Savol: Ishdan ajralmagan holda pensiyamni 2009-yil avgustdan beri ololmayman. Muassasa rahbariga bir necha marotaba murojaat qilganimda u buxgalterning kasalligi, otasining vafot etganligi va yana bir necha sabablarni ro’kach qildi. Hozirgi kunda buxgalter bilan yuzma-yuz gaplashib, pensiyamni to’g’rilab bering desam, u ham to’g’rilayapman deydiku, lekin haligacha pensiyadan darak yo’q. Hurmatli adolat! Men qanday yo’l tutay?
Javob: O’zbekiston Respublikasi “Pensiya ta’minoti to’g’risida”gi qonuniga ko’ra, ishlab turgan pensionerlarga pensiyalar ularning ish joyida beriladi. Pensiyani tayinlovchi yoki to‘lovchi organning aybi bilan o‘z vaqtida olinmay qolgan pensiya puli o‘tgan davr uchun muddati cheklanmagan holda to‘lanadi.
“Ishlaydigan pensionerlarga pensiya to’lash” tartibiga ko’ra, ishlovchi pensionerlarga pensiya Moliya Vazirligi qoshidagi nobyudjet Pensiya Fondi tomonidan to’lanadi. Ishlayotgan pensionerlarga pensiya asosiy ish joyidan tugayotgan oy uchun ish haqi bilan bir vaqtda, alohida vedomost bilan to’lanadi. Pensiyalarning o’z vaqtida va to’g’ri to’lanishiga tashkilot, muassasa, idora rahbari mas’ul hisoblanadi. Fond mablag’larining o’z vaqtida va maqsadli to’lanishi mas’uliyatini tashkilot, idora va muassasa o’z bo’yniga oladi. Yuridik shaxs rahbari va bosh hisobchisi Fond mablag’larining to’g’ri taqsimlanishi, to’lanishi va ishlatilishi yuzasidan javobgar bo’ladi.
Mazkur holat yuzasidan siz ishlayotgan muassasa rahbari va bosh buxgalterining mas’uliyatsizligidan norozi bo’lib, uchta joyga shikoyat qilishingiz mumkin:
- Muassasaning yuqori turuvchi organiga;
- Muassasa joylashgan tuman Ijtimoiy ta’minot bo’limiga;
- Muassasa joylashgan tuman prokuraturasiga.
Yuqorida keltirilgan shikoyat qilish manzillarining barchasiga bir paytda shikoyat qilishingiz yoki xohlagan biriga shikoyat qilishingiz ham mumkin.
O’zbekiston Respublikasi “Prokuratura to’g’risida”gi qonunining 23-moddasiga ko’ra, vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar, fuqarolarning o’zini -o’zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarining harbiy qismlari, harbiy tuzilmalari, hokimlar va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan qonunlarning ijro etilishi, shuningdek, ular tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligi nazorat predmeti hisoblanadi. Shunday ekan, mazkur shikoyat bilan tuman prokuraturasiga murojaat qilish mumkin. Odatda, prokuraturaga yo’llangan shikoyatga binoan prokuror shikoyatdagi masalalar yuzasidan javobgar mansabdorga qonun buzilish holatlarini darhol bartaraf qilish haqida talabnoma yuborishi munosabati bilan, prokuraturaga shikoyat qilishdan oldin muassasaning yuqori turuvchi organiga shikoyat qilish tavsiya etiladi.
Shikoyatning bir nusxasini o’zingizda saqlashni unutmang.
3 Comments