Monitoring, Xabarlar

Prokurorlarga bepul turar-joy beriladi

2013-yil 6-mart kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan, doimiy yashash joyidan tashqaridagi hududda ishga tayinlangan prokuratura organlari xodimlariga davlat hisobidan turar-joy beriladi.

“Xizmat turar joylari olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko’ra, Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 27-yanvardagi 24-son qarori bilan tasdiqlangan Xizmat turar joylari olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga prokuratura organlari xodimlari ham kiritlgan. 20-bandning eski tahririda faqat  Prezident Devoni, Oliy Majlis Kotibiyati, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar va ularning hududiy bo‘linmalari apparatlarining mas’ul xodimlari davlatdan xizmat turar joyi olishi mumkin edi.

O’zbekiston Respublikasi Uy-joy Kodeksining 75-moddasiga ko’ra, xususiy, munitsipal, idoraviy uy-joy fondi yoki aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylarida joylashgan, o‘z mehnat munosabatlari xususiyatiga ko‘ra ish joyiga bevosita yaqin yerda yashashi kerak bo‘lgan fuqarolar ko‘chib kirishiga mo‘ljallangan turar joylar xizmat turar joylari deb hisoblanadi.

Xizmat turar joylari davlat yuqori idoralarida ishlayotgan shaxslarga, harbiy xizmatchilarning ayrim toifalariga, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan ro‘yxatdagi boshqa shaxslarga beriladi. Belgilangan tartibda oilaviy bolalar uyi tashkil etilganda tarbiyasiga olingan bolalar bilan birgalikda yashashi uchun tarbiyachi – ota-ona etib tayinlangan fuqarolarga ham xizmat uyi yoki xizmat kvartirasi berilishi mumkin.

Xizmat turar joylari mehnat shartnomasining amal qilish muddatiga yoki xizmat davriga, saylab qo‘yiladigan lavozim muddati tugagunga qadar beriladi. Xizmat turar joylarini berish tartibi, shuningdek ularni olish huquqiga ega bo‘lgan xodimlar toifalari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Davlatdan xizmat turar joylari olish huquqiga ega bo’lgan shaxslarning to’liq ro’yxati:

1. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalari (nogironlar, faxriylar, yolg‘iz keksalar uchun internat-uylar)ning bug‘qozon qurilmalari operatorlari.

2. Nasos stantsiyalari, yirik gidrouzellar va to‘g‘onlarga xizmat ko‘rsatuvchi navbatchi texniklar, mashinistlar, elektr texniklar.

3. Kommunal xizmat ko‘rsatishning suv oqizish-kanalizatsiya va gaz xo‘jaligi avariya-dispetcherlik xizmatlari ustalari, slesarlari.

4. Yo‘l oraliqlari ustalari, tuzatuvchilari.

5. Gazdan muhofaza qilish xizmati xodimlari.

6. Suv xo‘jaligi foydalanish uchastkalari boshliqlari, gidroinshootlarning tartibga soluvchilari va gidropostlarning kuzatuvchilari, uchastka gidrotexniklari va gidroo‘lchovchilari.

7. Kabelli (radiorele) kuchaytirish punktlariga xizmat ko‘rsatuvchi navbatchi texniklar, radio va televizion stantsiyalarga, shuningdek, qishloq joylardagi maxsus ob’ektlarga xizmat ko‘rsatuvchi elektr mexaniklar.

8. Elektr tarmoqlari va yordamchi stantsiyalarning navbatchi muhandislari, kabelli taqsimlash tarmoqlarining navbatchi muhandislari va texniklari.

9. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining qishloq joylardagi davolash-profilaktika muassasalarining uchastka vrach-terapevtlari, pediatrlari.

Nogironlar va qariyalar uylarining hamda aqlan zaif bolalar uchun nogiron bolalar uylarining direktorlari, vrach, (feldsher)lari, katta tibbiyot hamshiralari, shuningdek, ushbu bolalar uylarining tarbiyachilari, sanatoriylar va dam olish uylarining bosh vrachlari, vrach (felьdsher)lari, xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullanuvchi hamshiralari.

10. Oilaviy bolalar uyining tarbiyalash uchun ularga berilgan bolalar bilan birga yashovchi ota-ona-tarbiyachilari.

11. O‘rmon, qo‘riqxona, zakaznik (daxlsiz o‘rmon qo‘riqxonasi), ovchilik xo‘jaliklarining direktorlari, o‘rmon xo‘jaligi xodimlari, o‘rmon kesuvchilari, yollangan ovchilari.

12. Boshqa joylardan vaqtinchalik taklif etilgan oliy toifali trenerlar va sport ustalari.

13. «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat-aktsiyadorlik kompaniyasining mehnat munosabatlari xususiyatiga ko‘ra bevosita ish joyi yaqinida yashashi kerak bo‘lgan xodimlari.

14. Harbiylashtirilgan qo‘riqlash va professional yong‘in xavfsizligi xodimlari.

15. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining kazarma — uy-joy fondiga hamda kommunal inshootlarga xizmat ko‘rsatish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq ishchi va xizmatchilari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining zobitlar tarkibidagi shaxslar, praporshchiklar, michmanlar va belgilangan muddatdan tashqari xizmat harbiy xizmatchilari.

16. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining tuman, shahar ichki ishlar bo‘lim (boshqarma) lari boshliqlari, jazolarni ijro etish muassasalarining boshliqlari va boshliq o‘rinbosarlari.

17. Ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkib bo‘yicha maxsus inspektsiya xodimlari, xizmat ko‘rsatiladigan uchastka hududidagi profilaktika bo‘yicha inspektorlari.

18. O‘zbekiston Respublikasi tuman, shahar, viloyat sudlarining, Oliy sudi va harbiy sudlarining sudyalari.

19. O‘zbekiston Respublikasi viloyatlari, Toshkent shahri xo‘jalik sudlarining va Oliy xo‘jalik sudining sudyalari.

20. Boshqa mintaqalardan ishga taklif qilingan Prezident Devoni, Oliy Majlis Kotibiyati, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar va ularning hududiy bo‘linmalari apparatlarining mas’ul xodimlari, prokuratura organlarining xodimlari.

21. Deputatlar, Toshkent shahrida turar joyga ega bo‘lmagan Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning o‘rinbosari.

22. Qishloq joylaridagi aloqa bo‘limlarining boshliqlari va boshliq o‘rinbosarlari.

(Ro’yxat Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 27-yanvardagi 24-son qaroriga 1-ILOVAdan olindi)

One Comment

  1. Biz oilada 16 kishi yashaymiz. Ya’ni 5 ta oila. Oilada erkaklar ishlashadi, lekin oyligimiz ro’zg’or va to’lovlarni to’lashga sariflanadi, shulardan ortirib uy olishga qurbimiz yetmaydi. Biz qayerga murojat qilaylik?