Savol: Mening guvohnomamda ism sharifim Normurod ibn Husniddin deb yozilgan. Birinchi marta pasport olmoqchiman. Ariza topshirishga borganimda guvohnomani almashtirish kerak deyishdi. Guvohnomani almashtirmasdan pasport olishim mumkinmi?
Javob: Savolda sizdan nima sababdan guvohnomani almashtirishni talab qilishayotgani haqida aniq ma’lumot bermabsiz. Agar ismingiz guvohnomada “Normurod ibn Husniddin” deb yozilganini sabab qilib, uni o’zgartirishni talab qilishayotgan bo’lsa, bunday xatti-harakat amaldagi qonunchilikka ko’ra noqonuniy hisoblanadi.
Tug’ilganlik haqidagi guvohnomada ismingiz “Normurod ibn Husniddin” deb yozilgan bo’lsa, isminginzni pasportga aynan shu ko’rinishda yozdirishga haqlisiz. “Davlat tili haqida”gi Qonunning 15-moddasiga ko’ra, O’zbekistonda yashovchi shaxslar o’z ism va familiyasini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq yozish huquqiga egadirlar.
Muammo shundaki, ismlarni milliy-tarixiy an’analarga ko’ra yozish amaliyotini amalda qanday bajarish bo’yicha yo’l-yoriq, me’yor hamda cheklovlar huquqiy jihatdan tartibga solinmagan. “O’zbekiston Respublikasi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlarida ish yuritish tartibi to’g’risida”gi Yo’riqnomada ham mazkur masalaga aniqlik kiritilmagan. Ammo ushbu mavzuda tushunmovchiliklarning mavjudligi sizga o’z ismingizni dalolatnomada ko’rsatilgani kabi yozdirishingizga to’sqinlik qilishi mumkin emas.
Agar ismingizdagi ibn so’zi arabcha va bu o’zbek milliy-an’anaviy ismlariga to’g’ri kelmaydi, deb e’tiroz bildirishsa, Husniddinov tarzidagi familiyaning yozilishi ham ruscha va bu ham o’zbek an’anaviy milliy ismlariga to’g’ri kelmasligini ayting.
Mazkur holatda siz, avvalo, guvohnomani almashtirish kerakligini aytayotgan mansabdor shaxsdan buning sababini va qonuniy asoslarni so’rab o’rganishingiz kerak. Agar guvohnomani o’zgartirish talabining sababi ismingizning yozilish uslubi bo’lsa, bunday talab, yuqorida aytganimizdek, noqonuniy hisoblanadi. Uning talabi noto’g’ri ekanini yuqorida keltirilgan asoslar bo’yicha tushuntiring. Shunda ham o’z talabidan voz kechmasa, tobelik tartibida yuqori turuvchi organga (Ichki ishlar vazirligi) yoki prokuraturaga shikoyat qilishingiz mumkin. Mazkur choralar samara bermagan taqdirda esa, sudga murojaat qilishingiz mumkin. Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksning 224-moddasiga binoan, pasport tizimi qoidalariga rioya etish qoidalarini buzgan mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.