MTRK telekanallarida har kuni koʻrayotganimiz — bir “aqlli” reklamaga kuyib ketyapti odam.
Chetga ish bilanmi, boshqa birorta yumush bilanmi ketayotgan bir bechorani e yoʻq, be yoʻq, shart toʻxtatib, qarzing bor, toʻlab qoʻy, deb shunchalar ovora qilishadiki… MIB desa labiga uchuq chiqadigan boʻladi.
“Agar qarzlaringiz boʻlsa, noxush vaziyatlarga tayyor turing, oʻzingizga muammo tugʻdirmang”, deya dagʻdagʻa qiladi.
Biz oxirgi ikki yarim yilda Prezidentimiz aytganidek, oddiy odamlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yoʻlidan ketyapmiz. Xalqaro aeroportda esa qarzi borni sarson qilish bilan ovoramiz.
Bilibmi-bilmaymi shunday holatga tushib qolgan kishini oyogʻi kuygan tovuqday yugurtirmasdan, aeroportning oʻzida bitta bank kassasini ochish boʻyicha fikr, nahot Majburiy ijro byurosi rahbariyatining, loaqal jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimining kallasiga kelmagan boʻlsa. Yoki qoʻrqituv, qutqu solish kabi gʻoyalarni reklamada aks ettirishdan qandaydir lazzatu rohat bormi?
Aholining ushbu byuroga eʼtirozi juda koʻp va xoʻp boʻlayotgani yashiradigan gap emas. Ijtimoiy tarmoqlar MIB ustidan arzu holu shikoyatga toʻlib ketgan.
Toʻgʻri, hech kim kommunal va boshqa toʻlovlardan qarzdor boʻlib qolish uchun yashaymadi. Ammo iqtisodiy asoslarga koʻra, ularni qip-qizil jinoyatchiga chiqarishdan ham mantiq yoʻq. Byuro qancha koʻp pul tushirsa, hisobiga tushadigan foizidan shuncha koʻp foyda oladi. Demakki, bu yerda bir tamoyil — nima qilib boʻlsa ham “koʻproq undir va tushir” tamoyili ustuvor boʻlib qolaveradi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida toʻlovlar uchun bu kabi jazolash tizimini oʻzgarish vaqti yetdi. Chunki chiroqni bir oyda 50 marta oʻchirgani uchun elektr tarmoqlari korxonasiga yoki gaz bosimini kamaytirib yuborgani sababli gaz idorasiga hech kim jarima solmaydi. Chiqindi-ku alohida masala.
Yaʼni, ular bilan shartnoma tuzgan mijoz manfaatlari uchun jarima toʻlamaydi, hatto bir ogʻiz kechirim ham soʻramaydi. Ammo toʻlovni bir kun kechirtirsangiz, MIB sizni shubhasiz jazolaydi.
Biz yangi Oʻzbekiston tarixida MIB misolida misli koʻrilmagan voqelik — prokuraturaning qonuniy tijoriylashuvi jarayonini boshimizdan kechiryapmiz. Qolaversa, kechiktirilgan kommunal toʻlovlar boʻyicha kechiktirilgan qarz ishining MIB kabi prokuratura tizimi xodimlari tomonidan koʻrilayotgani fuqarolarga qoʻshimcha psixologik bosim boʻladi. Kommunal toʻlovlarni undirish borasida MIB vazifasi majburiyat emas, aslida xizmatdir.
Oʻzi avval boshdanoq bu tashkilotning prokuratura tizimida boʻlishi turli bahslarga sabab boʻlayotgan edi. Davlatning jazolovchi mexanizmiga aylanib qolishi, albatta, uning obroʻsini tushiradi.
MIB hech shubhasiz, Adliya vazirligi huzurida yoki alohida mustaqil tashkilot sifatida hech boʻlmaganida, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi qoshida tashkil etilishi kerak edi. Yoki boʻlmasa, anchadan beri odamlarning ogʻirini yengil qilish, muomala va xizmat koʻrsatish borasida ijobiy taʼsir koʻrsatayotgan Yagona davlat xizmatlari agentligiga oʻtkazib berilsa ham boʻladi.
Asosiy maqsad kommunal xizmat koʻrsatuvchi tomonlarning bir-biriga nisbatan hurmat va masʼuliyat hissini shakllantirish, kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan undiruvchi borda deya boqimandalik kayfiyatiga berilmasdan, oʻz servis xizmatlarining yaxshilanishiga qaratilishi kerak. Hamonki, undiruv amaliyotida chuqur muammo bor ekan, uning zamonaviy va odamlarni bezdirmaydigan shakllarini oʻylab topish zarur va shart.
Aliment masalasi ham anchayin bahsli. Bu oʻrinda, sud qarori chiqqan, nima qilib boʻlsa-da ijro etamiz-da, degan oqlovchi qarashdan qutulish zarur. Masalan, Qashqadaryo viloyat maʼmuriy sudlari tomonidan 2018-yil davomida aliment bilan bogʻliq, yaʼni voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlagani uchun 213 ta holatda 235 nafar shaxsga nisbatan ish koʻrilgan. Bu bir viloyatdagi koʻrsatkich. Respublika boʻyicha buni 14 ga koʻpaytirasiz. Hisobi chiqadi.
Va barcha huquqbuzarlarga nisbatan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangani haqida xabar OAVga boʻylab keng tarqatildi. Aliment toʻlamagani uchun otasi qamab qoʻyilgan bolaning ham bir fikrini soʻrash kerakdir. Endi har yili ajralayotganlar soni 30 mingdan oshayotgan boʻlsa, tabiiyki, aliment toʻlash boʻyicha ham muammolar ortaveradi. Sudlanganlik holati soni misli koʻrilmagan darajada ortib ketmaydimi?
Avvalroq uyidan televizor va boshqa buyumlarni olib chiqayotgan MIB xodimi aks etgan reklamani koʻraverdik, ulardan qoʻrqmay qoʻydik. Endi esa dagʻdagʻa ufurib turgan yangisi paydo boʻldi. MIBning tashkiliy shaklu shamoyilini qayta bir tanqidiy koʻzdan kechirish vaqti yetmadimikan?
A.Tursun, jurnalist
Manba: xabar.uz