Mehnat va jtimoiy ta'minot

Pensiyadan chegirma qilinishi ustidan shikoyat berish mumkinmi?

Norma.uz tahririyatidan: Amaliyotda xato natijasida pensiyadan ortiqcha chegirma qilish hollari uchrab turadi. Bizning materialimiz pensionerlar huquqlarini himoya qilish usullariga bag‘ishlangan.

Vaziyat: Maktab o‘qituvchisi bo‘lgan ayol 2004-yilda yoshga (50 yosh, 25 yildan ortiq maxsus staj) doir imtiyozli pensiyaga  chiqdi. Uning 1982- va 1988-yillarda tug‘ilgan ikki nafar farzandi bor. 2014-yil dekabr oyida 3 yoshga to‘lguncha bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqti, lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan 3 yil ish staji hisobga olinishi asosida uning pensiyasi miqdorini kamaytirishdi (shuningdek ortiqcha to‘langan summani ham chegirma qilishdi).  Modomiki uning farzandi ikki nafar ekan, demakki, ortiqcha summa to‘langan. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limining pensiya va nafaqa tayinlash bo‘yicha komissiyasi o‘z qarorida bu asosni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatdi. Pensioner bunday qarorga rozi bo‘lmay uning ustidan Pensiya jamg‘armasining yuqori bo‘g‘iniga shikoyat berdi. Biroq unga xat orqali berilgan javobda ortiqcha summalar 55 yoshda umumiy belgilangan pensiya yoshiga to‘lganda u yoshga doir imtiyozli pensiyadan oddiy pensiyaga o‘tkazilganligi natijasida yuzaga kelganligi to‘g‘risida ma’lum qilingan. Kim aybdor va nima qilish kerak?

 ADVOKAT SHARHI

Pensiya jamg‘armasi xodimlarining aybi bilan pensiyadan g‘ayriqonuniy qilingan chegirmalar, ular tomonidan ko‘p miqdordagi summaga xato qilinishi keksa kishilar elkasiga og‘irlik bo‘lib tushishi kerak emas. Mansabdor shaxslarning, xato sodir etilgan bo‘lsada, qonunga zid harakatlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin va kerak.

Sanalarga e’tibor qarating

Yoshga doir imtiyozli pensiya (50 yoshda, umumiy belgilangan yoshdan 5 yil oldin pensiyaga chiqish) 2004-yilda tayinlangan, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida” 3.09.1993-yildagi Qonunning 37-moddasi «j» bandiga esa 22.12.2010-yildagi O‘RQ-272-son Qonun bilan o‘zgartirishlar kiritilgan.

37-modda. Ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan mehnat faoliyati turlari

Quyidagilar ish stajiga qo‘shib hisoblanadi:

  1. j) bola 3 yoshga to‘lguncha bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqti, lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan 3 yil.

Qonunchilikka 2010-yilda kiritilgan bu o‘zgartirish ko‘rib chiqilayotgan holatga nisbatan qo‘llanilishi kerak emas, chunki ayol pensiyaga avval, ya’ni 2004-yilda chiqqan.

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida” Qonunning 31-moddasiga[1] asosan  normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Qonunning amal qilishi u amalga kiritilgunga qadar yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan faqat bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonunda ko‘zda tutilgan taqdirdagina tatbiq etiladi.

Agar qonun sodir etilgan paytda javobgarlikka sabab bo‘lmagan yoki yengilroq javobgarlikka sabab bo‘lgan xatti-harakatlar uchun yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligini joriy etishni yoxud kuchaytirishni nazarda tutsa yoxud yuridik va jismoniy shaxslarga moddiy zarar yetkazsa, qonunga orqaga qaytish kuchini berish mumkin emas.

Modomiki “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida” Qonunning[2] (keyingi o‘rinlarda – Qonun) 37-moddasi «j» bandini  o‘zgartirishda qonunning orqaga qaytish kuchiga hech qanday shart yo‘q ekan, binobarin, uni tatbiq etish va shu asosda allaqachon tayinlangan pensiya miqdorini kamaytirish noqonuniy hisoblanadi.

Qarorlar qabul qilish vakolatliligi

Qonunning 65-moddasiga asosan pensiyalardan chegirmalar Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining qaroriga binoan qilinishi mumkin.

Binobarin,  albatta qaror chiqarilishi kerak. Uni qabul qilish uchun vakolatli organ sifatida qonun faqat byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman yoki shahar bo‘limini, ya’ni pensiya ishi yuritiladigan o‘sha bo‘limni belgilagan. Amaliyotda qaror rasmiylashtiriladi.

Bunday qaror pensiyadan chegirma qilish uchun yagona qonuniy hujjat hisoblanadi.

Undan rozi bo‘linmagan holatda aynan shu hujjat ustidan sudga shikoyat beriladi.

Binobarin, agar qaror allaqachon qabul qilingan va unda pensiyadan chegirma qilish uchun muayyan asos keltirilgan bo‘lsa, u holda faqat xat bilan uni bekor qilish mumkin emas.

Hatto xat Pensiya jamg‘armasining yuqori bo‘g‘inidan chiqqan taqdirda ham bunday harakat g‘ayriqonuniy hisoblanadi, chunki bu qaror qabul qilishning lozim bo‘lmagan tartiboti va bunday xat asosida pensiyadan pullarni chegirma qilish mumkin emas.

Kim aybdor va nima qilish kerak?

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, Pensiya jamg‘armasi xodimlarining  harakatlari g‘ayriqonuniy hisoblanadi va bunday qaror ustidan sudga shikoyat berilishi lozim. Bu holatda fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzayotgan mansabdor shaxslarning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat beriladi.

Biroq sud himoyasining boshqa varianti ham bor. Amaliyotda Pensiya jamg‘armasi organlari tomonidan o‘z xatolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozma ravishda tan olishlariga duch kelingan. Qonunning 65-moddasiga havola qilgan holda mansabdor shaxslar jamg‘arma xodimlarining texnik yoki hisobga doir xatolari sababli chegirma qilinishini yozishadi va tan olishadi.

Haqiqatan, qonun hisobga doir yoki boshqa texnik xato qilinganligi oqibatida byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limi qarori asosida chegirma qilinishi imkonini beradi. Lekin bunda aybdor bo‘lgan xodimlar o‘z xatti-harakatlari uchun javobgarlikka tortilishlari kerak.  Ko‘rinadiki, jazoga tortilmaslikka bo‘lgan ishonchlari tufayli ko‘p sonli xatolar sodir bo‘layotir.

O‘zining himoyasi uchun pensioner regress da’vo[3] mexanizmidan foydalanishi mumkin. FKning 1001-moddasi birinchi qismiga muvofiq boshqa shaxs tomonidan etkazilgan zararni to‘lagan shaxs bu shaxsga nisbatan, agar qonunda boshqacha miqdor belgilanmagan bo‘lsa, to‘langan tovon miqdorida qayta talab qilish (regress) huquqiga ega.

Agar pensionerning pensiyasidan Pensiya jamg‘armasi xodimining xatosi tufayli summa chegirma qilingan taqdirda pensioner ushbu summani aybdor xodimdan undirish to‘g‘risida sudga o‘z da’vosini berishga haqli.

Shuni ham e’tiborga olish joizki, regress majburiyatlar bo‘yicha da’vo muddati asosiy majburiyat bajarilgan paytdan o‘ta boshlaydi (FKning 154-moddasi).

Shu bilan birga ham ma’naviy zarar uchun kompensatsiya, ham advokat gonorari[4] xarajatlarini, ham da’vo berishda to‘langan davlat bojini undirib olishga harakat qilib ko‘rish kerak.

 Zumrad NIYAZMETOVA, advokat.

Manba

———————————————————

[1] 2000-yil 14-dekabrdagi (2012-yil 24-dekabrdagi yangi tahriri).

[2] 3.09.1993-yildagi.

[3] Regress da’vo – bu asosiy majburiyat bo‘yicha qarzdorning uchinchi shaxsga uning aybi bilan (uchinchi shaxsning aybi bilan) kreditorga to‘langan pul summasini qaytarish to‘g‘risida qayta talab qilishi. Ya’ni kimdir boshqa shaxs tomonidan keltirilgan zararni qoplagan va endi uni aybdordan undirmoqda.

[4] Hal qiluv qarori qaysi tarafning foydasiga chiqarilgan bo‘lsa, sud shu tarafga ikkinchi tarafdan vakilning yordami uchun to‘lashga ketgan xarajatlarni oqilona miqdorlarda undirib beradi. Agar hal qiluv qaroriga binoan haqli bo‘lib chiqqan tarafga advokat belgilangan tartibga muvofiq bepul yordam ko‘rsatgan bo‘lsa, bu summa boshqa tarafdan advokatlar byurosi (hay’ati, firmasi) foydasiga undiriladi.

Comments are closed.