Fuqarolik huquqi

Pochchamni otalik huquqidan mahrum qilish mumkinmi?

Savol: Pochcham opamni o’ldirgani uchun 22 yilga qamalgan. Jiyanlarim dadamning vasiyligida. Pochcham otalikdan mahrum qilinmagan. Jiyanlarimning familiyasini qanday o’zgartirsak bo’ladi?

Javob: Oila kodeksining 79-moddasiga ko’ra, o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin. Bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining Qarori 15-bandida ushbu qoidaga shunday sharh beradi:

“Bolani ota (ona)sining hayoti va sog‘lig‘iga qarshi ota (ona)si tomonidan qasddan jinoyat sodir qilganligi asosiga ko‘ra ota-onalik huquqidan mahrum qilishlik haqidagi ishlarni ko‘rishda bola jinoyat obyekti uning ota (ona)si bo‘lgan hollarda zarar ko‘rishini hisobga olishlari lozim. Bunday asoslarga ko‘ra ota-onalik huquqidan mahrum qilishlikka ham aybdorga nisbatan sudning hukmi bo‘lishi lozim.”

Oila kodeksining 80-moddasiga ko’ra, ota-onalik huquqidan mahrum qilish sud tartibida amalga oshiriladi. Bunday ishlar vasiy da’vosiga ko’ra ochilishi mumkin. Demak, dadangiz pochchangizni otalikdan mahrum qilish to’g’risida da’vo ishi ochishi mumkin. Bunga asos pochchangizning mahkumligi to’g’risidagi sud qarori bo’ladi.

Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin uch kun ichida ushbu qarorning ko‘chirmasini bolaning tug‘ilganligi davlat tomonidan ro‘yxatga olingan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish Qoidalariga ko’ra, voyaga yetmagan shaxsning familiyasi yoki ismini o’zgartirish to’g’risidagi arizani uning vasiyi mahalliy FHDYO bo’limiga berishi mumkin. Demak, jiyanlaringizning familiyasini o’zgartirish uchun dadangiz mahalliy FHDYOga shu haqda ariza berishi kerak.

Arizaga quyidagilarni ilova qiling:

  1. vasiyning arizasi;
  2. bolaning vasiylikka berilganligi to’g’risidagi hujjat;
  3. bola otasining sudlanganligi to’g’risidagi sud qarori;
  4. bo’lsa, otalikdan mahrum qilish to’g’risidagi sud qarori;
  5. bola onasining vafot etganligi to’g’risida ma’lumotnoma;
  6. bolaning 1 dona (3 x 4 o‘lchamli) fotosurati.

Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi ariza 45 kun mobaynida ko‘rib chiqilishi kerak. Bunday turdagi arizalar uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.

Comments are closed.