Maqolalar, Mehnat va jtimoiy ta'minot

Paxta terimiga chiqish qachon “majburiy mehnat” hisoblanadi?

Majburiy mehnat nima?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mehnat qilish bilan bog’liq bo’lgan asosiy tamoyillarni belgilaydi. Uning 37-moddasiga ko‘ra, har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash huquqiga ega. Mazkur modda davomida majburiy mehnat taqiqlanishi va unga faqatgina qonunda ko’rsatilgan hollardagina ruxsat berilishi aytiladi.

Majburiy mehnat tushunchasiga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 7-moddasi va “Aholini ish bilan ta’minlash” haqidagi Qonunning 2-moddasida ta’rif berilgan. Majburiy mehnat bu biron jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlashdir. Demak, paxta terimi qonunchiligimiz doirasida majburiy mehnat deb hisoblanishi uchun kishi paxta dalasiga “jazo qo’llash tahdidi” ostida chiqayotgan bo’lishi kerak. Paxta terimiga hech qanday tahdidsiz o‘z xohishlariga ko‘ra chiqayotganlar majburiy mehnat qurbonlari hisoblanmaydi. Ammo voyaga yetmaganlarning paxta terimiga hattoki o’z xohishlari bilan chiqishlari ham, qonunchilikka ko’ra, taqiqlangan.

Paxta terimiga chiqish qachon “majburiy mehnat” hisoblanadi?

Biron kishini o‘z ixtiyoriga qarshi mehnat qilishga majbur qiladigan har qanday tahdidni “jazo qo‘llash tahdidi” deb tushunish lozim. Tahdid qilish, ko’pincha, biron huquq va/yoki imtiyozlarni cheklashga qaratilgan bo’ladi. Tahdidlar turli ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Masalan, o‘quvchi-talabalarga nisbatan o‘quv dargohi ma’muriyati yomon baho qo‘yish bilan, sinfdan yoki kursdan qoldirish bilan, kollej yoki universitetdan haydash bilan, stipendiya bermaslik yoki uni paxta terimidan keyinga qoldirish bilan qo‘rqitish mumkin. Davlat idoralari, muassasalari va nodavlat tashkilotlar xodimlariga nisbatan rahbariyati oylik maoshidan qirqib qolish yoki uni olish uchun paxta terimiga chiqishni shart qilish, yillik asosiy ta’til yoki vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri uchun ta’tilni paxta terimi mavsumida bermaslik, xayfsan e’lon qilish yoki boshqa intizomiy jazoga tortish, o‘z o‘rniga mardikor topib paxta terimiga yuborishni talab qilish.

Agar biron kishi, paxta terimiga chiqishdan bosh tortgani natijada yuqoridagi kabi tahdidlarga duchor bo‘lsa, demak, u inson noqonuniy majburiy mehnatga duchor qilinayotgan bo’ladi. 

Comments are closed.