Shu yilning aprel oyida O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining pornografiya mahsulotlarini taqiqlovchi 130-moddasiga o’zgartish kiritildi.
Mazkur o’zgartishlardan asosiy maqsad odob-axloqqa qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali jamiyatda pornografiyani targ‘ib qiluvchi xatti-harakatlarning oldini olish. Bu borada so’nggi yillarda kuzatilgan bir qator hodisalar davlatni shunday chora-tadbirlarni kuchaytirishga undagan bo’lishi mumkin.
Kun.uz veb sahifasiga ko’ra, 2009-yildan beri O’zbekiston huquq tartibot organlari tomonidan 44,5 mln. so‘mlik pornografik mahsulotlar yo’q qilingan va 430 nafar shaxsga 146,5 mln. so‘mlik jarima solingan. Dunyo miqyosida bu boradagi statistikaga e’tibor beradigan bo’lsak, har soniya pornografik mahsulotlardan foydalanish uchun 3,075.64 AQSh dollari sarf qilinib, taxminan 28 ming Internet foydalanuvchisi behayo veb sahifalarni ko’zdan kechiradi. Pornografik mahsulot va xizmatlar savdosidan keladigan daromad yiliga 4.9 milliard AQSh dollarini tashkil etib, Microsoft, Google, Amazon, eBay, Yahoo, Apple kabi dunyoning eng katta korporatsiyalaring qo’shma daromadidan ham kattadir.
Xo’sh, pornografiyani taqiqlash bilan bog’liq muammolar nimada? Pornografiyani taqiqlash borasida asosiy huquqiy-falsafiy qarashlar nimalardan iborat? Jinoyat Kodeksida pornografiya qanday ta’riflangan va bu ta’rifning kamchiliklari nima? Mazkur maqolada shu savollar atrofida fikr yuritamiz.
Jinoyat Kodeksining 130-moddasida nima deyilgan?
Jinoyat Kodeksining 130-moddasi “Pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish” deb nomlanib, uning 1-xatboshida shunday deyiladi:
“Pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O’zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek, uni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo’llanilganidan keyin sodir etilgan bo’lsa, – eng kam oylik ish haqining to’rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi”.
130-moddaning yangi tahriri qanday o’zgartishlar kiritganini taqqoslash oson bo’lishi uchun eski tahrirni ham keltirib o’tamiz. 130-moddaning eski tahriri “Pornografik narsalarni tayyorlash yoki tarqatish” deb nomlanib, unday shunday deyilgan edi:
“Namoyish qilish yoki tarqatish maqsadida pornografik narsalarni tayyorlash, shungdek, ularni yigirma bir yoshga to’lmagan shaxslar o’rtasida namoyish qilish yoki tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo’llanilgandan keyin sodir etilgan bo’lsa – eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi”.
130-moddaning yangi tahririda taqiqlangan xatti-harakatlar doirasini kengaytirish bilan birga, jiddiyroq jinoiy javobgarlik ham belgilangan. Shu bilan birga, eski tahrirga ko’ra, pornografik mahsulotlar yigirma bir yoshga kirgan shaxslar o’rtasida namoyish etilgan yoki tarqatilgan hollarda jinoyat hisoblanmaydi. Yangi tahrirda esa bunday cheklash mavjud emas.
Pornografiyaga doir asosiy huquqiy-falsafiy qarashlar
Huquqiy nazariyada pornografiyani taqiqlash har doim bahsli munozaralarga sabab bo’lgan. Bahs, asosan, hukumat fuqarolarning pornografik mahsulotlardan foydalanishini taqiqlashga haqlimi yoki bunday taqiq kishilar huquqlarini cheklash hisoblanadimi, degan savol atrofida aylanadi.
Pornografiyani taqiqlashga oid ikki asosiy qarash mavjud. Bu qarashlarni shartli ravishda diniy-axloqiy va liberal qarash deb atash mumkin. Diniy-axloqiy qarashga ko’ra, pornografiya jamiyatda shakllangan diniy-axloqiy qoidalarni buzadi, kishilarning betartib yoki axloqsiz jinsiy hayot kechirishlariga sabab bo’ladi, oxir-oqibat jamiyatning tayanchi hisoblanmish oila institutiga salbiy ta’sir ko’rsatib, jamiyatda jinsiy zo’rlash va shu kabi jinoyatlarning ortishiga sabab bo’ladi. Shu bois ular davlat pornografiyani taqiqlashga haqli deb hisoblaydilar.
Liberal yondashuvga ko’ra esa, davlat pornografiyani taqiqlamasligi kerak. Aqli raso kishilar nimani tamosha qilish va qilmaslik haqida o’zlari qaror berishlari lozim. Ular boshqalarning diniy-axloqiy qarashlari, ular ko’pchilikni tashkil etsa ham, boshqalarga majburan o’tkazilmasligi kerak, deb hisobladydi.
Albatta, liberal yondashuv tarafdorlari bunday nuqtai-nazarni pornografiyani yoqlab chiqqanlari uchun aytmaydi. Ular pornografiyani axloqsizlik deb bilsalar ham, bunday mahsulotlardan foydalanish yoki foydalanmaslik kishilarning o’z ixtiyoriga havola etilib, davlat kishilarning bu boradagi qarorlariga aralashmasligi kerak, deydi.
Shu o’rinda tabiiy bir savol tug’iladi. Liberallar davlatning fuqarolar hayotiga aralashuviga har qanday holatda qarshimi? Liberallarga ko’ra, davlat faqat bir holatdagina kishilarning huquqlarini cheklashi mumkin. U ham bo’lsa, alohida huquq (masalan, pornografik mahsulotni tamosha qilish huquqi) boshqalar huquqiga jiddiy zarar yetkazganda.
Jiddiy zarar yetkazish talabi huquqiy-falsafiy bahslarda “zarar yetkazish tamoyili” deb ataladi (“harm principle”). Mazkur tamoyil Jon Styuart Milning (John Stuart Mill) 1859-yilda yozilgan “Erkinlik haqida” (“On Liberty”) kitobidagi qarashlar asosida paydo bo’lgan. Milga ko’ra, davlat fuqarolarga qarshi faqat bir holatdagina o’z huquqiy-majburlov choralarini qo’llashi mumkin. Ya’ni, bir guruh kishilarning o’z huquqlarini amalga oshirishi boshqa guruh kishilarning huquqlarini kamsitilishiga yoki cheklanishiga sabab bo’lganda. Aqli raso kishi boshqalar oldida faqatgina bir holatdagina ma’suldir – uning xatti-harakatlari boshqalarning haq-huquqlarini cheklaganda. Mil bir kishining xatti-harakatlari boshqalarga jiddiy zarar yetkazmaganda, boshqalarning u kishi nima qilayotgani bilan ishi bo’lmasligi kerak, deydi.
Jiddiy zararning mavjudligini isbotlash pornografiyani taqiqlash tarafdorlarining zimmasida bo’lib, pornografiyani taqiqlash uchun pornografiya va jiddiy zarar o’rtasidagi o’zaro aloqadorlik ko’rsatib berilishi kerak. Liberal yondashuv tarafdorlari agar pornografiya jamiyatda jinsiy zo’rlash va boshqa jinsiy jinoyatlarning ko’payishiga sabab bo’lsa, davlat uni taqiqlashga haqli deydi. Ammo pornografik mahsulotlarning zararlari borasida olimlar aniq to’xtamga kelmaganlar.
Hozirgacha pornografiya va jamiyatdagi jinsiy jinoyatlar o’rtasidagi o’zaro bog’liqlik borligini hech qaysi ilmiy izlanish isbotlab bera olmadi. Bunday aloqadorlikni aniqlash uchun bir necha davlatda ishchi guruhlar tuzilgan. Masalan, “1970-yilgi AQShda uyatsizlik va pornografiya bo’yicha komissiyaning yakuniy hisoboti (The final report of Commission on Obscenity and Pornography in the U.S.) yoki “Uilyams Qo’mitasining Buyuk Britaniyada Uyatsizlik va Kinosenzura bo’yicha hisoboti” (The Williams Committee Report into Obscenity and Film Censorship in the U.K.) shular jumlasidan. Mazkur hisobotlar mavjud ilmiy izlanishlarni o’rganib chiqib, pornografiya va jinsiy tajovuz va jinoyatlar orasida aniq munosabat yo’q degan xulosaga kelgan. Ammo AQSh Bosh prokurori tomonidan 1986-yilda tuzilgan Pornografiya Komissiyasi (The Attorney General’s Commission on Pornography 1986) pornografik mahsulotlardan foydalanish ayollarga qarshi jinsiy jinoyatlar sodir etishga moyillikni kuchaytiradi, degan xulosaga kelgan.
Demak, mazkur izlanishlardan ko’rinib turibdiki, pornografiyaning jamiyatda jinsiy tajovuz va jinoyatlarning oshishiga bo’lgan aloqasi haqida aniq bir nuqtai-nazar mavjud emas. Bunday vaziyatlarda huquqiy masalaning tartibga solinishi davlatlaring ijtimoiy, tarixiy, ma’naviy va boshqa manfaatlaridan kelib chiqqan holda tartibga solinadi. Masalan, oila va diniy-axloqiy qadriyatlar katta rol o’ynaydigan davlatlarda pornografiyani taqiqlash mumkin.
Ammo pornografiyani taqiqlashning o’zi amalda kutilgan natijalarni bermasligi mumkin. 2006-yilgi statistik ma’lumotlariga ko’ra, pornografik mahsulotlardan eng katta daromad ko’ruvchi birinchi 3 davlat Sharqda jo’ylashgan. Bular Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya. Bu davlatlarda ham, O’zbekistonda bo’lgani kabi, oilaviy munosabatlar, odob-axloq me’yorlariga rioya qilish kabi qadriyatlarga jiddiy e’tibor beriladi. Shunga qaramasdan pornografiyadan eng katta daromad oluvchi davlatlar mazkur uch Sharq davlatidir. Achinarlisi, diniy qadriyatlar ustun ko’rilgan jamiyatlarda ham pornografik mahsulotlardan foydalanish avj olgan. Internetda pornografik mahsulot yoki xizmatlarni qidiruvchi davlatlar orasida birinchi yetti o’rinni musulmon yoki musulmon aholisi ko’p bo’lgan davlatlar egallagan. Bular (1) Pokiston; (2) Hindiston; (3) Misr; (4) Turkiya; (5) Jazoir; (6) Marokko va (7) Indoneziya. Bu ro’yxatda 9-o’rin Eronga tegishli. AQShda ham shunday tendensiyani kuzatish mumkin. AQShda Yuta (Utah) shtati aholisi o’z taqvodorligi bilan boshqalaridan ajralib tursa ham, mazkur shtat pornografik mahsulotlardan eng ko’p foydalanuvchi shtatlardan biri hisoblanadi.
Pornografiyaning oldini olish uchun qonuniy jazo belgilashning o’zi kifoya emas. Shu o’rinda liberal yondashuv tarafdorlarining pornografiyaga qarshi kurash haqidagi qarashlariga e’tibor berishda foyda bo’lishi mumkin. Liberal yondashuv tarafdorlari pornografiyani aniq dalillarsiz taqiqlamaslik kerak desalar ham, boshqa choralar ko’rilishi mumkin deb hisoblaydi. Davlat fuqarolarning pornografik mahsulotlardan foydalanmaslikni ongli ravishda tanlashlariga qaratilgan chora-tadbirlarni ko’rishi darkor. Masalan, agar pornografik mahsulotlardan foydalanish sog’lom oila qurish uchun zararli deb hisoblansa, davlat o’z fuqarolariga bunday zararlar haqida ma’lumot berish orqali ularni pornografik mahsulotlardan foydalanmaslikka chaqirishi kerak. Yoki bo’lmasa pornografik mahsulotlardan foydalanish dardiga mubtalo bo’lishning kishi sog’lig’iga zararlari va bunday kasallikka yo’liqqan shaxslarga psixologik yordam ko’rsatish amaliyoti yo’lga qo’yilishi kerak.
Jinoyat Kodeksida “pornografik mahsulot”ga qanday ta’rif berilgan?
“Pornografiya”ning ta’rifi Jinoyat Kodeksining sakkizinchi bo’limida (“Atamalarning huquqiy ma’nosi”) keltirilgan. “Pornografik mahsulot” bu badiiy qimmatga ega bo’lmagan va ilmiy, tibbiy yoki o’quv maqsadlari uchun mo’ljallanmagan, odam jinsiy a’zolarining yoxud odam tomonidan haqiqatda sodir etilayotgan yoki shunga o’xshatilgan jinsiy aloqaning tavsifini yoxud foto, video tasvirini yoki boshqa tasvirni o’z ichiga olgan materiallar va narsalar.
Pornografiya tushunchasiga ta’rif berilishi juda muhim ahamiyat kasb etadi. Birinchidan, sudlar tomonidan aybsizlik prezumptsiyasi hurmat qilinishiga yordam beradi. Zero ta’rifi berilmagan jinoyat uchun javobgarlikka tortishda, ko’pincha, ayiblanuvchining aybsizlik prezumptsiyasi huquqi buziladi. Sababi jinoiy javobgarlik faqatgina qonunda aniq taqiqlangan xatti-harakatlar uchungina belgilanishi mumkin (qonuniylik tamoyili (4-modda); jinoyat uchun javobgarlik tamoyili (9-modda)). Har qanday shubha ayiblanuvchining foydasiga ko’rilishi kerak.
130-moddaning eski tahririga yozilgan Rustamboyevning sharhida ham, pornografik mahsulot nima ekanligi qoniqarli darajada yoritilmagan. Rustamboyev pornografik mahsulotlarni erotik mahsulotlardan farqli deydi. Unga ko’ra, pornografik narsalar “shahvoniy munosabatlarni, erkak yoki ayol jinsiy a’zolarini qo’pol, g’ayritabiiy, surbetlarcha, hayosizlik bilan yoki buzuq ko’rinishda tasvirlaydigan asarlar, bosma nashrlar, rasmlar va boshqa har qanday buyumlar”ni tashkil etadi. “Intim munosabatlar va badanlarning ochiqligi qo’pol ravishda, uyatsizlarcha yoki tabiiy shaklda tasvirlanmagan buyumlar”ni esa pornografiya emas, balki erotik asarlar deb ta’riflaydi (Rustamboyev, II-qism, 101-bet). Bu degani, erotik mahsulotlar eski tahrirdagi 130-modda bilan taqiqlanmaydi. Rustamboyev pornografik va erotik mahsulotlar o’rtasidagi farqni yetarli darajada ochiqlab bermagan. Jumladan, shahvoniy munosabatlar bilan intim munosabatlar o’rtasida qanday farq borligi yoritilmagan. Qolaversa, Rustamboev intim munosabatlar o’z ichiga jinsiy aloqani qamrab olmaydi demoqchiday tuyuladi. Bu esa notog’ri talqin. Ham rus, ham ingliz tilida intim munosabatlar (интимныеотношения, intimate relations) tushunchasi jinsiy aloqani ham qamrab oladi.
Har qanday huquqiy tushunchaga berilgan ta’rifni tahlil qilishda, birinchi navbatda, ta’rifda ishlatilgan termin va so’zlarning oddiy ma’nosiga qaraladi. Pornografiyaning ta’rifini tahlil qilishda ham, uni ta’rif qilishda ishlatilgan so’zlarning oddiy ma’nosini tahlil qilishdan boshlaymiz.
“Qimmat”mi yoki “qiymat”?
Jinoyat Kodeksining 8-bo’limida keltirilgan pornografiya ta’rifiga ko’ra, 130-moddada taqiqlangan mahsulot “badiiy qimmatga” ega bo’lmasligi kerak. Nazarimizda “qimmat” so’zi o’rniga “ahamiyat” yoki “qiymat” so’zi ishlatilishi kerak edi. O’zbek tilining izohli lug’atida “qimmat” so’ziga quyidagi ikki ta’rif berilgan: [1] “Nisbatan katta pul turadigan, narxi baland va [2] “Pulga, hech narsaga sotib olib bo’lmaydigan; bahosi yo’q, bebaho, qadrli, aziz.” (II-tom, 579-bet). Pornografiya ta’rifida gap kopro’q mahsulotning badiiy narxi yoki bahosi haqida emas balki badiiy ahamiyati haqida ketishi kerak. 2001-yilda nashrdan chiqqan Yuridik Ensiklopediyada pornografiyaga berilgan ta’rifda ham “ahamiyat” so’zi ishlatilgan: “Uyatsiz mazmundagi asarlar, poligrafiya mahsulotlari, ashyolarning tasviri va shakllari, kompyuter dasturlari, kinofilmlar, videofilmlar, fonogrammalar, tele va radio uzatishlar orqali jinsiy aloqa paytini aynan ko’rsatish yoki tasvirlash (og’zaki) bilan va shu bilan birga badiiy yoki ilmiy ahamiyati bo’lmagan holda tayyorlash.”
Izohli lug’atda “qiymat” so’ziga shunday ta’rif berilgan: “Kishi yoki narsaning turmushda tutgan o’rni, ahamiyati, qadri.” (II-tom, 574-bet). Shu sababli “qimmat” so’zidan ko’ra “ahamiyat” yoki “qiymat” so’zi mazmunan ko’proq to’g’ri keladi.
Tavsif va tasvir
Pornografiya ta’rifi ham tavsifni (“odam jinsiy a’zolarining yoxud odam tomonidan haqiqatda sodir etilayotgan yoki shunga o’xshatilgan jinsiy aloqaning tavsifini”), ham tasvirni (“yoxud foto, video tasvirni”) taqiqlaydi. Jinsiy aloqa tasvirlangan mahsulot qanday ekanligini ko’z oldimizga keltirishimiz mumkin, ammo jinsiy a’zoni yoki jinsiy aloqani tavsif qilish nima degani?
O’zbek tilining izohli lug’atida “tavsif” so’ziga shunday ta’rif berilgan: [1] sifat, sifatlar. Esizki, men u kampirning ta’bir va tavsiflarini esimdan chiqarganman; va [2] sifat-belgilarning bayoni, ta’rifi, tasviri. Kamina … nozaninning tavsifini eshitib, oshiqi beqaror bo’lgan edim. (II-tom, 104-bet ). Demak, pornografiya ta’rifiga ko’ra, jinsiy a’zolarning va jinsiy aloqani bayon va ta’rif etadigan mahsulotlar ham 130-modda bilan taqiqlangan. Bunday taqiq amalda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Adabiyotda ikki kishi o’rtasidagi intim aloqalar tasvirlanganini kuzatish mumkin. Ba’zilari esa bunday tasvirlash keragidan ortiq tafsilotlar bilan qilingan va o’z ichiga jinsiy aloqani ham qamrab olgan bo’lishi mumkin. Bu aslida borgan sari ko’p uchrayotgan holatlardan biri. Xususan rus va g’arb adabiyotida kishilar o’rtasidagi jinsiy aloqalar tasvirlanganini uchratish mumkin. Bunday tendensiya O’zbek adabiyotiga ham asta-sekinlik bilan kirib kelayapti. Xo’sh, adabiyotda uchraydigan intim aloqalarning tavsifi qaysi mezonga ko’ra taqiqlanadi? Ba’zi o’quvchilar uchun “odam jinsiy a’zolarining yoxud odam tomonidan haqiqatda sodir etilayotgan yoki shunga o’xshatilgan jinsiy aloqaning tavsifi” beozor tuyulsa, boshqalar uchun taqiqlangan xatti-harakat deb baholanishi mumkin.
Shu nuqtada pornografiya ta’rifiga ko’ra, badiiy qiymatga ega bo’lgan material va narsalar pornografiya hisoblanmasligini eslatish o’rinli. Kitoblar ham, umuman olganda, badiiy ahamiyatga egadir. Ammo jinsiy aloqalar tafsiloti berilishiga badiiy nuqtai-nazardan baho berish qanday amalga oshiriladi? Kim bunga baho beradi? Qaysi mezonga ko’ra jinsiy aloqaning tavsifi badiiy qiymatga ega bo’ladiyu, qaysi mezonga ko’ra badiiy qiymatga ega bo’lmaydi?
Izohli lug’atda “badiiy” so’ziga berilgan ta’riflar masalani yanada qiyinlashtiradi. “Badiiy” so’ziga quyidagi 3 ta’rif berilgan: [1] “voqelikni nafis san’at vositalari, obrazlar orqali ifoda etuvchi, tasvirlovchi.”; [2] “Yuksak estetik talablarga javob beradigan. Badiiy did.”; [3] Baland did va mahorat bilan bajarilgan; go’zal, nozik. Badiiy kashta.” (I-tom, 71-bet). Adabiyotdagi intim munosabatlar tavsifi qaysi hollarda “yuksak estetik talablarga javob beradigan” deb topilgani sababli badiiy qiymatga ega bo’lib, pornografiya deb hisoblanmaydi? Qaysi holatlar “baland did va mahorat bilan” tavsiflangan deb topilishi kerak? Ba’zilar uchun jinsiy aloqalarning yoki munosabatlarni tasvirlash hech qanday badiiy ahamiyatga ega emas. Boshqalar uchun esa, ma’lum darajada badiiy ahamiyati bor.
Yuqorida ko’tarilgan savollarga Rustamboyev ekspertiza tayinlashni tavsiya qiladi. Unga ko’ra, material yoki predmetlarning pornografik xarakterga ega ekanligini aniqlash uchun kinotanqid, psixologiya, seksopatologiya, yurisprudensiya va boshqa sohalardagi maxsus mutaxassislar ishtirokida kompleks ekspertiza tayinlanishi lozim (Rustamboyev, II-qism 101-bet).
Endi esa kitobda tavsiflangan jinsiy aloqalar pornografiya deb topildi deb faraz qilaylik. Kimlar jinoiy javobgarlikka tortiladi? Kitob avtorimi? Kitobni nashr etgan mutasaddi shaxsmi? Kitobni sotayotgan kishimi? Rustamboyevga ko’ra, “tayyorlash” deganda narsalarni “yaratish, ishlab chiqarish, yozish va hokazolar bilan birga ularni texnik tayyorlash (ko’paytirish, bosib chiqarish, montaj qilish, yozish, tasvirga ko’chirish va hokazolar)ni ham tushunish lozim.” (Rustamboyev, II-qism, 102-bet).
Kitobning O’zbekiston hududiga kirib kelishiga ruxsat bergan bojxona xodimichi? Ularning xatti-harakatlarini bemalol “tarqatish” deb baholab, jinoiy javobgarlikka tortish mumkinmi?
Shaxsiy maqsadlarda pornografik mahsulotni saqlash va tomosha qilish uchun ushbu modda bilan javobgarlikka tortib bo’lmaydi. Jinoyat Kodeksiga o’zgartirishlar kiritilgandan keyin telefonda pornografik mahsulotlarni saqlamaslik haqida ogohlantiruvchi xabarlar ham chiqdi. Ammo 130-modda faqatgina pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash, yoki O’zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish uchungina jinoiy javobgarlik belgilangan. Rustamboyevga ko’ra, namoyish etish deganda “pornografik buyumlarni mazmuni bilan hech bo’lmaganda bir kishini” tanishtirish tushuniladi (Rustamboyev, II-qism, 102-bet). Demak qo’l telefonida pornografik mahsuloti bo’lgan kishini javobgarlikka tortish uchun uning hech bo’lmaganda telefondagi pornografik mahsulotni bir kishiga ko’rsatganini isbotlash kerak bo’ladi.
Xulosa o’rnida: Pornografiyani taqiqlashda AQSh tajribasi
Pornografiyani ta’riflash va taqiqlash muammolari O’zbekiston qonunchiligiga xos emas, albatta. AQShda pornografik mahsulot nima ekanligini aniqlashda qo’llaniladigan mezonni ishlab chiqish oson kechmagan. 1964-yilda AQSh Oliy Sudi pornografiyani taqiqlash bo’yicha eng mashhur ishni ko’rib chiqqan. Jacobellis v. Ohio nomli ishda Potter Stuart (Potter Stewart) ismli sudya nima pornografik mahsulotu, nima pornografik mahsulot emasligini ajratashda “Ko’rganimda bilaman” (“I know it when I see it”) iborasini ishlatgan. Shu ibora keyinchalik ma’lum muddat boshqa sudlar uchun pornografik mahsulotlar bo’yicha ko’rilgan ishlarda mezon bo’lib xizmat qildi. Sudya Stuart sud e’tibori uchun berilgan kinofilm pornografik mahsulot hisoblanadimi yoqmi, shuni aniqlashda, quyidagicha fikr bildirgan:
– “Men bugun aynan qay turli materiallarni shak-shubhasiz pornografiya deb ta’riflash mumkinligi haqida bosh qotirmayman; balki bu vazifaning uddasidan hech qachon chiqolmayman ham. Lekin ko’rganimda bilaman, va sud e’tiboriga havola etilgan kinofilm pornografiya emas deb hisoblayman.” (“I shall not today attempt further to define the kinds of material I understand to be embraced within that shorthand description [“hard-core pornography”]; and perhaps I could never succeed in intelligibly doing so. But I know it when I see it, and the motion picture involved in this case is not that.”)
Umuman olganda, AQShda pornografiyani taqiqlash “uyatsizlik” (obscenity) tushunchasi atrofida taqiqlanadi. Ammo “uyatsizlik” o’ta sub’yektiv, kishilarning qarashlariga qarab o’zgargani uchun, ba’zilari faqatgina ochiq-oydin pornografiyagina (hard core pornography) taqiqlanadi deyiladi.
Keyinchalik “Ko’rganimda bilaman” mezoni Miller mezoni bilan almashtirildi. 1973-yilda AQSh Oliy Sudi Miller v. California (Miller Kaliforniyaga qarshi) ishini ko’rib chiqdi. Mazkur jinoyat ishida sud materialni pornografiya ekanligini belgilashda 3 faktorga qarashni to’g’ri deb topdi: [1] Material, mahalliy odob-axloq normalarini e’tiborga olganda, kishining shahvatini uyg’otadigan bo’lishi kerak (appeals to prurient interest); [2] Mahsulot jinsiy aloqani tasvirlashi yoki ta’riflashi kerak; va [3] Mahsulotning, umuman olganda, hech qanday jiddiy badiiy, artistik, siyosiy yoki ilmiy qiymati/ahamiyati yo’q bo’lishi kerak.
AQSh umumiy (anglo-sakson) huquq tizimiga mansub bo’lgani uchun, unda sudyalarning qarashlari muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun AQShda, pornografiya nima ekanligini belgilashda, “Ko’rganimda bilaman” yoki Miller mezoni kabi yondashuvlardan foydalansa bo’ladi. O’zbekiston esa fuqarolik (roman-german) huquq tizimiga mansub bo’lgani sababli, sudyalarning qarashlari o’ta cheklangan ahamiyatga ega bo’lib, asosan qonunchilikda nima deb belgilanganligiga e’tibor qaratiladi. Shuning uchun ham bizning huquqiy tizimda huquqiy normalarni ta’riflashda e’htiyotkorlik va aniqlik bilan yondashmoq kerak.
Pornografiyaga qarshi kurashish maqsadida Jinoyat Kodeksiga kiritilgan o’zgartishlar muhim ahamiyatga ega. Ular jamiyatimizda asrlar davomida shakllangan axloqiy va diniy qadriyatlarning muhofaza qilinishiga, jinsiy tajovuz va jinoyatlarning oldi olinishiga, kishilarning jismoniy va ruhiy sog’lomligini ta’minlashga sabab bo’lishi mumkin. “Pornografik mahsulotlar” ta’rifidagi muammolar esa sudlar amaliyoti davomida o’z yechimini topadi deb umid qilamiz.
Yuqorida ta’kidlangani kabi, pornografiya bilan kurashishda jinoiy javobgarlikning o’zi kifoya emas. Davlat, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda, pornografiyaning oldini olish bo’yicha profilaktik ishlarga ham jiddiy e’tibor qaratishi kerak. Bunda asosiy e’tibor fuqarolarning pornografik mahsulotlardan ongli ravishda foydalanmasliklariga qaratilishi kerak. Keng omma orasida pornografik mahsulotlardan foydalanishning ham sog’lom oila qurishda, ham shaxsning ruhiy va jismoniy so’g’lig’iga ta’siri haqida ma’lumot berilishi kerak.