Savol: Pasportimning muddati 11-sentabrda tugagan. Pasport almashtirish qoidalari nimalardan iborat? O’zim Farg’onadanman, lekin Andijonda ro’yxatda turaman. Pasportni Farg’onadan olsam bo’ladimi?
Javob: “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risida”gi nizomda pasport olish uchun fuqaro istiqomat joyidagi ichki ishlar organiga ariza va tegishli hujjatlarni taqdim qilishi lozim, deb yozilgan. Demak, yashab turgan joyingizda doimiy ro’yxatda turmasangiz ham, o’sha joydagi Ichki ishlar bo’limiga pasport almashtirish masalasida murojaat qilishingiz mumkin. Ammo O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini olish chog‘ida ilgari olgan pasportini doimiy istiqomat joyidagi ichki ishlar organiga topshirishga majburdir, deyilgan. Shunday ekan, doimiy ro’yxatdan o’tgan joydagi IIB ga eski parportingizni topshirishingiz kerak.
Pasport almashtirish uchun:
- O‘zbekiston Respublikasi IIV tomonidan belgilangan shakl bo‘yicha ariza;
- ilgari olingan pasport;
- 35×45 millimetr kattalikdagi ikkita oq-qora yoki rangli fotosurat;
- davlat boji to‘langanligi haqida kvitantsiyani IIB ga topshirasiz.
“O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportini va 16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning harakatlanish hujjatini berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko’ra, 15 ish kuni ichida pasport almashtirilib beriladi.
Pasportning amal qilish muddati tugagan paytdan boshlab uch kun muddatda pasport olish yoki uni almashtirish uchun hujjatlarni va fotosuratlarni taqdim etishi kerak. Pasportni almashtirish muddati o’tib ketgan hollarda, ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 223-moddasiga asosan, pasport egasi eng kam oylik ish haqining bir barobaridan uch barobarigacha jarimaga tortilishi mumkin.
Eslatib o’tamiz, 2012-yil 15-dekabr holati bilan O’zbekistonda eng kam oylik ish haqi 79 590 so’m deb belgilangan.
Pasport olishga ariza blankalari va O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizomni amalga oshirishda zarur bo‘lgan boshqa blankalar uchun davlat boji olinmaydi.
One Comment