Savol: O’zbekistonda soqol qo’yib yurishga, uning uzun-qisqaligiga chegara bormi? Savolni so’rashimdan maqsad soqol qo’ygan ba’zi bir fuqarolarga militsiya organlari tomonidan tazyiq o’tkazilmoqda. Iltimos, agar cheklov haqida qonun bo’lmasa, soqol qo’ygan inson qanday o’z huquqini himoya qilishi mumkiligi haqida batafsil ma’lumot bersangiz.
Javob: O’zbekiston Respublikasi hududida amalda bo’lgan bironta huquqiy hujjat soqol va mo’ylov qo’yib yurishni yoki ularning uzun-qisqaligini tartibga solmaydi. Amaldagi qonunchilikda soqol qo’yishga to’g’ridan-to’g’ri taqiq bo’lmagani uchun soqol qo’yish noqonuniy hisoblanmaydi.
Agar fuqaro diniy sabablarga ko’ra soqol qo’yayotgan bo’lsa, bu vijdon erkinligi to’g’rsidagi qonunlar bilan tartibga solinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlangan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, vijdon erkinligi fuqarolarning har qanday dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslikdan iborat kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir.
Vijdon erkinligi o’z ichiga kishining biron dinga e’tiqod qilishga yoki e’tiqod etmaslikka, ibodat qilishga, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka, diniy ta’lim olishga bo’lgan huquqini qamrab oladi.
Agar fuqaro diniy sabablarga ko’ra emas, balki moda yoki chiroy uchun soqol yoki mo’ylov qo’yayotgan bo’lsa, bu ham uning haqqi va amaldagi qonunchilik bilan taqiqlanmagan.
Soqol qo’yganingiz uchun militsiya xodimlari tomonidan tazyiq o’tkazilayotgan bo’lsa, mazkur militsiya noziri ustidan yuqori turuvchi organ, ya’ni tuman Ichki ishlar bo’limiga shikoyat qilish lozim. Shikoyatni yozishda unga asos bo’lgan holatlarni aniq tasvirlab, noqonuniy xatti-harakat ro’y bergan vaqt, joy, ishtirok etgan shaxslarning to’liq ismi, guvohlar bo’lsa, ularning to’liq ismi va aloqa uchun ma’lumotlarini va eng muhimi yozma yoki boshqa ko’rinishdagi hujjatlarni keltirish shikoyatingizning tez va ijobiy qondirilishiga asos bo’ladi.
Shuningdek, militsiya xodimi xatti-harakatlari ustidan prokuraturaga shikoyat qilish mumkin. O’zbekiston Respublikasi “Prokuratura to’g’risida”gi Qonunining 23-moddasiga binoan, Prokuror vakolatiga fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari to’g’risidagi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini muhofaza qilish to’g’risidagi qonunlarga rioya etilishini nazorat qilish kiradi. Prokuraturaga shikoyat yo’llamoqchi bo’lsangiz, bevosita o’zingiz yashaydigan tuman prokuraturasiga murojaat qilishingiz mumkin.
Shikoyat tezroq ko’rib chiqilishi uchun, shikoyatni bir vaqtning o’zida 2-3 joyga yuborish maqsadga muvofiq. Masalan, shikoyatning bir nusxasini tegishli yuqori turuvchi ichki ishlar boshqarmasiga, bir nusxasini tegishli prokuratura bo’limiga yuborishingiz mumkin. Bunda davlat organlarining manzillarini shikoyatingizda ketma-ket yozsangiz bo’ladi. Shunda shikoyatni o’qigan mutasaddi shaxs, shikoyat yana boshqa qaysi davlat organlariga yuborilganligini biladi va bu holat uning shikoyat qilayotgan masalalarni tezroq hal qilishiga undaydi.
Agar fuqaroning shikoyati e’tiborsiz qoldirilsa yoki ularga yuqorida ko’rsatilgan muddat ichida javob berilmasa, “Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida”gi qonun buzilgan hisoblanadi va buning uchun mas’ul shaxsni javobgarlikka tortish mumkin. O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksining 43-moddasiga ko’ra, fuqarolarning murojaatlarini ko’rib chiqishni g’ayriqonuniy tarzda rad etganlik, murojaatlarni ko’rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzganlik, asossiz, qonunga zid qaror qabul qilganlik, shuningdek, fuqaroning buzilgan huquqlarini tiklashni, shikoyat munosabati bilan qabul qilingan qarorni real bajarishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.