Savol: Otam 1980-yildan beri Toshkent tumanida shifokor bo’lib ishlaydilar. 55 yoshga 2011-yilning 5-yanvarida to’ladilar. Pensiyaga chiqa olmaydilarmi? 2011-yildan pensiya yoshi erkaklar uchun 60 yosh belgilanibdi. Toshkent tumani bo’lgani uchun imtiyozlar bormi?
Javob: O’zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida”gi qonuniga asosan yoshga doir pensiya olish huquqiga:
erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;
ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.
2011-yildan erkaklar uchun pensiya yoshi 60 yosh deb belgilanibdi, degan gap asossiz, chunki yuqoridagi qonun 1993-yilda qabul qilingan va mazkur qonunda erkaklar uchun yoshga doir pensiya yoshi 60 yosh qilib belgilangan.
Umumiy qoidaga ko’ra, otangiz 60 yoshga to’lganda va mehnat staji kamida 25 yilni tashkil qilganda yoshga doir pensiyaga chiqish huquqi vujudga keladi. Ammo yuqoridagi qonun imtiyozli shartlarda pensiyalarni tayinlash to’g’risidagi qoidalarni ham o’rnatgan bo’lib, 9-moddada umumiy belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, vazifalar va ko‘rsatkichlarning 3-sonli ro‘yxatini ilova qiladi. 12-moddaning “l” bandiga muvofiq umumiy belgilangan yoshni 5 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqi shifokorlar va boshqa tibbiy xodimlar — maxsus ish staji qishloq joyda kamida 25 yil va shaharlarda kamida 30 yil bo‘lgan taqdirda beriladi.
Otangiz Qonunning 12-moddasi “l” bandiga asosan mehnat staji 25 yildan ortiq bo’lganligi uchun 60 yoshga to’lmasdan turib, 55 yoshida pensiyaga imtiyozli shartlar asosida chiqishi mumkin.
2 Comments