Xabarlar

“O’zbekistonda xorijiy tillar” nomli elektron jurnal va portal tashkil etiladi

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O’zbekistonda xorijiy tillar” nomli kasbga oid elektron jurnal va internet portalini tashkil etish to’g’risida” qaror chiqardi. Unga ko’ra, respublikada chet tilini o’rganish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida 2014-yilning 1-martiga qadar “O’zbekistonda xorijiy tillar” nomli elektron jurnal va internet portali ishga tushadi.

Elektron manba O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti muassisligida tashkil etilib, uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo’lishi belgilangan:

– xorijiy tillarni o‘rganish va xorijiy filologiya sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot va o‘quv-uslubiy ishlar, innovatsion loyihalar va ularni amaliyotga joriy etish borasida erishilayotgan natijalarni keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilish;

– xorijiy tillarni o‘rganishda xalqlar madaniyati va madaniyatlararo muloqot masalalarini yoritish;

– xorijiy tillarni o‘qitishda zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish, uzluksiz ta’lim tizimi va xalqaro ta’lim dasturlari doirasidagi turli loyihalar natijalarini ommalashtirish;

– yangiliklar va sohaga oid materiallarni yoritib borish.

Bir oy ichida jurnal va portal ustavini ishlab chiqish, uning davriyligini, tahririyat hay’ati va shtat jadvalini belgilash hamda ularning samarali faoliyat yuritishi uchun lozim bo’lgan shart-sharoitlarni yaratish lozimligi belgilangan.

Jurnal va portal faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar homiylik xayriyalari, grantlari, obuna to‘lovlaridan tushadigan mablag‘lar hamda xo‘jalik faoliyatidan olingan mablag‘lar hamda qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga moliyalanishi ko’zda tutilgan.

Jurnal va portal tahririyati O’zbekiston Davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti binosiga (Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Muqimiy ko‘chasi, 104-uy) joylashtiriladi. Tahririyatni kompyuter va kommunikatsiya vositalari, audio, video, tasviriy texnikalar, zarur mebellar bilan to‘liq jihozlash uchun hozirdan 200 mln. so‘m homiylik mablag‘lari ajratilgan.

One Comment