddaga ko’ra, Xavfsizlik Kengashi o’z qarorlarini amalga oshirish uchun diplomatik va iqtisodiy munosabatlarni, shu bilan birga, temir yo’l, dengiz, havo va boshqa aloqa vositalarini to’la yoki qisman to’xtatishi mumkin. BMT Nizomining 42-moddasi Xavfsizlik Kengashiga qurolli kuchdan foydalanish vakolatini beradi. Ushbu moddaga ko’ra, 41-moddada ko’zda tutilgan choralar samara bermagan taqdirda, Xavfsizlik Kengashi havo, dengiz yoki quruqlikdagi qurolli kuchlar yordamida xalqaro tinchlikni saqlash uchun zarur choralar ko’rishi mumkin. Xavfsizlik Kengashi NATOga aynan shu modda asosida Liviyada qurolli kuch ishlatishga ruxsat berdi.
Shunday qilib, NATOning Liviyadagi harbiy kampaniyasi BMT vakolati ostida boshlandi. NATO harbiy kuchlari tinch aholini himoya qilish maqsadida faol qurolli to’qnashuvlar ketayotgan joylardagi Liviya hukumati askarlarini havodan bombardimon qilishga kirishdi. Bu o’z o’rnida isyonchilarga asta-sekin ustunlik bera boshladi. Natijada Liviya shaharlari birin-ketin isyonchilar qo’liga o’ta boshladi. Shu o’rinda Qaddofiy va yaqinlarining isyonchilardan qochayotgan chog’i NATO harbiy samolyotlaridan o’qqa tutilgani e’tirozli holatdir. Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi NATOga faqat tinch aholini va ular yashaydigan aholi punktlarini himoya qilishga ruxsat bergandi. Shunday ekan, deyarli butun Liviya isyonchilar qo’liga o’tgan bir paytda, Qaddofiyning isyonchilardan qochayotgan mashinasini o’qqa tutish qanchalik qonuniy? Buning tinch aholini himoya qilishga aloqasi bormi? NATO havo kuchlari Qaddofiyni faqatgina faol qurolli to’qnashuvlar davomida o’qqa tutishga haqli edi. Dalillarga ko’ra esa Qaddofiy asirga tushishidan oldin o’z yaqinlari bilan isyonchilardan qochayotganda o’qqa tutilgan.
NATOning shu kabi vakolatdan tashqari xatti-harakatlari kelajakda BMT Xavfsizlik Kengashining qurolli mojaro holatlarida tinch aholini himoya qilish faoliyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Sababi, Xavfsizlik Kengashi a’zolari endi tinch aholini himoya qilishga qaratilgan rezolyutsiya hukumat boshlig’ini o’ldirish va umuman hukumat to’ntarishini amalga oshirish uchun qo’llanishi mumkinligidan haqli ravishda gumon qila boshlaydilar. Xavfsizlik Kengashi haligacha Suriyada tinch aholini himoya qilish borasida hanuz biror jiddiy chora ko’rmaganing sabablaridan biri ham shudir.
Qurolli mojarolar huquqi
Xalqaro huquqning bir-biriga qarshi harbiy harakatlar olib borayotgan tomonlarning huquq va majburiyatlarini belgilab beruvchi tarmog’i “Qurolli mojarolar huquqi” yoki “Xalqaro gumanitar huquq” deb ataladi. Qurolli mojalolar huquqi harbiy harakatlar olib borishning ba’zi usullari va vositalarini cheklaydi va tomonlar zimmasiga harbiy harakatlarda ishtirok etmayotgan yoki ishtirok etishni to’xtatgan shaxslarni ayash majburiyatini yuklaydi. Uning asosiy maqsadi urush talofatlarini cheklash va urush qurbonlarini himoylashdir.
1907-yilgi IV Gaaga Konvensiyasi “Urushayotganlar o’z dushmanlariga ziyon yetkazishning barcha vositalaridan foydalana olish huquqiga ega emaslar” deb nomlanuvchi maxsus normaga ega. Shuning uchun, urushayotgan tomonlarning dushman tomonga ziyon yetkazish borasidagi vositalarni va usullarni tanlash huquqi cheklangandir. Qurolli mojaro davrida harbiy harakatlar faqar dushmanning qurolli kuchlariga qarshi olib borilishi kerak. Bevosita harbiy to’qnashuvlarda faqat kombatantlar ishtirok etishlari mumkin. Kombatantlar qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi va shaxsan urush harakatlarida qatnashish huquqiga ega bo’lgan shaxslardir. Ular qo’lga qurol olib dushmanga qarshi urush harakatlari olib boradilar. Qurolli mojaro davomida taraflar o’z dushmanlarini kuchsizlantirish uchun ochiq harbiy harakatga kirishga va hattoki dushman askarlarini o’ldirishga haqlidirlar.
Qurolli mojaro davomida qo’lga tushgan harbiy asirlarga insoniy munosabatda bo’lish talab etiladi. Harbiy asirlar yarador bo’lganlarida ularga tibbiy yordam ko’rsatilmog’i lozim. Ularning hayotiga qasd qilish va shaxsiy daxlsizligini buzish, xususan, o’ldirish, tan jarohati yetkazish, qiynoqqa solish, ular ustida ilmiy yoki tibbiy tajriba o’tkazish, sud ishtirokisiz hukm chiqarish va jazoni ijro etish qat’iyan man etiladi.
Liviya Milliy o’tish davri kengashi 24-mart kuni bergan bayonotida qurolli mojarolar huquqiga rioya etish majburiyatini o’z zimmasiga oldi. Bayonotda barcha asir va taslim bo’lganlarni ovqat va suv bilan ta’minlash, kerakli bo’lgan tibbiy yordam berish va insoniy muomalada bo’lish qayd etilishi bilan birga, ushbu qoidalarni buzganlar jazolanishi haqida ham aytiladi.
19-mayda esa Milliy o’tish davri kengashi qurolli mojarolar paytida hurmat qilinishi kerak bo’lgan qoidalar belgilab o’tilgan yo’riqnoma qabul qildi. Unga ko’ra, asirga tushgan va taslim bo’lgan hukumat kuchlaridan qasos olish qat’iy taqiqlandi.
Liviyadagi fuqarilik urushi va Qaddofiyning o’limi
Joriy yilning fevral oyiga borib, Liviyada hukumat qurolli kuchlari va isyonchilar o’rtasida to’laqonli qurolli mojaro avj oldi. Hukumat kuchlari hujumlari natijasida qurbonlar soni tabora orta boshladi. Qurbonlarning umumiy soni haqida hali ham aniq ma’lumot yo’q. Taxminlarga ko’ra, harbiy harakatlar natijasida 20,000 kishi halok bo’lgan.
Qurolli mojaro davomida taraflar o’z dushmanlarini kuchsizlantirish uchun ochiq harbiy harakatga kirishga va hattoki dushman askarlarini o’ldirishga haqlidirlar. Qaddofiy Liviya harbiy kuchlarining Bosh qo’mondoni sifatida faol qurolli to’qnashuv asnosida isyonchi askarlar tomonidan nishonga olinishi va hattoki o’ldirilishi xalqaro huquq me’yorlarini buzmaydi. Ammo yuqorida ta’kiglangani kabi, xalqaro huquq dushman askarlari qo’lga tushgandan keyin yoki taslim bo’lgandan keyin ularga har qanday jismoniy zarar yetkazishni qat’iyan taqiqlaydi.
Turli axborot vositalarida ko’rsatilgan videoda jangchilar Qaddofiyni ko’chada sudrayotgani, urib-tepishayotgani aks etgan. Shu asnoda uni hali hayotligini va faqatgina betining chap tomonidan qon oqayotganini ko’ramiz. Qaddofiy vafot etganidan keyingi tasvirlarda uning peshonasida o’q izini ko’rish mumkin. Aynan shu o’q izi BMT va boshqa inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar tomonidan Qaddofiyning asirga tushgandan keyin o’ldirilgan deb iddao qilishlariga sabab bo’ldi. Liviyadagi muvaqqat hukumat Qadoffiyning o’limini tergov qilishga va’da bergan bo’lsa-da, uning jasadini mustaqil komissiya o’rganishiga qarshi chiqdi.
Muvaqqat hukumat amalga oshirgan tergov xulosalari e’lon qilinmagunicha Qaddofiy qanday o’lganligi haqida bir narsa deyish qiyin. Ammo mavjud dalillarga asoslangan holda, isyonchilar tomonidan Qaddofiyning asirga tushgandan keyingi holatida qurolli mojarolar huquqining bir necha asosiy me’yorlari buzilganini ko’rish mumkin. Yuqorida ta’kidlanganidek, qurolli mojarolar huquqiga ko’ra, asirga tushgan dushman askarlariga tan jarohati yetkazish va qiynoqqa solish taqiqlanadi. Shu bilan birga, asirning hayotiga qasd qilish, unga sud ishtirokisiz hukm chiqarib, jazoni ijro etish ham qat’iyan man etiladi. Qaddofiy yaralangan bo’lishiga qaramay, ishyonchilar tomonidan tepib-urilganini ko’rish mumkin.
Qaddofiyning o’limi urush jinoyati deb ham baholanishi mumkin. Qurolli mojaro davomida sodir etilgan jinoyat urush jinoyati deb baholanishi uchun, jinoyat qurolli mojaro mobaynida sodir etilgan bo’lib, o’z ichiga taslim bo’lgan qurolsiz kombatantni o’ldirish yoki jarohat yetkazish kiradi. Bunday holda aybdor shaxslar Xalqaro jinoyat sudi tomonidan javobgarlikka tortilishi mumkin. Ammo Xalqaro jinoyat sudi barcha urush jinoyatlarini ko’ravermaydi. Uning yurisdiksiyaga ega bo’lishi uchun, urush jinoyati rejalashtirilgan va keng tarqalgan tusga ega bo’lmog’i lozim. Qaddofiyning o’limini Xalqaro jinoyat sudi urush jinoyati sifatida ko’rib chiqishi uchun isyonchilar Qaddofiydan boshqa kishilarni ham taslim va qurolsiz bo’lganlariga qaramasdan qatl etganliklari haqida yetarli ma’lumot mavjud bo’lishi kerak. Hozircha faqatgina isyonchilarning ba’zi shaxslarni hukumat tarafdorligida gumon qilib do’pposlaganlari, ularning mol-mulklarini talon-taroj qilganlari, uylari o’tga tutilgani haqida xabarlar bor. Bu xatti-harakatlarning barchasi shubhasiz qurolli mojarolar huquqiga ziddir. Agar isyonchilar hukumat tarafdori deb shubha qilingan shaxslarni faol qurolli to’qnashuv ro’y bermayotganda o’ldirilganliklariga ishora qiluvchi dalillar paydo bo’lsa, Xalqaro jinoyat sudi prokurori ba’zi isyonchilarni urush jinoyatlarini sodir etganlikda ayblashi mumkin.
BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya aslida tinch aholini himoya qilishga qaratilgan bo’lsa ham, rezolyutsiyaning NATO tomonidan amalga oshirilishida xalqaro huquq me’yorlarining jiddiy buzulishi ko’zga tashlandi. 1993-yilda Amerika askarlarining o’lik tanalari Somaliyaning Mogadishu ko’chalarida sudralgani xalqaro hamjamiyatning e’tiroziga qanchalik loyiq bo’lgan bo’lsa, Qaddofiyning ham Sirt shahri ko’chalarida sudralayotgani va urib-tepilishi va nihoyat o’ldirilishi ham ana shunday e’tiroz tug’dirmog’i lozim.
Maqola ilk marotaba “Vatandosh” Gazetasida chop etilgan.