Savol: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik shaxslar va fuqarolarning binolari hamda inshootlari bilan band bo’lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish to’g’risida”gi Farmoni mavjud va bu farmonga ko’ra bino inshootlar tagida yerlar xususiylashtirilishi rejalashtirilgan edi. Shu farmonni sakkizinchi bandida “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin”, deb yozilgan. Bu farmon tavsiya ko’rinishidagi farmonmi yoki majburiy farmonmi? Farmonda aytilgan masalalarni amalga oshirish uchun davlat tomonidan biror-bir chegaraviy muddat qo’yilganmi? Masalan, shu muddatgacha bu farmon bajarilmasa, farmon o’z kuchini yo’qatadi, degan qoida mavjudmi? Bu farmon bekor qilinishi mumkinmi? Bekor qilinishi uchun O’zberkiston Prezidenti tomonidan qanday qaror yoki farmon chiqarilishi lozim?
Javob: O’zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi qonunining 6-moddasida O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari sanab o’tilgan bo’lib, ularga quyidagilar kiradi:
“Normativ-huquqiy hujjatlar qonun hujjatlari hisoblanadi va ular O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari majmuini tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari qonunlar[1] hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining normativ-huquqiy hujjatlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari qonun osti hujjatlari hisoblanadi”.
Mazkur qonunning 10-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari haqida qoida o’rnatilgan:
“O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari asosida hamda ularni ijro etish uchun farmonlar shaklida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi”.
Demak, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi hamda qonun osti hujjatlar tarkibiga kiradi.
Ushbu qonunning 28-moddasida normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilish muddati to’g’risida qoida belgilangan bo’lib, unga ko’ra:
“Normativ-huquqiy hujjat, agar uning matnida boshqa izoh berilmagan bo‘lsa, muddatsiz amal qiladi.
Normativ-huquqiy hujjat amal qilishining vaqtinchalik muddati butun hujjat uchun yoki uning qismlari uchun belgilanishi mumkin. Bunday holda unda hujjat (yoki uning qismi) qaysi muddatga yoki qanday hodisa yuz berguniga qadar o‘z kuchini saqlab qolishi ko‘rsatilishi zarur.
Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ belgilangan muddat tugaguniga yoki hodisa yuz berguniga qadar hujjatning amal qilinishini yangi muddatga, boshqa hodisa yuz berguniga qadar uzaytirish to‘g‘risida yoki hujjatga muddatsiz tus berish haqida qaror qabul qilishi mumkin”.
Bundan tashqari, normativ-huquqiy hujjat (uning qismi) quyidagi hollarda amal qilishdan to’xtaydi:
“normativ-huquqiy hujjat (uning qismi) mo‘ljallangan muddat tugaganda yoki hodisa boshlanganda;
normativ-huquqiy hujjat (uning qismi) qonunda belgilangan tartibda konstitutsiyaviy emas deb topilganda;
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarining, Hukumatning va mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga mosligini aniqlaydi.
normativ-huquqiy hujjat (uning qismi) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilganda;
normativ-huquqiy hujjat qonunda nazarda tutilgan hollarda bekor qilinganda.
O‘zbekiston Respublikasi «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonunining 26-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid keladigan qarorlarini bekor qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hokimlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Hukumat hujjatlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining davlat manfaatlariga zid keladigan hujjatlarini to‘xtatadi va bekor qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93 va 98-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti respublika davlat boshqaruv organlarining qabul qilgan hujjatlarini to‘xtatishga, bekor qilishga, shuningdek Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini hamda Bosh vazir farmoyishlarini bekor qilishga haqli.
«Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7 va 11-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlarining hujjatlari amaldagi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan hollarda ularni bekor qilish, shuningdek viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qonun hujjatlariga zid bo‘lgan qarorlari va farmoyishlari ijrosini to‘xtatib qo‘yish hamda ularni bekor qilishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasining «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonunining 24-moddasiga muvofiq, Xalq deputatlari Kengashi hokimning va quyi Kengashning O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga mos kelmaydigan qarorlarini bekor qiladi. Shuningdek, mazkur Qonunning 25-moddasiga asosan, hokim quyi turuvchi hokimlarning qarorlarini, basharti ular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa hujjatlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan hujjatlarga, shuningdek yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashi va hokimning qarorlariga zid bo‘lsa, bekor qiladi va xalq deputatlari Kengashiga quyi turuvchi xalq deputatlari Kengashlarining hujjatlarini bekor qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi”.
Demak, O‘zbekiston Prezidenti davlat boshlig‘i va ijroiya hokimiyati boshligi sifatida Respublika hududida majburiy tarzda amal qiluvchi Farmonlar chiqaradi. Prezidentning davlat mexanizmida va ijroiya hokimiyati tizimida tutgan qat’iy o‘rni uning Farmonlarining normativ-huquqiy aktlar tizimida egallaydigan mavqeini, rolini belgilab beradi.
Prezident Farmonlari ijroiya hokimiyati tizimida eng yuqori kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy aktdir. An’anaga ko‘ra, Farmon yuridik kuchi va ahamiyati jihatidan qonundan keyingi o‘rinda turadi. Farmon ijroiya hokimiyatining Konstitutsiyada belgilangan o‘z vakolatlarini amalga oshirish aktidir. Uning qonun bilan munosabatiga kelganda shuni aytish lozimki, Prezident vakolatiga taalluqli masala bo‘yicha chiqarilgan Farmonni qonun bilan ham bekor qilish yoki boshqacha hal etish mumkin emas. Masalan, Prezident Farmoni bilan tayinlangan hokim yoki sudyani hech bir qonun bilan vazifasidan ozod etib bo‘lmaydi. Bunday lavozimlarga hatto qonun bilan ham biror shaxsni tayinlab bo‘lmaydi. Bordi-yu, shunday qilingan taqdirda mazkur qonun Konstitutsiyaga zid bo‘lib, yuridik kuchga ega bo‘lmaydi, chunki bu Prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlariga daxl qilish bo‘ladi. Va, aksincha, Konstitutsiyada qonun bilan tartibga solinishi ko‘zda tutilgan masala bo‘yicha Farmon chiqarish mumkin emas. Hokimiyatlar taqsimlanishi prinsipining qat’iy talabi ana shunday.
Farmonlar, umumiy qoidaga ko‘ra, O‘zbekiston Konstitutsiyasi hamda qonunlariga muvofiq va ularning ijrosini ta’minlash maqsadida chiqariladi.
Prezident Farmonlari strategik va dasturiy xarakterga ega bo‘lib, ularda hukumat, u yoki bu vazirlik, davlat qo‘mitasi muayyan yirik murakkab masalani qanday hal etishi kerakligining aniq rejasi va yo‘l-yo‘riqlari belgilab beriladi. Farmonlar Vazirlar Mahkamasi va davlat boshqaruvining boshqa bo‘g‘inlari faoliyatiga rahbarlikning samarali vositasidir. Biroq Farmonlar hukumat qarorlari o‘rnini egallay olmaydi. Har ikki turdagi bu hujjatlar Konstitutsiya va qonunda belgilangan vakolatlar doirasida chiqariladi.
Farmon bilan qonunga qo‘shimcha yoki o‘zgartirish kiritish mumkin emas, u qonun asosida va qonun ijrosini ta’minlash maqsadida chiqariladigan aktdir. Shu o‘rinda qonun bilan Farmon o‘rtasidagi munosabatni aniqroq bayon etish lozim:
1. Qonun parlamentning, hokimiyat oliy vakillik organining aktidir; Farmon esa, oliy ijroiya hokimiyati rahbarining akti.
2. Qonun hamisha normativ xarakterga ega bo‘ladi; Farmon normativ akt bo‘lishi ham, bunday bo‘lmasligi ham mumkin. Ba’zan Farmonlar individual akt sifatida chiqariladi.
3. Qonun o‘z yuridik kuchi jihatdan Farmondan ustun turadi. Farmon normativ-huquqiy aktlar iyerarxiyasida qonundan keyingi o‘rinni egallaydi. Qonun bilan Farmonning qoidalari o‘zaro zid kelib qolgan taqdirda, qonun ustuvorlik qiladi.
Shu o‘rinda qonunning ham, Farmonning ham tartibga solish predmeti borligini yodda tutish lozim. Konstitutsiyaga muvofiq Farmon bilan hal etiladigan masala bo‘yicha qonun chiqarish mumkin emas va aksincha. Biroq barcha Farmonlar parlament – Oliy Majlis tasdig‘idan o‘tishi lozim.
4. Qonun Konstitutsiyada belgilangan alohida qat’iy o‘rnatilgan tartibda (odatda to‘rt majburiy bosqichli jarayon oqibatida) qabul qilinadi. Farmonni qabul qilish esa, qonun ijodkorligi jarayonidagi singari maxsus bosqichlarni amalga oshirishni talab etmaydi.[2]
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qabul qiladigan normativ-huquqiy hujjatlar turkumiga to’xtaladigan bo’lsak, Konstitutsiyaning 94-moddasiga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Konstitutsiyaga va qonunlarga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan mamlakatning butun hududida majburiy kuchga ega bo`lgan farmonlar, qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
O`zbekiston Respublikasining Prezidenti o`z vazifalari va konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirish maqsadida ko`p qirrali huquq ijodkorligi faoliyatini yuritadi.
Prezident butun O`zbekiston hududida bevosita amal qiladigan, majburiy kuchga ega bo`lgan uch xil normativ-huquqiy hujjat chiqaradi:
1) farmonlar;
2) qarorlar;
3) farmoyishlar.
Farmon – aniq bo`lmagan jismoniy va yuridik shaxslarga taalluqli bo`lib, uzoq muddatga amal qiladi. Farmon – normativ-huquqiy hujjat. U huquqni qo`llash xususiyatiga ham ega bo`lishi mumkin va demak, normativ mazmunga ega bo`lmasligi ham mumkin. Normativ mazmundagi farmonlar nashr etiladi, masalan u yoki bu shaxsni biror lavozimga tayinlash to`g`risida.
Farmoyish – individual tashkiliy xususiyatdagi hujjatdir.
Prezident chiqaradigan hujjatlar uning o`zi tomonidan mustaqil chiqariladi. Prezident chiqaradigan farmonlar, qarorlar va farmoyishlar Konstitutsiya va qonunlarga zid bo`lmasligi shart. Chunki ular Konstitutsiya va qonunlar asosida, ularni bajarish maqsadida chiqariladi. Prezident chiqargan normativ hujjatlarining O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to`g`risidagi masala, zaruriyat tug`ilganda, O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi tomonidan hal qilinadi (Konstitutsiyaning 109-moddasi). Ko`rib chiqish natijalari bo`yicha Konstitutsiyaviy sud butun hujjat yoki uning ayrim qoidalari konstitutsiyaviy yoxud g`ayrikonstitutsiyaviy ekanligi haqida qaror qabul qilishi mumkin. Shu tariqa Prezident aktlarining konstitutsiyaviy bo`lishi kafolati ta’minlangan.
“Konstitutsiya va qonunlarga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan” deyilgan konstitutsiyaviy bayon qilish, shuningdek, faqat qonun tomonidan tartibga solinadigan masalalar ro`yxatining Konstitutsiyada mavjud emasligi – Prezidentning huquq ijodkorligi faoliyatini keng talqin qilishga imkon beradi. Biror masalani qonun bilan tartibga solish mavjud bo`lmagan hollarda, Prezident oldindan ushbu masala yuzasidan normativ farmon chiqarishi mumkin.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining normativ-huquqiy hujjatlari “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining xabarnomasi” va shuningdek, respublika gazetalarida rasman e’lon qilinadi.[3]
Savolda keltirilgan farmon bajarilishi majburiy bo’lgan farmon hisoblanadi. Farmonda aytilgan masalalarning ma’lum muddatgacha bajarilmasligi farmonni bekor bo’lishiga olib kelmaydi, balki farmonda belgilangan vazifalar bajarilishi yuklatilgan davlat organlari va idoralariga nisbatan vazifalarni o’z vaqtida ado etmasligi yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko’rilishi mumkin. Farmonni bekor qilish yuzasidan qoidalar yuqorida tilga olindi. Ushbu farmon matnida farmonning amal qilish muddati belgilanmagan, demak, qoidaga asosan, muddatsiz amal qilinishi lozim bo’lgan farmon hisoblanadi. Ma’lum farmonni bekor qilish uchun xuddi shu farmon tartibga soladigan munosabatlar yuzasidan Prezident farmoni yoki qarori qabul qilinishi va yangi qabul qilingan farmon yoki qarorda mazkur farmonning bekor qilinishi haqida so’z yuritilishi kerak. Yuqorida ta’kidlanganidek, Prezident Farmonini biror qonun bilan bekor qilib bo’lmaydi. Prezident Farmoni (muddatsiz farmon) bekor bo’lishi uchun ushbu farmonni bekor qilish haqida so’z yuritilgan Prezident Farmoni yoki qarori qabul qilinishi talab etiladi yoki O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan Konstitutsiyaga zid deb topilgan holda Farmon bekor qilinishi mumkin.
“Yuridik shaxslar va fuqarolarning binolari hamda inshootlari bilan band bo’lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish to’g’risida”gi Farmon chiqgandan so’ng O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2006-yil 26-iyulda 147-sonli “O’zbekiston Respublikasi Prezidentining ‘Yuridik shaxslar va fuqarolarning binolari hamda inshootlari bilan band bo’lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish to’g’risida’ 2006-yil 24-iyuldagi PF-3780-son Farmonini amalga oshirish haqida” qaror qabul qilgan.
Demak, yuqorida ta’kidlangan Prezident Farmoni qabul qilingach, uning ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tegishli chora-tadbirlarni ko’rish uchun mazkur qaror qabul qilgan.
[1] Konstitutsiyaviy sudning “Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonuni 31-moddasining ikkinchi qismini sharhlash haqidagi qaroriga ko’ra, Oliy Majlis palatalari qarori qonun hisoblanmaydi. Ta’kid Adolat.Netga tegishli.
[2] “Davlat va Huquq nazariyasi”, Darslik. Boboyev va Odilqoriyevning umumiy tahriri ostida mualliflar jamoasi., Toshkent, 2005-yil.
[3] “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy huquqi”, Darslik. A.X. Saidov va mualliflar jamoasi., Toshkent, 2005-yil.